Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi 17 noyabr kuni Yunusobod tumanida o‘tkazildi. Tadbirga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchilik qildi.
Tadbir avvalidagi yig‘ilish Yunusobod tumandagi “Minor” jome masjidida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, Toshkent shahar vakilligi rahbariyati, tumanlar bosh imom-xatiblari va otinoyilari, shuningdek, Yunusobod tumanidagi masjid imom-xatiblari, noiblari, otinoyilar, “Haj – 2024” ziyoratchilari, mahallalar raislari ishtirok etdi.
Majlisda Zayniddin domla boshchiligida Toshkent shahar vakilligi rahbariyati, tumanlar bosh imom-xatiblari hamda tajribali imom-xatiblardan tarkib topgan Ishchi guruh tuzildi.
Mazkur Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
– imom-xatib va otinoyilarning “Haj – 2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish ishiga ko‘maklashish, namuna sifatida ishtirok etish;
– imom-xatiblarning ustav asosida masjidni boshqarish faoliyati va hujjat yuritish ishlarini yaqindan o‘rganish, maslahat va ko‘mak berish;
– imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish;
– “Yashil makon” umummilliy loyihasi bo‘yicha yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashga targ‘ib qilish, amaliy hissa qo‘shish, shaxsiy namuna ko‘rsatish kabilar.
Shu maqsadda Ishchi guruh a’zolari Yunusobod tumanining 13 ta masjidi va 20 ta mahallasiga biriktirildi.
Birinchi yo‘nalish bo‘yicha Ishchi guruh a’zosi va imom-xatiblar, shu bilan birga otinoyilar o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan “Haj – 2024” ziyoratchisini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etdi. Birgalikda mahallaning muammoli xonadonlariga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘radi. Muammolarini o‘rgandi, taklif fikr, mulohazalarini tingladi. Imom-xatiblar 7 toifaga mansub 103 ta oilaga, otinoyilar 3 toifaga mansub 14 ta oilaga, umumiy hisobda 117 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Xususan, nogiron va kasalmand, ehtiyojmand fuqarolar, shuningdek, tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 25 ta oilaga kirilib, ulardan ko‘ngil so‘raldi, sovg‘a-salomlar berildi, davolanish va dori darmon uchun moddiy yordam ko‘rsatildi. Homiylarni jalb qilgan holda ehtiyojmandlarga 17 million so‘mlik oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari tarqatildi. Ular orasidan o‘ta nochor bo‘lganlarining moddiy ta’minotidan xabardor bo‘lib turish rejalashtirildi.
Ikkinchi yo‘nalish bo‘yicha masjid imom-xatibi faoliyati o‘rganildi. Jumladan, ustav asosida ish va hujjat yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar yaratish jihatlarini ko‘rib chiqildi.
O‘rganish natijasiga ko‘ra 6 ta masjid imom-xatibi faoliyatiga “qoniqarli”, 7 ta masjid imom-xatibi faoliyatiga “yaxshi” tarzda baho berildi. “Yunus ota” masjidini kengaytirish, “Yunusobod oq tepa” masjidi tahoratxonasini kengaytirish choralarini ko‘rish tavsiya qilindi.
Uchinchi yo‘nalish bo‘yicha Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, jamoatga dolzarb mavzularda ma’ruza qilib berdi.
To‘rtinchi yo‘nalish bo‘yicha “Yashil makon” umummilliy loyihasi amaliy targ‘ib qilindi. Yunusobod tumanining masjidlari tomonidan masjidlar hududi hamda atroflarida jami 110 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari hamda 1200 tup gul ko‘chatlar o‘tqazilib, yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashga amaliy hissa qo‘shildi. Ko‘chat ekish ishlariga masjid qavmi va mahalla fuqarolari jalb qilindi.
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Yunusobod tumani masjidlardagi kamchiliklarni bartaraf etish, imom-xatiblarning ma’naviy-ma’rifiy va masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Kecha, 28 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda haj delegatsiyasi vakillari, ishchi guruhi a’zolari, mingboshilar va shifokorlar jamoasi ishtirok etdi.
Majlis avvalida Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishi haqida so‘zladilar. Shuningdek, har bir ishchi guruhi a’zosi ana shunday ulug‘ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilish davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, farz, vojib va sunnatlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish va zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga batafsil javob berish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, muborak zaminlarda har bir daqiqani g‘animat bilish, toatu ibodat ila o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qilishga urg‘u qaratdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Obidjon Qodirov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov va Shifokorlar guruhi rahbari Alisher Saatov kabilar so‘zga chiqib, tashkiliy ishlar, tibbiy jihatlar, xat-hujjatlar, jamoaviy tartib-intizomga rioya etish, qonun-qoidalarga amal qilish, hojilar xavfsizlini ta’minlash va ogohlikga oid muhim tavsiyalarni berdilar.
Shuningdek, joriy mavsumda “Haj – 2025” ishchi guruhi va shifokorlar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklangani, shu bois har kim o‘z vazifasini vijdonan to‘la bajarishi zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati