Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni karim insoniyatni hidoyatga boshlovchi Kitob. Alloh taolo O‘zining Kalomini bashariyat ichidan tanlab olgan habib payg‘ambari Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga nozil qildi.
Qur’oni karimdagi har bir sura fazilatli. Lekin ayrim sura va oyatlarning alohida fazilatlari bor. Masalan, zalzala surasi. Ushbu sura Qur’oni karimning yarmiga teng. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Izaa zulzilat surasi Qur’onning yarmiga teng keladi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Zalzala surasi Qur’oni karimning yarmi hisoblanishiga sabab – ushbu surada qiyomatning dahshatlari bayon etilgan. Qur’oni karimning deyarli yarim qismida bu kun haqida ogohlantirilgan.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim “Izaa zulzilatil arzu” (surasi)ni o‘qisa, unga Qur’onning yarmi(ni o‘qiganning) savobi beriladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Zalzala surasi – Madinada nozil bo‘lgan, 8 oyatdan iborat. Suraning nomi uning birinchi oyatidan olingan. Zalzala – “zilzila” degan ma’noni anglatadi. Surada qiyomat qoim bo‘lgandagi zilzila haqida so‘z ketadi. Sura qiyomat kunidagi ba’zi voqealarning vasfi bilan boshlanadi. So‘ng odamlarning qayta tirilishi va hisob-kitob haqida so‘z ketadi.
Davron NURMUHAMMAD
Malayziya 2025 yilgi musulmonlar sayohati reytingida islom davlatlari orasida birinchi o‘rinni egalladi.
Malayziya bu yil “Mastercard-Crescent Rating” global musulmon sayohatlari indeksida birinchi o‘ringa ko‘tarildi, deb yozadi “IQNA” sayti “Travel Dayli media” nashriga tayanib.
Bu yil Malayziya 79 ball to‘plagan holda, yana birinchi o‘rinni egallab, umumjamoa hisobida peshqadamlikni qo‘lga kiritdi.
Saudiya Arabistoni, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari ham 78 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Indoneziya bu yil to‘rt pog‘ona pastlab, 76 ball bilan Qatar bilan beshinchi o‘rinni bo‘lishdi.
Reytingdagi ushbu o‘zgarishlar o‘zgaruvchan global bozor konyunkturasini aks ettiradi. Buning esa o‘sish va raqobat uchun juda muhim ekanligi isbotlangan. Bu yilgi reytingni hisoblab chiqqan ekspertlar fikricha, Malayziyaning islom turizmi yo‘nalishi sifatidagi ko‘rsatkich va mashhurligi so‘nggi o‘n yil ichida barqarorligini saqlab qolmoqda.
Buni mamlakatning ichki va xalqaro sayohatchilarning ehtiyoj va afzalliklariga javob beradigan milliy halol turizm strategiyasini qabul qilish va amalga oshirish usuli bilan bog‘lash mumkin.
Shu maqsadda Malayziya hukumati va xususiy sektori halol sertifikatlash, inklyuziv turizm siyosati va mahalliy an’analar, islom merosi va zamonaviy texnologiyalarni o‘zida mujassam etgan madaniy o‘ziga xosligini mustahkamlashga katta sarmoya kiritdi.
Ilyosxon Ahmedov,
tayyorladi.