Opamni farzandi yo‘q. Ko‘p yil davolandilar. Kimdir bola asrab olsa va unga mehr bersa o‘zi ham farzand ko‘rishini aytibdi. So‘ramoqchi bo‘lganim dinimizda bola asrab olishga ruxsat berilganmi? Ruxsat bo‘lsa qanday hukmlar bor?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.
Dinimizda bola asrab olishga ruxsat beriladi, ammo unga quyidagi shartlar qo‘yilgan:
1. Asrab olingan bolani o‘z otasiga nisbat berilishi;
Bolani o‘z otasini nomi bilan chaqirish (ya’ni seni otang menman yoki otang falonchi, deb o‘z otasidan boshqa odamni ota sifatida ko‘rsatmaslik kerak);
Alloh taolo asrab olingan farzandlar haqida bunday marhamat qilgan: “Ularni (asrab olingan bolalarni) o‘z otalari (ismi) bilan chaqiringiz. Shu Alloh nazdida adolatliroqdir. Bas, agar ularning otalarini bilmasangiz, u holda (ular) sizlarning diniy birodarlaringiz va do‘stlaringizdir. Qilgan xatolaringiz sababli sizlarga gunoh yo‘qdir, lekin ko‘ngillaringiz (bilan) qasd qilingan narsadagina (gunohkor bo‘lursiz). Alloh kechirimli va mehribon zotdir” (Ahzob surasi 5-oyat).
Bu oyatlar nozil bo‘lgunicha, odamlar orasida birovning bolasini o‘g‘il qilib, o‘z o‘g‘illaridek nomlaganlar va jamiyatdagi mavjud tushuncha, urf-odatlar ila ish tutishgan. Oyat nozil bo‘lgach bu hukm o‘zgardi.
2. Asrab olingan bola asrab oluvchiga mahram bo‘lishi;
Bolani qaramog‘iga olishda avvalo imkon qadar yaqin qarindoshlarning bolalaridan (ya’ni asrab olinayotgan bola o‘g‘il bola bo‘lsa ayolning, qiz bola bo‘lsa erning aka-uka yoki opa-singillarining bolalaridan) birini qaramog‘iga olishi kerak. Chunki ular o‘rtasida nasab jihatidan mahramlik bor. Bordiyu yaqin qarindoshlardan bola olish imkoni bo‘lmay, begona bola olinsa va u qiz bo‘lsa, asrab oluvchi erning emizikli holatdagi opa-singillari yoki aka-ukalarining ayollari ikki yarim yil ichida bolani emizsalar yoki ularning suti ichirilsa, asrab oluvchi erning jiyani hisoblanib, mahramiga aylanadi. Agar asrab olingan bola o‘g‘il bo‘lsa, asrab oluvchi ayolning emizikli holatdagi opa-singillari yoki aka-ukalarining ayollari o‘sha o‘g‘il bolani emizsalar asrab oluvchi ayolga jiyan bo‘lgani uchun, mahram hisoblanadi (ikki yarim yildan so‘ng emizish yoki bolaga yuqorida zikr qilingan ayollardan boshqalarning sutini ichirish bilan mahramlik sobit bo‘lmaydi). Shunday yo‘l bilan bir oilada nomahramlar jamlanib qolishining oldi olinadi. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. U kishi o‘z jiyanlari Urva roziyallohu anhuga shunday hikoya qilib beradilar. Aflaha ismli emikdosh amakim kirishga izn so‘ragan vaqtda u kishidan o‘zimni olib qochdim va ro‘molni o‘rab oldim.
So‘ng bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xabar berganimda:
"Uning oldida ro‘mol o‘rashingizga hojat yo‘q, chunki nasab jihatidan mahramlik sobit bo‘lganidek emikdoshlik sababli ham mahramlik hosil bo‘ladi", dedilar (Imom Muslim rivoyatlari).
3. Asrab olingan bolaning meros olmasligi;
Asrab olingan bola va asrab oluvchilarning o‘rtasida nasabiy aloqasi bo‘lmasa, bir-birlaridan meros olishlari joiz bo‘lmaydi. Balki qo‘llarida qolgan mulklar nasabiy merosxo‘rlarning haqqi hisoblanadi.
Bola asrab olishdan maqsad, ko‘p bolalik oilalarga yordam berish yoki yetimning boshini silash savobini topish bo‘lmog‘i lozim. Hech qachon asrab olingan bola haqiqiy farzand bo‘lmaydi. Agar asrab olingan farzanddan kelajakda boquvchiga hech qanday naf tegmasa, aksincha zarar yetgan taqdirda ham bundan afsuslanmaslik kerak bo‘ladi, aks holda qilingan xizmatning savobi bekor bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati