Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنِ الْحَسَنِ، فِي الرَّجُلِ يَكُونُ لَهُ وَالِدَانِ، أَيَخْرُجُ لِلتِّجَارَةِ؟ قَالَ: إِنْ كَانَتْ لَهُ مِنْهَا مَنْدُوحَةٌ فَلَا يَخْرُجُ.
Hasandan rivoyat qilinadi: «Bir odamning ota-onasi bor. U tijoratga chiqadimi?» (deb so‘rashdi). U: «Agar o‘shani qilmaslik imkoni bo‘lsa, chiqmasin», dedi».
Sharh: O‘sha vaqtlarda odamlar oylab tijorat safarida yurishgan. Karvonlarga mollarini ortib, Shomga olib borib sotar, u yerdan yana boshqa narsalarni olib qaytishar edi.
«Ota-onasi bor odam ularni tashlab, tijoratga ketsa bo‘ladimi?» degan savolga imom Hasan Basriy shunday javob aytibdilar: «Agar o‘sha tijoratni qilmasa ham kuni o‘tadigan bo‘lsa, bormagani yaxshi».
Tijorat ortiqcha zebu ziynat uchun mol ishlash maqsadida bo‘ladigan bo‘lsa, unga bormay qo‘yaversin. Ota-onasining xizmatini qilsin, duosini olsin. Ana shuning o‘zi ziyoda mol topishdan ko‘ra yaxshi.
عَنِ الزُّهْرِيِّ قَالَ: بَلَغَنَا أَنَّ أَبَا هُرَيْرَةَ لَمْ يَكُنْ يَحُجُّ حَتَّى مَاتَتْ أُمُّهُ لِصُحْبَتِهَا.
Zuhriydan rivoyat qilinadi: «Bizga aytilishicha, Abu Hurayra onasining suhbati uchun u vafot etgunicha haj qilmagan».
Sharh: Abu Hurayra roziyallohu anhu onalarini behad hurmat qilib, «Onajonimning suhbatlarini topay, xizmatlarini qilay», deb haj ham qilmaganlar. Onalari vafot etganidan keyingina haj qilganlar. Bu ulug‘ sahobiyning onaga bo‘lgan hurmati. Hattoki hajni ham keyinroqqa qoldirib, onajonimning xizmatidan qolmay, u kishining suhbatidan mahrum bo‘lmay deb, fidoyilik qilganlar.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، جِئْتُ أُبَايِعُكَ عَلَى الْهِجْرَةِ، وَقَدْ تَرَكْتُ أَبَوَايَ يَبْكِيَانِ. قَالَ: «فَارْجِعْ إِلَيْهِمَا، فَأَضْحِكْهُمَا كَمَا أَبْكَيْتَهُمَا».
Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: «Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, «Ey Allohning Rasuli, huzuringizga hijratga bay’at qilgani keldim. Ota-onamni yig‘lagan hollarida tashlab keldim», dedi.
«Ikkovlarining huzuriga qayt! Ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, shunday kuldir», dedilar».
Sharh: Demak, hijratga chiqish ma’nosida ham ota-onaning ruxsati zarur ekan. Ularni norozi qilib, hijratga ketishga farzandning haqqi yo‘q ekan. Shuning uchun Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam hattoki hijratga otlangan sahobalarining ham ota-onalari norozi bo‘lganlarining xabarini eshitganlaridan so‘ng ularni tezda orqaga qaytishga, ota-onasini xursand qilishga, ularga itoat etishga buyurgan ekanlar.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يُبَايِعُهُ عَلَى الْهِجْرَةِ، فَقَالَ: مَا جِئْتُ حَتَّى أَبْكَيْتُ أَبَوَايَ. قَالَ: «فَارْجِعْ إِلَيْهِمَا فَأَضْحِكْهِمَا».
Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga hijrat uchun bay’at qilgani keldi va: «Ota-onamni yig‘laganicha qoldirib keldim», dedi.
«Ularning oldiga qayt! Ularni kuldir!» dedilar».
Sharh: Bu hadisi sharif ham avvalgi rivoyatga o‘xshar ekan. «Bir odam kelib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga hijrat haqida bay’at qilmoqchi bo‘ldi», deydilar roviy. Lekin gapining ichida: «Men kelayotib, ota-onamni yig‘latib keldim», dedi. «Yo‘q, orqangga qayt, borib, ularni kuldirgin», dedilar Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو قَالَ: أَتَى النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ رَجُلٌ فَقَالَ: جِئْتُكَ لِأُبَايِعَكَ عَلَى الْهِجْرَةِ، وَقَدْ تَرَكْتُ أَبَوَايَ يَبْكِيَانِ. قَالَ: «ارْجِعْ إِلَيْهِمَا، فَأَضْحِكْهُمَا كَمَا أَبْكَيْتَهُمَا».
Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: «Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, «Ey Allohning Rasuli, huzuringizga hijratga bay’at qilgani keldim. Ota-onamni yig‘lagan hollarida tashlab keldim», dedi.
«Ularga qayt! Ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, shunday qilib kuldir», dedilar».
Sharh: Bu hadisi sharif avval ham kelgan. Lekin ta’kid uchun yana keltirilyapti. Chunki uni boshqa odamlar ham rivoyat qilishgan.
Bir odam kelib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «Men sizga hijrat uchun bay’at qilgani keldim. Lekin ota-onam yig‘lab qoldilar», dedi. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam mazkur sahobaga: «Ota-onangning oldiga bor, ularni kuldirgin», deb farmon berdilar.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.
00:00 Xabarlar
00:56 “Network News Pakistan”: 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi
01:25 “Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan
01:57 Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi
04:45 Toshkentda Malayziya xalqaro halol ko‘rgazmasi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda
05:20 Har bir xonadonga bayramona kayfiyat kirib bormoqda
06:00 Istiqlol shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda
06:34 Xonadonlarga mehr, ko‘ngillarga umid ulashib...
07:08 Bir guruh imom-xatiblar Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lishdi
07:43 Xorazmda yangi o‘quv yili oldidan xayriya tadbiri o‘tkazildi
#yangiliklar
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
ISHONCHLI VA RASMIY MANBA
YouTube | Instagram | Facebook