Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Aprel, 2025   |   23 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:10
Shom
19:13
Xufton
20:32
Bismillah
21 Aprel, 2025, 23 Shavvol, 1446
Maqolalar

Hozirgi ixtiloflar qachon va qandoq kurtakladi?

08.11.2024   5971   9 min.
Hozirgi ixtiloflar qachon va qandoq kurtakladi?

Keyinroq ba’zi yoshlar dinimizni o‘rganishga kirishdilar. Ular o‘zlariga xos sharoitda o‘sgan edilar. Boshqa zamonda, boshqa sharoitda o‘sganlari uchun boshqacha fikrlashlari ham tabiiy bir hol edi. Ular yurtimizga chet ellardan kelib, tahsil olgan ba’zi musulmon yoshlar bilan muloqotda bo‘lib, ba’zi yangi kitoblarni o‘qib, ta’sirlandilar. O‘sha chet ellik musulmon yoshlar albatta dinimizni puxta biladigan olim emas, balki, tolibi ilm bo‘lib turli ijtimoiy, fiqhiy va boshqa oqimlarga mansub edilar. Ular bizning yurtimizdan orttirgan yangi do‘stlariga Hanafiy fiqhidan emas, o‘zlari bilgan islom ta’limotlaridan o‘zlari mansub tashkilot yoki guruh nuqtayi nazaridan so‘zlab berar edilar. Ular keltirgan kitoblar ham bizning odamlar uchun katta yangilik edi. Odatda u kitoblar ma’lum vaqt, ma’lum jamiyat va ma’lum maqsadni ko‘zlab yozilgan bo‘ladi. Hamma vaqt, hamma yurt, hamma xalq va hamma sharoit uchun mos kelavermaydi. Bizda ana o‘sha nozik jihat tushunib yetilmadi yoki tushunib yetishga harakat qilinmadi.
Ikkinchidan, mazkur holatni tushuntirishning imkoni ham yo‘q edi. Islomni o‘rganish mutlaqo man qilingan bo‘lib, hamma narsa yashirincha edi. Bunday holatda kim nima qilayotganini bilmay qolish turgan gap. Shunday qilib, xalq orasida yangi-yangi fikrlar, gap-so‘zlar chiqa boshladi. O‘z-o‘zidan mazkur yangi fikr va gap-so‘zlarga raddiyalar ham yuzaga chiqdi.

Bu orada keksa avlod ulamolari bilan yoshlar o‘rtasida ba’zi bir tushunchalar bo‘yicha kelishmovchiliklar zohir bo‘la bordi. «Vafot etgan musulmonlar uchun xatmi Qur’on qilib savobini bag‘ishlasa, bo‘ladimi yo‘qmi? Birov kelsa, o‘tirganlar o‘rnidan turib kutib olganlari durustmi, turmaganlarimi?» kabi gaplardan boshlangan tortishuvlar asta-sekin ulg‘ayib ketdi. Orada urush-janjallar, bir-birini turli yo‘llar bilan ayblashlar boshlandi. Sen mutaassibsan, sen faloniysan, degan ayblovlar kelib chiqdi. Ustozlar bosh bo‘lgan ixtiloflarga shogirdlar esh bo‘ldilar. Falonchi oq kitob o‘qib mulla bo‘lgan, pistonchi sariq kitob o‘qib mulla bo‘lgan, degan gaplar tarqaldi. Xalqimiz orasida juda oz sonli diniy ilmi bor kishilar ham uchga bo‘lindilar. Birinchi guruh eski uslubni mahkam tutgan kishilardan iborat edi. Ikkinchi guruh esa, yosh mullavachchalar nomi bilan atalar edi. Uchinchi guruh rasmiy ruxsat asosida faoliyat olib boruvchilar deb atalar edilar. Har uchovlarining ham o‘ziga xos xususiyatlari bor edi.


IXTILOFLARNING AVJ OLA BOSHLASHI

Keyin qayta qurish yillari boshlandi. Vijdon erkinligi, diniy hurriyat kabi masalalar ko‘tarildi. Asta-sekin masjid qurishga, diniy ta’limga, diniy adabiyot chop qilishga va boshqa narsalarga imkon tug‘ildi.
Chet ellardan musulmonlar kelishi boshlandi. Shuningdek, xalqimiz ichidan ham ba’zi kishilar boshqa musulmon o‘lkalarga chiqib keldilar. Eng muhimi xalqimiz ommaviy ravishda dinimizni o‘rgana boshladi. Ammo u rejasiz, tartibsiz va tayyorgarliksiz tarzda amalga oshdi. Zotan, boshqa imkon ham yo‘q edi. Natijada juda ham g‘alati bir holat vujudga keldi. Tolibi ilm bor, ustoz yetishmaydi. O‘quvchi bor, kitob yetishmaydi. Masjid bor, imom yetishmaydi. Bu esa, o‘z navbatida ustozlik saviyasida bo‘lmaganlarning ustozlik qilishiga, darslik tariqasida yozilmagan kitobni darslik qilib foydalanishga, imomlikka layoqati yo‘qlarning imomlik qilishiga olib keldi. Bu holat yaxshilikka olib bormasligi tezda ayon bo‘ldi. Saviyasi o‘ziga yarasha bo‘lgan «ustozlar» saviyasi o‘ziga yarasha kitoblarni o‘qib, masala talashishni boshladilar. O‘zlari ilmiy bahs yuritishni bilmaganlaridan, shogirdlarni ishga solishni ma’qul ko‘rdilar. Shundoq qilib arzimagan masalalarda bir olamga tatigulik janjallar kelib chiqdi. Albatta, saviyasi o‘ziga yarasha bo‘lgan imomlar ham jim turmadilar. Ular ham chetda qolmay, ixtiloflarda jonbozlik ko‘rsatdilar.

Chet ellardan kelgan azizlar esa bu bahsga aralashib, dard ustiga chipqon bo‘ldilar. Albatta hammalari emas. Insof ila aytadigan bo‘lsak, chetdan kelgan kishilar ichida yaxshi olimlar ham bor bo‘lib, hamma narsani yaxshi anglab yetishar, o‘ta foydali maslahatlar ham berar edilar. Ammo bundaylari oz bo‘lib, ishlari tig‘izligidan tezda o‘z yurtlariga qaytib ketishar edi. Asosan, o‘z yurtida ish topa olmagan, qulay fursatdan foydalanib, mo‘may daromad topishga hirs qo‘ygan kishilar, sobiq sho‘rolar davlatida o‘qib, o‘z yurtiga qaytib keta olmay yurgan janoblar esa, turli-tuman jamiyat va tashkilotlarning vakili bo‘lib olishgan edi. U janoblarning ko‘plari o‘z yurtlarida omi sanalsalar ham, bizga kelib allomaga aylanib qolishgan edi. Bir dumalab ustozlarning ustoziga aylanib qolgan bu azizlar kelgan yurtlari, kiygan kiyimlari va eng muhimi, diniy qarashlari bilan o‘z atroflariga to‘plangan yoshlarning og‘izlarini lang ochib qo‘yishga harakat qilishar edi. Ularning o‘zlari mehmon bo‘lib turgan yurt musulmonlarining mazhabi, urf-odati, tarixi va boshqa omillari bilan ishlari yo‘q edi. Agar din haqida qayg‘uradigan bo‘lsalar ham o‘zlari xizmatini qilib, maoshini olib turgan toifa, guruh, jamiyat yoki tashkilotni rozi qiladigan diniy qarashlarni oldinga surar edilar. Shundoq tarzda chet eldan kelgan o‘sha azizlar o‘zlari bilan turli-tuman ixtiloflari-yu janjallarini ham olib keldilar. Mazkur ixtilof va janjallarni bizning yurtimizda tarqatishda, ayniqsa, ularning o‘lkamiz bo‘yicha mas’ul qilib tayinlangan chalasavod vakillari alohida jonbozlik ko‘rsatdilar.

Birinchi navbatda kishilarimiz ularga bizdagidan farqli namoz o‘qiyotganlari, «Fotiha» surasidan so‘ng ovoz chiqarib, «omiyn» deyishlari, ruku’ga ketish va qaytish vaqtida qo‘lini ko‘tarishlari, imomning orqasidan pichirlab bir narsalarni o‘qishlari haqida savollar berishar edi. Shunda o‘sha ustozlar biz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlariga amal qilamiz, siz so‘ragan narsalar falon-falon hadislarda kelgan, afsuski, sizlarda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlariga amal qilinmas ekan, sizlarda Abu Hanifaning aytganini qilinar ekan, deb boshlar edilar. Keyin Sunnat nimaligini, unga amal qilish zarurligini, Hanafiy mazhabning «zararlarini» va hokazolarni tushuntirishga o‘tardilar. Atrofdagilar uchun bu gaplarning hammasi yangilik, o‘ta qiziqarli va jozibali edi. Asta-sekin ularga taqlid qilish boshlandi. Bundan keksa namozxonlar albatta, norozi bo‘ldilar. Ular ota-bobolari zamonidan kelayotgan namoz o‘qish uslubini osonlikcha tark qilishlari mahol edi. Shu bilan birga, ular nega «omiyn»ni ovoz chiqarib aytmasliklarini, ruku’da qo‘l ko‘tarmasliklarini, imomning ortidan qiroat qilmasliklarini va boshqa shunga o‘xshash narsalar ham ayni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Sunnatlari ekanini tushuntirib bera olmasdilar. Ular bunga o‘rganmagan edilar. Natijada fiqhiy mazhabga amal qilish boshqa, Qur’on va Sunnatga amal qilish boshqa bo‘lib ko‘rina boshladi. O‘zaro noroziliklar tortishuvlarga, tortishuvlar urush-janjallarga aylana boshladi. Oraga adovat tushdi, turli dushmanliklar bo‘ldi. Oxir-oqibat hozir vasfini qilishga ham tortinib turgan holatimiz yuzaga keldi.

Avval aytib o‘tganimizdek, ushbu satrlarni bitishdan maqsad aybdorni topish emas, bo‘lib o‘tgan hodisalarni birma-bir tahlil qilish ham emas. Birdan bir maqsad musulmonlar o‘rtasida ixtiloflar va kelishmovchilikka sabab bo‘layotgan narsalarni qo‘ldan kelganicha bayon qilib berish xolos. Ammo bu holat bizga mazkur noo‘rin ixtiloflar yuzasidan o‘z-o‘zimizga ba’zi savollarni berib ko‘rishni man etmaydi.

Keling, xolisona bir o‘ylab ko‘raylik. Musulmonlar o‘rtasidan chiqqan ixtiloflardan kim manfaat ko‘rdi? Islom dushmanlari xolos. Musulmonlar-chi, faqatgina zarar ko‘rdilar.

Bizda musulmonlar orasida chiqqan ixtiloflar yangilik edimi? Yo‘q! Bunday ixtiloflar avvallari ham chiqqan. O‘shanda Islom ummatining ulamolari ittifoq qilishib, bu kabi ixtiloflarning oldini olish uchun omma e’tirof etgan fiqhiy mazhablardan biriga ergashmoq lozim, degan qarorga kelgan edilar. Turli ixtiloflardan zahmat chekkan musulmon ummati esa, bu qarorni mamnuniyat ila kutib olib, ijmo’i ummat hosil bo‘lgan edi. Shundoq bo‘lgach, bir xatoni yana takrorlash lozimmidi?
Ushbu masala bir vaqtlar musulmonlar orasida turli ixtiloflarga sabab bo‘lib, ish hatto qurolli to‘qnashuvlargacha borib yetgan edi va axiyri kelib aqida kitoblarimizga bitib qo‘yishgacha majbur bo‘lingan edi.
Siz azizlarning ijozatingiz ila shu yerga kelganda «Ahli sunnat val jamoat» aqidaviy mazhabining eng mo‘tabar kitoblardan bo‘lmish «Sharhi Aqidai Tahoviyya» kitobidan iqtibos keltiramiz.

(Mazkur kitobning talxisini kamina xodimingiz o‘z tilimizga o‘girish baxtiga ham muyassar bo‘ldi. Alloh taolo xalqimiz uchun manfaatli qilsin).


KЕYINGI MAVZULAR:

Ixtilof va tafriqaning turlari;

Musulmonlarning ko‘p ixtiloflari birinchi turga oiddir;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Kvadroberlikning Islom nuqtayi nazaridan bahosi

21.04.2025   845   4 min.
Kvadroberlikning Islom nuqtayi nazaridan bahosi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

1. Kvadroberlik atamasining kelib chiqishi va mazmuni

Kvadroberlik (quadrobics yoki quadrobics lifestyle) ingliz tilidagi "quad" (to‘rt) va "aerobics" (jismoniy mashq) so‘zlaridan tashkil topgan atamadir. Bu submadaniyat to‘rt oyoqlab yurgancha mushuk, it yoki boshqa hayvonlarga taqlid qilish, ularga xos sakrash va harakatlarni bajarish orqali o‘zini ifoda etish shaklidir. Ayrim hollarda bu harakat o‘zini hayvon deb tasavvur qilishga borib yetadi.

Uning paydo bo‘lishi:

2008-yilda yaponiyalik Kenichi Ito maymunlarga taqlid qilib, 100 metrni to‘rt oyoqlab yugurib o‘tganidan keyin e’tiborni tortgan.

2010-yillarda "Animal Flow" nomli sport yo‘nalishi bilan bog‘liq tarzda ommalasha boshlagan.

So‘ngra, TikTok va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar orasida "kvadrober"lar jismoniy mashqlarni, sakrashlarni, maska va kostyumlar kiyishni moda qilganlar.


2. Ijtimoiy va ruhiy oqibatlari

Kvadroberlik tashqi tomondan zararsiz ko‘rinsa-da, uning chuqur ijtimoiy va ruhiy oqibatlari mavjud:

Shaxsiylik inqirozi: Yoshlar o‘zlarini hayvon sifatida ko‘rishga intilishi psixologik nomutanosiblik va shaxsni tan olmaydigan buzilishlarga olib kelishi mumkin.

Ota-ona va jamiyatdan ajralish: Bu submadaniyatni tanlaganlar ko‘pincha real jamiyatdan yiroqlashadi, internetdagi virtual guruhlarga yopishib qoladi.

Normativ qadriyatlarga qarama-qarshilik: Jamiyatda qabul qilingan axloqiy me’yorlarga zid bo‘lgan harakatlar – odamlar oldida itdek yurish, qichqirish, sakrashlar – boshqalarda noqulaylik uyg‘otadi va bu omma orasida tushunmovchilik va ziddiyatlarga sabab bo‘ladi.

Fitna va ijtimoiy xavf: Ayrim holatlarda kvadroberlar odamlar ustiga sakrash, g‘alati tovushlar chiqarish orqali atrofdagilarda qo‘rquv uyg‘otgan holatlar kuzatilgan (masalan, Toshkentda kuzatilgan holatlar).


3. Islom nuqtayi nazaridan bahosi

Islom dini inson sha’nini oliy darajada qadrlaydi. Kvadroberlik esa bu sha’nni pastga tushiruvchi, fitratga zid bo‘lgan xatti-harakatdir.

A) Insonning sha’ni va martabasi

وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آدَمَ

"Biz Odam bolalarini aziz qildik…" (Isro surasi, 70-oyat).

Tafsiri: Imom Tabariy va boshqa mufassirlar bu oyatda insonlarga Alloh tomonidan berilgan sha’n va fazilatlar – aql, to‘g‘ri yo‘riq, nutq, kiyinish qobiliyati, halol rizq kabi ne’matlarni nazarda tutganlar. Bu oyat asosida inson o‘zini hayvonga o‘xshatmasligi lozim, chunki Alloh insonni hayvondan ustun qilgan.


B) O‘zini boshqalarga o‘xshatish (tashabbuh) haqida hadis

"Kim bir qavmga o‘xshasa, u o‘sha qavmdandir" (Abu Dovud, Libos: 4020).

Sharh: Ulamolar bu hadisdagi "tashabbuh" ni faqat diniy emas, balki xulqiy va madaniy jihatdan o‘xshashlik deb izohlaydi. Odam o‘zini hayvonga o‘xshatish orqali aslida insoniy fazilatlarini rad etgan bo‘ladi.


C) Fitratni buzish – harom amallardan biri

وَلَآمُرَنَّهُمْ فَلَيُغَيِّرُنَّ خَلْقَ اللَّهِ

(Shayton dedi:) "Ularni albatta buyuraman, shunda ular Allohning yaratganini o‘zgartiradilar" (Niso surasi, 119-oyat).

Tafsiri: Ibn Kasir rahimahulloh va boshqa mufassirlar bu oyatni fitratni buzish – jinsni o‘zgartirish, tabiiy xulqdan chiqish, o‘zini boshqa mavjudotga o‘xshatish sifatida talqin qilishgan. Kvadroberlik bu ma’noda insoniy fitratni o‘zgartirishga kiradi.


D) Fitna va ijtimoiy xavf

وَالْفِتْنَةُ أَشَدُّ مِنَ الْقَتْلِ

"Fitna qotillikdan battar" (Baqara surasi, 191-oyat).

Tafsiri: Qurtubiy bu oyatdagi "fitna"ni – ijtimoiy notinchlik, odamlar orasida g‘alayon chiqish, ularning tinchini buzish deb tushuntirgan. Jamoat joyida o‘zini hayvon kabi tutish aynan mana shu fitnaga olib keladi.

Kvadroberlik tashqi tomondan zamonaviy "subkultura" bo‘lib ko‘rinsa-da, aslida bu harakat yoshlar orasida insoniylik sha’nini pastga tushiruvchi, fitratni buzuvchi, jamiyatda fitna chiqaruvchi va Islomiy qadriyatlarga ziddir. Ulamolar, tarbiyachilar, ota-onalar bunga qarshi ogoh bo‘lishi, yoshlarni bunday zararli yo‘nalishlardan kelajak avlodlarni ham ogohlantirishi va uzoq tutishi zarur.

Maqolalar