Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Noyabr, 2026   |   28 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:42
Quyosh
07:02
Peshin
12:12
Asr
15:29
Shom
17:14
Xufton
18:29
Bismillah
08 Noyabr, 2026, 28 Jumadul avval, 1448

Zinoning 3 zarari

13.11.2024   10518   4 min.
Zinoning 3 zarari

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday ogoh etadi:

وَلَا تَقْرَبُوا الزِنَحَ إِنَّهُ كَانَ فَاحِشَةً وَسَاءَ سَبِيلًا 

«Zinoga aslo yaqinlashmang. Shubhasiz, u fahsh va eng yomon yo‘ldir» (Isro surasi, 32-oyat).

Zinoda uchta – shar’iy, ijtimoiy va aqliy qabohat jam bo‘lgan. Shuning uchun ham unga yaqin borish, uning sabablarini yuzaga keltirish qattiq man qilinyapti.

Haqiqat shuki, jamiyatning fasodi va izdan chiqishida zinoning ta’siri juda katta. Buzuqlik yaxshi axloq va madaniyatning asosiga nish uradi. Iffat va pokizalik mahkam turgan vaqtdagina jamiyat mustahkam bo‘ladi.

Solih jamiyatning asosi solih xonadondir. Solih xonadon yaxshi fitriy hislar bilan birga, toza qon, toza nasab va pok qarindoshlik asosiga qoim bo‘ladi. Agar unday bo‘lmasa, xonadon emas, balki fitriy, ma’naviy hislardan butkul mahrum hayvonlarning galasiga aylanadi. Qur’oni Karim zinoning zararlari kattaligi tufayli unga ko‘p ahamiyat bergan va shunday lafzlar ila man qilganki, u lafzlar buzuqlikning barcha yo‘llari va sabablariga to‘siq bo‘ladi.

Alloma Ibn Qayyim rahmatullohi alayh bunday deydilar: «Zino fasodlar va jinoyatlarning eng boshida turadi. U tufayli ommaviy intizom barbod bo‘ladi».

Zino sababidan nasab, iffat va poklikni saqlab bo‘lmaydi. O‘zaro adovat va fasod kuchayib boradi. Ayni shu sababdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni katta gunohlardan deb sanaganlar.

Imomi Ahmad rahmatullohi alayh shunday deydilar: «Birovni sababsiz o‘ldirishdan keyingi eng katta gunoh zinodir».

Zino barcha yomonliklarning o‘chog‘idir. U din, yaxshilik, isloh va taqvo – barchasiga zarar yetkazadi. Zinokor odam dindor bo‘lolmaydi, taqvodor, sodiq, vafodor, rashkli va omonatdor ham bo‘lolmaydi. Zino bilan bevafolik, dayuslik, yolg‘on, xiyonat va behayolik chambarchas bog‘liqdir. Inson qalbiga, dindorligiga zarar yetkazishda, Alloxdan va yaxshiliklardan uzoq qilishda shirkdan keyin zino turadi. Kur’onda zinokorlar «xobis» (nopok) deb hukm qilingan. Inson qalbini barbod qilish va tavhid asoslarini qulatishda zinoning ta’siri katta ekani ochiq-oydin bayon qilingan. Zino va yarim yalang‘ochlik odati insonni iymon va Allohning rahmatidan uzoq qilib qo‘yadi.

Zino naqadar og‘ir gunoh ekanini Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahoba va sahobiyalardan bay’at olganlarida, zinodan saqlanish ahdini ham olganlaridan bilish mumkin. Qur’oni Karimda bunday deyiladi: «Ey Nabiy! Agar mo‘minalar senga Allohga hech narsani shirk keltirmaslik, o‘g‘rilik qilmaslik, zino qilmaslik, farzandlarini o‘ldirmaslik, qo‘llari va oyoqlari orasidan bo‘hton to‘qib keltirmaslik va senga ma’rufda isyon qilmaslikka bay’at qilib kelsalar, ularning bay’atlarini qabul qil. Va Allohdan ular uchun mag‘firat so‘ra. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir» (Mumtahana surasi, 12-oyat).

Hazrati Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Sahobalarning bir jamoasidan Nabiy sollallohu alayhi vasallam bay’at qabul qildilar va shirk keltirmaslik, o‘g‘irlik qilmaslik, zino qilmaslik, farzandlarini qatl etmaslik, bo‘hton qilmaslik va itoatsizlik qilmaslikka ochiq-oydin ahd oldilar» («Mishkotul masobiyh»).

Hazrati Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo aytadilarki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobai kiromlarga bunday dedilar: «Men sizlardan shirk keltirmaslik, Alloh mukarram qilgan biror jonni o‘ldirmaslik, zino qilmaslik, xamr ichmaslik sharti ila bay’at qabul qilaman. Kim bu gunohlardan birortasini qilmasa, men uning uchun jannat kafolatini beraman» («Sahihi Muslim»).

Hazrati Umayma binti Ruqayqa roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Men sendan shirk keltirmaslik, farzandlaringni o‘ldirmaslik, biror bo‘hton to‘qib keltirmaslik, azada diydiyo qilmaslik, johiliyatdagi kabi ziynatlaringni namoyon etmaslik sharti ila bay’at qabul qilaman», dedilar («Musnadi Ahmad»).

Bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Men sizlarga eng ko‘p qo‘rqadigan narsa zinodir», dedilar. Chunki zino la’natga mubtalo bo‘lishdir («At targ‘ibu vat tarhib»).

«Badnazarlik va zinodan saqlanish» kitobi asosida tayyorlandi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Haj – 2027”: O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistonidagi nufuzli anjumanda ishtirok etadi

06.11.2026   75103   1 min.
“Haj – 2027”: O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistonidagi nufuzli anjumanda ishtirok etadi

Shu yilning 7–11 noyabr kunlari O‘zbekistonning delegatsiyasi Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Haj xizmatlari xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasida qatnashadi. Shuningdek, muborak safarni yuqori darajada o‘tkazish bilan bog‘liq vazifalar yuzasidan ikki tomonlama muzokaralar olib boriladi.

Mazkur delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zakirov, “Haj” va “Umra” bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda bir qator soha mutaxassislari o‘rin olgan.

Ushbu anjumanning asosiy o‘ziga xosligi — ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqishdir. Xususan, tadbirda haj safarini tashkil etishda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt imkoniyatlari va ilg‘or innovatsion loyihalar taqdimoti o‘tkazilishi kutilmoqda.

Safar davomida «Haj–2027» mavsumini yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida delegatsiyamiz tomonidan bir qator muhim vazifalar amalga oshiriladi:

Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi rahbariyati bilan bo‘lajak mavsumga puxta hozirlik ko‘rish yuzasidan muzokaralar olib borish;

Bo‘lg‘usi hojilarimiz uchun mo‘ljallangan mehmonxonalar va transport xizmatlarining sifatini bevosita ko‘zdan kechirish;

Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida ziyoratchilarga yaratiladigan shart-sharoitlar va xizmat ko‘rsatish holatini o‘rganish;

Haj jarayonlariga mas’ul bo‘lgan boshqa hamkor idoralar bilan o‘zaro aloqalarni muhokama qilish va mustahkamlash;

Haj safarini tashkil etishdagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv-seminarlarida ishtirok etish.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari