Bismillahir Rohmanir Rohiym
Cavol: Hajarul asvad ro‘parasida qo‘l qay shaklda ko‘tariladi. Odamlarda har xilini ko‘ramiz. Aslida qanday bo‘lishi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Tavofni boshlashda Hajarul asvadni istilom qilish (o‘pish yo silash) sunnat hisoblanadi.
Istilom agar hech kimga va o‘ziga ham aziyat bermaydigan bo‘lsa, Hajarul asvadni o‘pish bilan bo‘ladi. Buning imkoni bo‘lmasa, qo‘li bilan ushlaydi va qo‘lini o‘padi. Bunga ham imkon bo‘lmasa, hassaga o‘xshash biror narsani Hajarul asvadni tekkizib, o‘shani o‘padi. Agar uning ham iloji bo‘lmasa, uzoqdan turib, ikki qo‘lini xuddi namozga takbir aytib qo‘l ko‘tarayotgandek ko‘tarib, bismillah, takbir (Allohu akbar), tahlil (Laa ilaha illalloh), hamd (Alhamdulillah) va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytadi. Ba’zi ulamolar bundan keyin ikki kaftini o‘padi deyishgan.
“Irshodus soriy” kitobida istilomning sifati to‘liq aytilib, uzoqdan turib, istilom qilishni quyidagicha tushuntirilgan: “Hajarul asvadga yuzlanib, Allohu akbar deyish vaqtida ikki qo‘lini yelkasi yoki quloqlari barobariga ko‘taradi. Namozda ko‘targandek ko‘taradi. Ikki kaftini hajarul asvadga qaratadi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Shayx Nuriddin Xoliqnazar tashabbuslari bilan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyati va qoziyotga qarashli barcha masjid imom-xatiblari tomonidan nuroniy keksalar, mehnat faxriylari hamda yordamga muhtoj oilalarning holidan xabar olindi. Tadbir doirasida muhtoj oilalarning turmushini yengillashtirish maqsadida bir oilaga zamonaviy quyosh paneli o‘rnatib berilib, qo‘shimcha bayram sovg‘alari topshirildi. Bunday xayriya tashabbuslari jamiyatda o‘zaro ahillik, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti