Qur’oni karim insoniyatni hidoyatga boshlovchi Kitob. Alloh taolo O‘zining Kalomini bashariyat ichidan tanlab olgan habib payg‘ambari Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga nozil qildi.
Qur’oni karimdagi har bir sura fazilatli. Lekin ayrim sura va oyatlarning alohida fazilatlari bor. Masalan, zalzala surasi. Ushbu sura Qur’oni karimning yarmiga teng. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Izaa zulzilat surasi Qur’onning yarmiga teng keladi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Zalzala surasi Qur’oni karimning yarmi hisoblanishiga sabab – ushbu surada qiyomatning dahshatlari bayon etilgan. Qur’oni karimning deyarli yarim qismida bu kun haqida ogohlantirilgan.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim “Izaa zulzilatil arzu” (surasi)ni o‘qisa, unga Qur’onning yarmi(ni o‘qiganning) savobi beriladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Zalzala surasi – Madinada nozil bo‘lgan, 8 oyatdan iborat. Suraning nomi uning birinchi oyatidan olingan. Zalzala – “zilzila” degan ma’noni anglatadi. Surada qiyomat qoim bo‘lgandagi zilzila haqida so‘z ketadi. Sura qiyomat kunidagi ba’zi voqealarning vasfi bilan boshlanadi. So‘ng odamlarning qayta tirilishi va hisob-kitob haqida so‘z ketadi.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV