Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
O‘zimizga bir savol berib ko‘raylik. Mazhabda biz Abu Hanifaning so‘ziga suyanamizmi yoki mazhabdagi murajjih (ya’ni ixtilofli masalalarning biri ikkinchisidan ustun ekanini bayon qilgan) ulamolarning so‘zigami?
Javob: Mazhabdagi murajjih ulamolarning so‘ziga.
Ibn Obidin «Rosmul-muftiy»da mazhab ichidagi mujtahidlarning gapini olishimiz kerak, deb qaror qilgan, ya’ni agar ulamolar Abu Hanifaning so‘zini ma’qullashsa, shuni olamiz. Agar boshqasini tarjih qilishsa, shunga yuriladi. Mana shulardan tezkor xulosa qilishimiz mumkinki, biz, ya’ni Ahli sunna shaxsga taqlid qilmaymiz, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan boshqalar ma’sum emas. Hatto sahoba ham xato qilishi mumkin, Abu Hanifa ham xato qilishi mumkin, hamma xato qilishi mumkin. Shunday ekan, kuchli yo‘l turib, nega xato qilish chegarasiga kirish kerak?
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
Sayyor yig‘ilish
Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati