Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, shuningdek, olimlar, milliy madaniyat markazlari, turli konfessiya yetakchilari, etnik-madaniy birlashmalar va talabalar ishtirok etdi.
Shu bilan birga, AQSH, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Malayziya, Portugaliya, Armaniston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Qozog‘iston kabi davlatlardan kelgan soha mutaxassislari, YUNЕSKOning O‘zbekistondagi vakolatxona xodimlari, diplomatik korpus vakillari qatnashdi.
Anjuman avvalida Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov so‘z olib, yurtimizda xilma-xil diniy e’tiqodga ega bo‘lgan kishilarning bir zaminda hamjihatlikda yashayotgani bag‘rikenglikning yorqin dalili bo‘layotgani, hukumatimizning chuqur o‘ylangan milliy va diniy siyosat tufayli bugun O‘zbekiston butun dunyo mamlakatlari uchun bag‘rikenglik namunalarini o‘zida mujassam etgan davlat sifatida o‘rnak bo‘layotganini qayd etdi.
Konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari o‘z chiqishlari davomida barcha ishtirokchilarni Xalqaro bag‘rikenglik kuni bilan samimiy muborakbod etib, keyingi yillarda mamlakatimizda millatlararo totuvlikni ta’minlash, diniy bag‘rikenglikni qaror toptirish, o‘zaro mehr-oqibat, inson sha’ni va qadr-qimmatini ulug‘lashga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Muftiy hazratlari ma’ruzalari davomida Alloh taolo bandalarini bir-biri bilan tanishib, tinch-totuv va ahillikda hayot kechirishga amr qilganini oyatlar asosida dalillab, muqaddas dinimiz o‘zidan oldingi samoviy dinlarni ehtirom qilish barobarida ularga muruvvat ko‘rsatishga ham chaqirganiga urg‘u qaratdilar.
Islom ta’limoti o‘zga din vakillari bilan chiroyli va bag‘rikenglik ila munosabatda bo‘lishga chorlagani va bu go‘zal an’ana bugungi kunda ham davom etib kelayotganini alohida ta’kidlagdi. Mazkur anjuman ham barcha din vakillarini ilm-ma’rifat, tinchlik-osoyishtalik, hamjihatlik va ezgulikka targ‘ib etishi yo‘lidagi muhim tashabbus ekani qayd etildi.
Anjumanda turli xalqaro tashkilot va diniy konfessiya vakillari mavzu doirasida so‘zga chiqib, mamlakatimizda turli din va millat vakillarining emin-erkin yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilganligi va diniy jamoalar jamiyat taraqqiyotida tobora faol ishtirok etayotganligini ta’kidladi.
Ilmiy-amaliy konferensiya sho‘balarga bo‘lingan holda davom etib, unda mavzu yuzasidan bir qator ma’ruzalar o‘qildi, tashabbus va takliflar yuzasidan o‘zaro fikr-mulohazalar almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati