#yil_imomi #tanlov
Bugun, 13 noyabr kuni Respublikamiz masjidlarida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va noiblar ishtirokida intiqib kutilgan “Yil imomi – 2024” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 nafar imom domla o‘zaro bellashdi.
Nufuzli musobaqa ishtirokchilari Qur’oni karim qiroati va tafsiri, aqida, fiqh, Islom tarixi, hadis ilmlari, allomalar ijodiga oid savollarga javob berdilar. Shuningdek, mehnat faoliyatlari davomida amalga oshirgan salmoqli ishlari va OAVlarida e’lon qilingan ijodlarini namoyish etdilar.
Qatnashchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan mezonlar asosida baholandi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, quyidagi ishtirokchilar sovrinli o‘rinlarga munosib deb topildi:
1-o‘rin – Namangan viloyati “Homiddin qori” jome masjidi imom-xatibi Muhammad Bobir domla Nasriddinovga I darajali diplom va Haj safari yo‘llanmasi;
2-o‘rin – Toshkent shahridagi “Firdavs” jome masjidi imom-xatibi Baxtiyor domla Sattorovga II darajali diplom va 16 mln. so‘m pul mukofoti;
3-o‘rin – Toshkent viloyati “Chanoq” jome masjidi imom-xatibi Yoqub domla Buxarbayevga III darajali diplom va 13 mln. so‘m pul mukofoti topshirildi.
Shuningdek, tanlovning "Yilning eng fidoiy imomi" Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Mulla Is'hoq” jome masjidi imom-xatibi Altinbek domla Zinullayev va Xorazm viloyati “Mirhoshim bobo” jome masjidi imom-xatibi Ollabergan domla G‘oyipovga nasib etdi.
Musobaqa yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “Yil imomi – 2024” sohibiga Haj yo‘llanmasini topshirish asnosida ezgu tilak va xayrli duolarni bildirdilar.
Tanlovning barcha ishtirokchilariga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.
Alloh taolo g‘oliblarga mukofotlarni muborak aylab, barcha ishtirokchilarning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
MUSLIM.UZ
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Jizzax viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Botirxon domla Ro‘ziyevning padari buzrukvorlari Joniqul otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Botirxon domla Ro‘ziyevga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz