Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir kuni Hasan roziyallohu anhu uyidan yangi, toza kiyimlar kiyib, viqor bilan ko‘chaga chiqdi. Bir guruh do‘stlari, xodimlari bilan Madina ko‘chalarining birida ketayotib, yelkasida bir mesh suv ko‘tarib olgan, qashshoqlikdan ezilgan keksa yahudiyni uchratib qoldi. Qariya Hasan roziyallohu anhuni bunday ko‘rkam kiyimda ko‘rib, chiday olmadi, «Iltimos, birpas to‘xtab, so‘zimga quloq soling!» dedi. Hasan roziyallohu anhu to‘xtadi. Yahudiy: «Ey Rasulullohning nabirasi! Menga rahm qiling, adolat qiling! Bobongiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Dunyo mo‘minning zindoni, kofirning jannatidir», degan edilar. Lekin ko‘rib turibmanki, siz bu dunyoda ham ne’matlarga ko‘milib, farovon yashayapsiz. Unda bo‘lsa, bu dunyo siz uchun jannat, men uchun esa do‘zax ekan-da? Axir men qiyinchilikda, qashshoqlikda yashayapman. Lekin siz mo‘minsiz, men esa unday emas», dedi.
Hasan roziyallohu anhu bunday dedi: «Ko‘zingdan parda olib tashlanganida, Alloh taolo menga va barcha mo‘minlarga jannatda qanday ne’matlar tayyorlab qo‘yganini ko‘rganingda edi, bu dunyo shunchalik go‘zalligiga qaramay, biz uchun zindonligini ko‘rgan bo‘larding. Alloh taolo senga va barcha kofirlarga do‘zaxda qanday azobu qiynoqlar tayyorlab ko‘yganini ko‘rganingda, shunchalik qashshoq, parishonligingga qaramay, bu dunyo sen uchun jannat ekanligini tushungan bo‘larding».
Darhaqiqat, musulmonlar bu dunyoda qanchalik farovon yashamasin, jannatdagi ne’matlar oldida hech narsa emas. Xuddi shunga o‘xshab, musulmon bo‘lmaganlar ham bu dunyoda farovon yashayotgan bo‘lsa, bu Alloh taoloning Rohman ismining bir tajalliysi bo‘lib, vaqtinchalik berilgan inoyatdir, oxiratda ko‘riladigan azoblarning qarshisida hech narsa emasdir.
«Kim dunyoni istasa, dunyo uni yerga uradi!»
Hasan roziyallohu anhu o‘rni kelganda, odamlarga nasihat qilib, hayotda boshqalarga ibrat bo‘lib yashash, go‘zal xulq-atvor egasi bo‘lish lozimligini aytar edi. U o‘zining ijtimoiy hayotga oid maslahatlaridan birida bunday degan: «Kimki dunyoni xohlasa, dunyo uni yerga uradi! Kimki dunyoga qalbini bog‘lamasa, unga parvo qilmaydi. Kimki dunyoni sevsa, u boylarning quliga aylanadi. Kechagi kuni bilan bugungi kuni teng bo‘lgan kishi ziyonda, kimning o‘tmishi bugunidan yaxshiroq bo‘lsa, u ham ziyondadir. O‘zini mukammal deb hisoblagan odamda kamchilik ko‘p bo‘ladi. Go‘zal axloq insonga ziynatdir. Sadoqat boylikdir. Shoshqaloqlik yengillikdir. Qalbi dunyoga bog‘langan odamlar bilan birga o‘tirish dog‘dir. Yomon odamlar bilan birga bo‘lish esa o‘zgalarda shubha uyg‘otadi».
«Millioner sahobalar» kitobidan
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati