Cavol: Jamoat namozida ba’zan namozxonlardan birining tobi qochib, yiqilib, unga yordam ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Shu holatda boshqa namozxon unga yordam berishi uchun namozini buzishi mumkinmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, bunday holatda namozni buzishga ruxsat berilgan. Bu haqda “G‘unyatul mustamliy” kitobida shunday deyiladi:
“Og‘ir ahvolga tushib qolgan insonga yordam berish, balanddan tushib ketish, g‘arq bo‘lish, yong‘in kabi halokatga sabab bo‘ladigan ishlardan qutqarish uchun namozni buzishga ruxsat bor. Shuningdek, o‘zining yoki o‘zganing bir dirham (bugungi kunda taxminan ikki yuz ming)ga teng moli yo‘qolishdan xavf qilsa ham namozni buzish mumkin”.
Hatto “Raddul muhtor” kitobida “Cho‘kayotgan, yong‘in ichida qolgan, ahvoli og‘irlashgan kishini qutqarish uchun namozni buzish vojib bo‘ladi”, deyilgan.
Demak, namozda biror kishining tobi qochib yiqilsa, uning yonidagi kishilar unga yordam berish uchun namozini buzishi kerak bo‘ladi. Chunki shariatning maqsadlaridan biri inson jonini muhofaza qilishdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
2026 yilning 30 iyunidan 20 iyuliga qadar O‘zbekistondagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga (bakalavriat, magistratura va modul tizimi yo‘nalishlari bo‘yicha) 2026-2027 o‘quv yili uchun abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinadi.
Bu yilgi qabul jarayonida abituriyentlarga katta qulaylik yaratilib, hujjatlarni respublikaning istalgan hududidagi o‘ziga yaqin diniy ta’lim muassasasi qabul hay’ati orqali boshqa bir ta’lim maskaniga topshirish imkoniyati berilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati