Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladi: "Qachon Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qazoi hojatga chiqsalar, men va bir bola ikkovimiz o‘zimiz bilan suvli meshchani olib kelar edik, shunda u zot suv ila istinjo qilar edilar".
Islom dini inson hayotida kerak bo‘ladigan katta-kichik barcha masalalarni hal qilgan. Shariatning har bir holat bo‘yicha qonun va odoblari bor. Ana o‘sha odoblardan biri istinjodir. Istinjo deb, hojat chiqargach, orqa yoki old najosat yo‘lini tosh, kesak, suv va shunga o‘xshash narsalar bilan poklashga aytiladi. Aslida istinjo suv bilan qilinadi. Suvdan boshqa narsalar faqat suv yo‘q bo‘lgan holatlardagina ishlatiladi.
Istinjo qilishning tibbiy foydalari juda ko‘p. Zamonaviy ilm kashf qildiki, qand kasalligi bilan og‘rigan bemor hojat chiqarganidan keyin yaxshilab istinjo qilmasa, tanaga tekkan bavlni yuvib tashlamasa, siydik tarkibidagi mikroblar siydik yo‘liga o‘tib yallig‘lanishni keltirib chiqaradi. Bu narsa jinsiy aloqa paytida erdan ayolga o‘tadi va bachadon yallig‘lanishiga sabab bo‘ladi. Buning oqibatida keyinchalik bepushtlik ham kuzatilishi mumkin.
Istinjo insonni turli parazit, qurt va gijjalardan ham saqlaydi. Kichik igsimon qurtlar orqa najosat teshigi atrofida yashab, tuxum qo‘yadi. Bu tuxumlar avval kiyimga, keyin qo‘lga yuqadi va yana oshqozonga tushib aylanib yuradi. Agar doimiy suratda istinjo qilib yurilsa, hojatxonadan chiqqach, qo‘llar sovunlab yuvilsa, bundan holatlar kuzatilmaydi.
Istinjo xavfli kasalliklardan bo‘lmish ich terlama, virusli jigar vabosi kabi kasalliklardan ham saqlaydi. 1963 yilda Angliya shaharlarining birida ich terlama tez suratda ko‘payadi. Bu narsa shaharda vabo tarqalish xavfini keltirib chiqaradi. Tibbiy idoralar aholiga hojatdan chiqqach istinjo qilishni shart qilib qo‘yishadi va bu shaharga infeksiya tarqalishi oldini olishning eng yaxshi va samarali chorasi ekani ta’kidlanadi. Shahar aholisi o‘sha ta’limotga amal qilishadi, maxsus qog‘ozlari bilan kifoyalanmay, xuddi musulmonlar kabi istinjo qilishadi. Biroz fursat o‘tkach, o‘sha shahardan ich terlama kasalligi ariydi .
Istinjoni chap qo‘l yordamida qilishda ham katta hikmat bor. Zero. Inson o‘ng qo‘li bilan o‘zgalar bilan salomlashadi, taom yeydi va boshqa ishlarni amalga oshiradi. Istinjoni chap qo‘lda qilish bilan mikroblar ko‘payishi oldi olinadi. Shu o‘rinda istinjodan keyin qo‘lni tuproq bilan artish yoki sovunlab yuvish yaxshi ekanini eslatib o‘tmoqchimiz.
Istibro ham tibbiy nuqtayi nazarda ahamiyatli ish. Siydik yo‘lining siydikdan butunlay forig‘ bo‘lishi u yerda tuz, jumladan, fasfat tuzi yig‘ilishi oldini oladi. Siydik yo‘lida tuz yig‘ilishi keyinchalik toshga aylanishi mumkin.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
Shu yilning 7–11 noyabr kunlari O‘zbekistonning delegatsiyasi Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Haj xizmatlari xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasida qatnashadi. Shuningdek, muborak safarni yuqori darajada o‘tkazish bilan bog‘liq vazifalar yuzasidan ikki tomonlama muzokaralar olib boriladi.
Mazkur delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zakirov, “Haj” va “Umra” bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda bir qator soha mutaxassislari o‘rin olgan.
Ushbu anjumanning asosiy o‘ziga xosligi — ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqishdir. Xususan, tadbirda haj safarini tashkil etishda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt imkoniyatlari va ilg‘or innovatsion loyihalar taqdimoti o‘tkazilishi kutilmoqda.
Safar davomida «Haj–2027» mavsumini yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida delegatsiyamiz tomonidan bir qator muhim vazifalar amalga oshiriladi:
Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi rahbariyati bilan bo‘lajak mavsumga puxta hozirlik ko‘rish yuzasidan muzokaralar olib borish;
Bo‘lg‘usi hojilarimiz uchun mo‘ljallangan mehmonxonalar va transport xizmatlarining sifatini bevosita ko‘zdan kechirish;
Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida ziyoratchilarga yaratiladigan shart-sharoitlar va xizmat ko‘rsatish holatini o‘rganish;
Haj jarayonlariga mas’ul bo‘lgan boshqa hamkor idoralar bilan o‘zaro aloqalarni muhokama qilish va mustahkamlash;
Haj safarini tashkil etishdagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv-seminarlarida ishtirok etish.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati