Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Sentabr, 2026   |   28 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:37
Quyosh
05:58
Peshin
12:20
Asr
16:49
Shom
18:45
Xufton
20:02
Bismillah
10 Sentabr, 2026, 28 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Juft tanlashdagi mezon

14.11.2024   8323   1 min.
Juft tanlashdagi mezon

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: “Ayol kishi to‘rt narsasi uchun nikohlaniladi: moli, nasl-nasabi, jamoli va dini uchun. Bas, dindorini tanla, qo‘ling tuproqqa belangur (“baraka topgur”)!” (Muttafaqun alayh)

Ya’ni, erkakni nikohga rag‘batlantiradigan narsa ayoldagi to‘rt xislatdir. Erkak ayoldagi mazkur xislatlardan istaganini ko‘zlab nikohlanishi mumkin. Lekin dindorini tanlash afzaldir. 

Ushbu hadisda qanday umr yo‘ldosh tanlash masalasi bayon qilinmoqda. Zero, inson bu masalada ko‘pincha ikkilanib qoladi. Bu borada mo‘min kishi uchun mezon dindorlik bo‘lishi kerak. Chunki uns-ulfatlikda odamlar bir-birlariga ta’sir o‘tkazadilar. Yaxshi hamroh bilan safarning mashaqqati kamayganidek, yaxshi umr yo‘ldosh bilan hayotning mashaqqatlari yengil kechadi. Mo‘min kishi dindor ayolni tanlasa, u bilan ko‘p masalalarda, ayniqsa, diniy masalalarda o‘zaro murosa qila oladi. Shuning uchun Nabiy alayhissalom dindorini tanlashga buyurmoqdalar.


Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ayollarga husni uchun uylanmanglar, ehtimol, husni ularni halok qilar. Ularga mol-davlati uchun ham uylanmanglar, ehtimol, mollari ularni tug‘yonga ketkazar. Ammo dinlari uchun uylaninglar. Albatta, burni kesik, qulog‘i teshik dindor qora cho‘ri (dini yo‘q hur ayoldan) yaxshidir”, deganlar (Imom Ibn Moja rivoyati).


Shuningdek, naslu nasabdagi tenglikka ham rioya qilish mustahabdir. Zero, bu omil ham oilaning tinch-totuv bo‘lishi, bir-birlariga nisbatan hurmat-ehtiromni davom ettirishiga sezilarli darajada ta’sir qiladi. Ammo yo dindorini, yo nasl-nasabi tengini tanlashga to‘g‘ri kelsa, albatta, dindori muqaddam qo‘yiladi. 


Azizbek XOLNAZAROV 
tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Indoneziya Haj va Umra vaziri Buxoroga tashrif buyurdi

10.09.2026   7785   1 min.
Indoneziya Haj va Umra vaziri Buxoroga tashrif buyurdi

7–8 sentabr kunlari Indoneziya Haj va Umra vaziri Muhammad Irfon Yusuf boshchiligidagi delegatsiya Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.

Mehmonlarni temir yo‘l vokzalida viloyat hokimi o‘rinbosari B.Shahriyorov, A.Qalandarovlar boshchiligidagi mutasaddilar kutib oldi.

Hokim o‘rinbosari B.Shahriyorov, A.Qalandarov , turizm boshqarmasi boshlig‘i A.Rajabov va bosh imom-xatib J.Elov ishtirokidagi uchrashuvda Buxoroning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, muqaddas qadamjolar va allomalar merosini targ‘ib qilish, ziyoratchilar oqimini oshirish hamda yangi ziyorat turizmi yo‘nalishlarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Jakarta–Buxoro yo‘nalishida charter va to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Imom al-Buxoriy, Abduxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband merosini Indoneziyada targ‘ib qilish maqsadida Jakartadagi oliy ta’lim muassasalari va turistik kompaniyalarda ma’ruza hamda targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish taklif qilindi.

Delegatsiya Bahouddin Naqshband majmuasi va Buxoroning tarixiy markazlari bilan tanishib, shaharning ziyorat turizmi salohiyati haqida ma’lumot oldi.

Tashrif — Buxoro va Indoneziya o‘rtasidagi ziyorat turizmi, diniy-ma’rifiy hamda madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari