Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Yanvar, 2026   |   25 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:36
Shom
17:21
Xufton
18:39
Bismillah
14 Yanvar, 2026, 25 Rajab, 1447
Yangiliklar

19.11.2024   2258   1 min.
Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Do‘zax olovi tegmaydigan ikki ko‘z

14.01.2026   260   3 min.
Do‘zax olovi tegmaydigan ikki ko‘z

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ey iymon keltirganlar! Sabr qiling, sabrda ustun keling, qo‘riqchilikda shay turing va Allohga taqvo qiling, shoyadki, zafar topsangiz.

Sabr da’vatning mashaqqatli yo‘lidagi zodi rohiladir. Niyatga sabrsiz yetib bo‘lmaydi. Chunki bu da’vat yo‘lida turli xavfu xatarlar, balo-ofatlar, sinovlar va azob-uqubatlar to‘lib yotibdi.

Sabr ila g‘olib kelish muhim narsa, chunki qarshi taraf ham o‘ziga yarasha sabrlidir. Demak, ikki tomonning sabrlari o‘rtasidagi kurashda mo‘minlarning sabrlari g‘olib kelishi kerak. Bu shar’iy istilohda «musobara» deyiladi.

Biz «qo‘riqchilikda shay turing» deb tarjima qilgan ibora esa «murobata» deyilib, ibodat joyida yoki musulmonlarni dushmandan himoya qilish joyida bardavom bo‘lish ma’nosini anglatadi.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan sahih hadisda Nabiy alayhissalom «Bir kun murobata qilish dunyo va undagi narsalardan yaxshiroqdir», – deganlar.

Boshqa bir hadisda u zot: «Ikki ko‘zga (do‘zaxda) olov tegmaydi: Allohdan qo‘rqib yig‘lagan ko‘zga va Allohning yo‘lida qo‘riqchilik qilgan ko‘zga», – deganlar.

Abd ibn Humayd, Ibn Abi Hotim va Ibn Hibbonlar Ato rahmatullohi alayhidan rivoyat qiladilar. U kishi aytadilar:

«Men, Abdulloh ibn Umar va Ubayd ibn Umayrlar mo‘minlarning onasi Oisha roziyallohu anhoning oldilariga kirsak, u kishi to‘siqlarining ichida o‘tirgan ekanlar. U kishiga salom bergan edik:

– Bular kimlar? – deb so‘radilar. Biz:

– Bu Abdulloh ibn Umar va Ubayd ibn Umayr, – dedik. U kishi:

– Ey Ubayd ibn Umayr, bizni ziyorat qilishingdan nima to‘sadi? – dedilar. U:

– Tez-tez ziyorat qilib tur, muhabbat ziyoda bo‘ladi, deganlaridek-a? – dedi. U kishi:

– Biz sening ziyoratingni va kelib turishingni xohlaymiz, – dedilar. Abdulloh ibn Umar:

– Bizga Rasululloh alayhissalomdan ko‘rgan eng ajoyib narsani aytib bering, – dedi. U kishi yig‘ladilar. So‘ngra:

– Hamma ishlari ajoyib edi, – dedilar. – Mening navbatim kunlaridan birida kelib, men bilan birga o‘ringa kirib, yotdilar. Bir muddat o‘tganidan so‘ng:

– Ey Oisha, menga izn ber, Parvardigorimga ibodat qilay, – dedilar. Turib, suvidishga borib, oz suv ishlatib, tahorat qildilar. So‘ngra turib, qiroat qildilar, yig‘ladilar. Men ko‘z yoshlarining yonoqlaridan oqayotganini ko‘rdim. So‘ngra o‘tirib, Allohga hamdu sano aytdilar, yig‘ladilar. Men ko‘z yoshlarining ko‘kslariga oqib tushayotganini ko‘rdim. Keyin o‘ng yonboshlariga yonboshlab, qo‘llarini yuzlariga tiradilar, yig‘ladilar. Men ko‘z yoshlarining yerga oqib tushayotganini ko‘rdim. Bilol turib, u kishini namozga chaqirdi:

– Namozga, ey Allohimning Rasuli, – dedi. U kishining yig‘layotganlarini ko‘rib: – Ey Allohning Rasuli, Alloh sizning avvalgiyu keyingi gunohlaringizni kechgan bo‘lsa ham yig‘layapsizmi? – dedi. U kishi:

– Ey Bilol! Shukr qiluvchi banda bo‘lmayinmi?! Men yig‘lamay, kim yig‘lasin! Holbuki, bu kecha menga «Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida va kechayu kunduzning almashinib turishida...» oyati nozil bo‘ldi. Kim shu oyatni o‘qisa-yu, ular haqida tafakkur qilmasa, holiga voy bo‘lsin, – dedilar».

 

"Tafsiri hilol" kitobidan

Maqolalar