Respublikamizda imom-xatiblar faoliyatini yanada takomillashtirish, bugungi globallashuv davrida Vatan ravnaqi yo‘lida xizmatlari hamda yoshlarimizning turli yot buzg‘unchi toifalarning ta’siridan himoyalanishida targ‘ibot-tashviqot ishlari samaradorligini yanada oshirish maqsadida har yili “Yil imomi” ko‘rik tanlovi o‘tkaziladi.
Tanlovni o‘tkazishdan qanday maqsad ko‘zlangan?
anlovning maqsadi bugungi taraqqiyot talablariga javob beradigan, kuchli ilmiy salohiyatga ega, yuqori kasbiy mahorat sohibi bo‘lgan, ilg‘or fikrli, zamonaviy axborot texnologiyalaridan unumli foydalana oladigan, diniy-ma’rifiy soha targ‘ibotchisi bo‘lgan faol imomlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Tanlovning vazifalari nimalardan iborat?
anlovning bir qancha vazifalari mavjud. Ulardan ayrimlari: tuman, shahar, viloyatlarning chekka va olis hududlarida faol mehnat qilayotgan, o‘z ishiga sadoqat bilan yondoshib, jonbozlik ko‘rsatayotgan imomlarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, aholining turli qatlamlari orasiga kirib borib, mavjud muammolarni bartaraf etishda alohida jonbozlik ko‘rsatayotgan imomlarni aniqlash hamda imom-xatiblar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, tajriba almashinishni yo‘lga qo‘yish va boshqalar.
Tanlov necha bosqichda o‘tkaziladi?
Tanlov uch bosqichda bo‘lib o‘tadi:
tuman (shahar) bosqichi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi;
Respublika bosqichi.
Respublika bosqichida qanday shartlar bo‘ladi?
Respublika bosqichi 7 turdan iborat bo‘lib, 1-turda qiroat va tafsir,
2-turda aqoid, 3-turda fiqh, 4-turda islom tarixi, 5-turda hadis ilmlari, 6-turda Movarounnahr allomalari hayoti va ijodi oid savollar hamda 7-turda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlari asosida baholanadi.
Tanlovda eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchi "Yil imomi" ko‘rik tanlovining mutlaq g‘olibi sifatida e’tirof etiladi.
G‘oliblar uchun qanday mukofotlar beriladi?
1-o‘rin sohibi I darajali diplom va Haj ziyoratiga yo‘llanma;
2-o‘rin sohibi II darajali diplom va bazaviy hisoblash mikdorining 45 baravari mikdorida pul mablag‘i;
3-o‘rin sohibi III darajali diplom va bazaviy hisoblash miqdorining 35 baravari mikdorida pul mablag‘i mukofoti bilan taqdiralanadi.
Shuningdek, tanlov g‘oliblari va ishtirokchilariga homiylik mablag‘lari hisobidan qimmatbaho sovg‘alar taqdim etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.
IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.
Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.
Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.
Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.
Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati