Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bomdod namozini o‘qigandan keyin Alloh taologa quyidagicha duo qiling: «Allohim! Mana yana bir kunning tongi otdi, men ham dunyodan o‘tyapman. Allohim! Fazlu karaming ila bu kunning lahzalarini to‘g‘ri sarflashga tavfiq ato qil, biror soat behuda ketmasin. Kunim yaxshi ishlarga sarf bo‘lsin...» va hokazo.
Hadisi sharifda keladiki, har quyosh chiqqanida, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ushbu duoni o‘qir edilar:
الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي أَقَالَنَا يَوْمَنَا هَذَا وَلَمْ يُهْلِكْنَا بِذُنُوبِنَا
«Bu kunni bizlarga qayta ato qilgan va bizlarni gunohlarimiz sababli halok qilmagan Allohga hamd bo‘lsin» (Imom Muslim rivoyati).
Har kunning quyoshi chiqar vaqt Nabiy sollallohu alayhi vasallam shu kalimalarni o‘qir edilar. Buning ma’nosi shuki, «bu kun bizga nasib qilmasligi va bu kundan oldinroq biz gunohlarimiz sababli halok qilinishimiz mumkin edi. Lekin Alloh taolo fazlu karami ila bizlarni halok qilmadi va bu kunni qayta ato qildi».
Xullas, har bir yangi kun Alloh taoloning ne’mati ekanini qalbdan his etish lozim.
Mazkur duo orqali Nabiy sollallohu alayhi vasallam har bir kunning qadriga yetishni ta’lim bermoqdalar, kechagi gunohlarimiz sabab halok qilinishimiz mumkinligini, lekin Alloh taolo O‘z fazlu karami ila bizga hayot ato qilganini eslatmoqdalar. Demak, bizga ato etilgan yangi kun – yangi imkon, yangi fursat ekanini anglagan holda, uni foydali ishlarga sarf qilmoq lozim...
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan
Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Sayyid Yahyo Bokuviyning boy ma’naviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning yopilish marosimi ramziy ma’noga ega bo‘lgan tarixiy Ag‘dam shahrida o‘tkazildi. Unda turkiy davlatlar, arab-musulmon mamlakatlari diniy peshvolari, ulamolar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugungi murakkab davrda tinchlik va hurlik eng bebaho ne’mat ekanini alohida ta’kidlab, ummat birligi, hamjihatlik va diniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash zaruratiga to‘xtaldilar. Shuningdek, davlat Rahbarlari o‘rtasidagi samimiy birodarlik va oliy darajadagi o‘zaro tashriflar xalqlarimiz tarixida yangi sahifa ochganini e’tirof etdilar.
Yig‘ilishda Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda ham so‘zga chiqib, yaqinda bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon yetakchisining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va imzolangan "Abadiy do‘stlik shartnomasi" qardoshlik munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi.
Anjuman yakunida Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda janoblarining taklifiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilganlar va butun islom ummati haqqiga xayrli duolar qildilar. Muftiy hazratlari o‘z duolarida el-yurtlarimiz tinchligi, mamlakatlarimiz farovonligi hamda anjumanda ko‘tarilgan muhim masalalar musulmonlar va butun ummat manfaati uchun xizmat qilishini Haq taolodan so‘radilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati