Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
“Allohim, men Sendan jahannam fitnasi va azobi, qabr fitnasi va azobi, boylik fitnasi, kambag‘allik fitnasi hamda masih dajjol fitnasidan panoh berishingni so‘rayman!” (Imom Buxoriy rivoyati).
“Fitna” so‘zi lug‘atda “sinash, imtihon qilish; azoblash; adashish; vasvasa” kabi ma’nolarni anglatadi.
“Jahannam fitnasi” Alloh harom qilgan ishlarni sodir etib, do‘zaxda azoblanishdir.
“Qabr fitnasi” qabrda bo‘ladigan turli qiyinchilik va mashaqqatlardir.
“Boylik fitnasi” boylikning insonni g‘urur, kibr, manmanlik, Allohga itoatsizlik kabi razil ishlarga undashidir.
“Kambag‘allik fitnasi” o‘ta qashshoq bir holatga tushib, odamlar nazdida xoru zor bo‘lish, hammadan biron narsa ta’ma qilib, o‘z hurmatini oyoq osti qilish va qo‘li kaltalik sababli turli xil noqulay vaziyatlarga tushib qolishdir.
“Masih dajjol fitnasi” qiyomat qoim bo‘lishidan oldin, dajjol yer yuziga chiqqanida, bandalarni aldab, e’tiqodlari, imonlaridan qaytarishi, ularni jahannam sari chorlashi va boshqa aldovlaridir.
Demak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam doimiy suratda jahannam azobi, qabr azobi, boylik va kambag‘allik fitnasi, shuningdek, masih dajjol fitnasi va aldovlaridan panoh so‘rab duo qilar ekanlar.
“Allohim, Sendan (bergan) ne’mating zavol topishi, ofiyating (notinchlikka) almashinishi, to‘satdan keluvchi azobing va barcha g‘azabingdan panoh berishingni so‘rayman!” (Imom Muslim, Abu Dovud va imom Tabaroniy “Avsat”da Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).
Ushbu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizlarga yomonliklardan qanday panoh so‘rash kerakligini o‘rgatmoqdalar.
“Ne’mating zavol topishidan...” Ya’ni, Islom va imon ne’mati, menga bergan boshqa ko‘plab ne’matlaring barham topishi va ulardan ayrilishdan panoh so‘rayman!
“Ofiyating almashinishidan...” Ya’ni, sog‘ligim kasallik, tinchligim notinchlik, boyligim kambag‘allikka almashinishidan panoh so‘rayman!
“To‘satdan keluvchi azobingdan...” Ya’ni, men ojiz bandang gunohlar girdobiga tushib qolib, Sen tomondan birdan keluvchi g‘azabing va intiqomingga giriftor bo‘lishdan panoh so‘rayman!
“Va barcha azobingdan...” Ya’ni, Sening g‘azabingni qo‘zg‘aydigan ishlarni sodir etib, azobingga yo‘liqishdan panoh so‘rayman!
“Allohim, O‘zing meni ochlikdan asragin. Zero, u yomon yostiqdoshdir! Meni xiyonatdan asragin. Zero, u eng yomon botiniy xislatdir” (Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja, Ibn Hibbon “Sahih”da Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).
Ushbu hadisda bandaning tanasi va qalbiga tegishli ikki xil illatdan panoh so‘rash ta’lim berilmoqda.
“Allohim, O‘zing meni ochlikdan asragin. Zero, u yomon yostiqdoshdir!”
Allohim, ibodatlar va O‘zingga itoat etishimga to‘sqinlik qiladigan, kasallik yoki o‘limga sabab bo‘luvchi ochlikdan saqlagin. Zero, u eng yomon hamrohdir!
Ushbu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, biron narsani niyat qilmagan holda och yurish bandaning savob qozonishiga kifoya qilmaydi. Balki bunday ochlik uning tanasini zaiflashtiradi, miya faoliyatining yomonlashuvi, unda qabih fikr va xayollarning paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ladi.
“Meni xiyonatdan asragin. Zero, u eng yomon botiniy xislatdir”.
Xiyonat omonatning aksidir. Omonatga xiyonat qilish munofiqlik alomatlaridan biridir. Demak, xiyonat, aldov, yolg‘on inson qalbiga yashiringan eng yomon illat bo‘lib, bu narsa uni jahannam sari sudraydi. Har bir banda qalbini aql oynasida tekshirib, xiyonatdan zarracha asorat ko‘rsa, uni bartaraf qilish, qalbida yashiringan xiyonat illatini xulqni ziynatlovchi omonat sifatiga almashtirishga harakat qilishi lozim.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, banda tug‘yon va kibrga olib bormaydigan boylik, farovon hayot so‘rashi bilan birga, ibodatiga xalaqit beradigan, imoniy va sihhiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, o‘zini esa xorlik va ta’magirlikka olib boradigan kambag‘allikdan, o‘ta qashshoqlikdan ham panoh so‘rashi kerak.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
“Rossiyskaya gazeta”sida “Uchinchi Renessans: Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O‘zbekistonning ma’naviy-intellektual yuksalishiga xizmat qilmoqda” nomli tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ilm-fan, ta’lim va zamonaviy raqamli texnologiyalarni birlashtirgan yirik madaniy-ma’rifiy platforma sifatida taqdim etilgan. Poytaxtimizda qariyb 10 gektar maydonni egallagan va VII asrga oid muqaddas Usmon Qur’onini saqlaydigan ushbu majmuaning tashkil etilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida islom dinining ma’rifiy mohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbusi bilan bevosita bog‘lanadi. Uchinchi Renessans konsepsiyasi va Sharqning buyuk allomalari merosi orqali maqolada mamlakat ilmiy taraqqiyotining uzviyligi - qadimgi kashfiyotlardan tortib sun’iy intellekt, VR va AR-texnologiyalari qo‘llanilgan interaktiv ekspozitsiyalargacha keng yoritilgan.
Shuningdek, nashrda Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi yakunlari, unda 20 ga yaqin bitimlar imzolangani ta’kidlangan. Ular orasida Xalqaro mediaalyans tuzish, “Sivilizatsiya ovozi” tanlovini ta’sis etish hamda milliy artefaktlarni xorijdan qaytarish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorlar o‘rin olgan bo‘lib, bu O‘zbekiston madaniy merosini dunyoda tizimli targ‘ib qilish uchun mustahkam zamin yaratadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati