Qo‘lni bo‘g‘imgacha yuvish foydalari
Ma’lumki, biz tahoratni ikki qo‘limizni yuvishdan boshlaymiz. Buning ko‘plab foydalari bor. Inson qo‘li bilan turli narsalarni ushlaydi, o‘zgalar bilan qo‘l berib ko‘rishadi. Mana shu narsa bakteriyaning tarqalishi va uning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Qo‘l orqali yuqadigan kasalliklarga ich terlama, dizenteriya (ichburug‘) va gastrit kabilarni misol qilib keltirish mumkin.
Islomda qo‘lni pokiza saqlash, tirnoqlarni vaqtida olib, ozoda bo‘lib yurish har bir mo‘min-musulmonning qat’iy vazifalaridan sanaladi.
Qo‘l yuvilganda, barmoq uchlaridan nur chiqib, qo‘l atrofida doira hosil qiladi. Buning natijasida bizning ichki energiyamiz harakatga keladi va qo‘llarimiz toza, chiroyli ko‘rinish kasb etadi.
Og‘izni chayish (mazmaza) foydalari.
Tahoratda avval qo‘llarni yuvishning foydasi juda ko‘p. Agar qo‘llar yaxshilab yuvilmasa, bakteriyalar og‘iz orqali oshqozonga o‘tib, kasallik keltirib chiqaradi.
Og‘izni pok tutish ham muhim ahamiyatga ega. Unga havo, oziq-ovqat va boshqa sabablar bilan turli zararli moddalar tushadi. Agar bular vaqtida tozalanmasa yoki misvok bilan poklanmasa, og‘izda ko‘plab kasalliklar, jumladan, milk va tish kasalliklari kelib chiqadi.
Tahoratda misvok ishlatish sunnati muakkada bo‘lib, bu narsa tibbiy nuqtayi nazardan ham foydalidir.
Zamonaviy ilmiy kashfiyotlar misvok haqida quyidagi xulosalarga keldi:
– arok daraxtidan olinadigan misvok tarkibida ko‘p miqdorda ftorid bo‘lib, bu modda tish chirishining oldini olishda katta ahamiyatga ega;
– misvok emal va milklarga zarar bermagan holda tishlarni muvaffaqiyatli tozalaydi va oqartiradi;
– misvok tarkibidagi tabiiy antiseptiklar og‘izdagi zararli mikroorganizmlarga qiron keltiradi;
– misvok tarkibidagi ftor moddasi tishlarning kariyesga yo‘lqishining oldini oladi;
– xlor moddasiga ega bo‘lgani sababli tishlardan turli rang va dog‘larni ketkizadi;
– oshlovchi kislota (dubil’naya kislota) milkni kasalliklardan saqlaydi;
– xlorid moddasi har xil toshma va dog‘larning ketishiga yordam beradi;
– misvok tarkibidagi silikat moddasi tishlarni oqartiradi;
– misvokdagi ba’zi moddalar og‘iz saratoni va chirishning oldini oladi;
– farfor moddasi tishni chirituvchi bakteriyalardan himoya qiladi;
– misvokdagi xushbo‘y yog‘ so‘lak ajralib chiqishini (salivatsiya ) ko‘paytiradi va natijada kserostomiya kasalligining oldi olinadi;
– misvok umumiy shamollashning oddiy davosidir;
– gingivit kasalligini kamaytiradi;
– arok daraxti ekstrakti bilan og‘iz chayilsa, og‘izdagi bakteriyalar 75% gacha kamayishi o‘z tasdig‘ini topdi. Misvok bilan tozalaganda ham shu natijaga erishiladi;
– milk qonashining oldini oladi;
– Misrda olib borilgan izlanishlarda ma’lum bo‘lishicha, misvok bilan og‘iz tozalangach, uning qoldiqlari ikki kungacha (!) bakteriyalarni o‘ldirish xususiyatini saqlab qolar ekan;
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.
Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.
Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.
Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.
U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati