Alloh taolo insoniyatni ozodalikka, jismu iymoni, uy-joyi – Vatanini pok tutishga, bog‘u rog‘lar o‘stiruvchi va Yer yuzini obod qiluvchilardan bo‘lishga chaqiradi.
Yuqoridagi chaqiriqqa monand ayni kunlarda O‘MI Buxoro viloyati vakili Jobir domla Elov boshchiligida viloyatimizdagi barcha masjid, madrasa va ziyoratgohlarda yashil makonlarni ko‘paytirish ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etilib, din peshvolari tomonidan hududlarda yashil maydonlar barpo etilmoqda.
Zero, hadis shariflarda: “Albatta, farishtalar ekin yoki ko‘chat ekuvchining haqqiga, modomiki, ekkan narsasi ko‘karib turarkan, istig‘for aytib turishadi”, - deyiladi.
Yaratgan Zot bu hayrli ishlarni bardavom va barokatli qilsin!
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ta’lim berayotgan barcha duolarning tub maqsadi shuki, qay holatda, qanday ishda mashg‘ul bo‘lsangiz ham, qalbingiz faqat Alloh tomonga qarasin. Bu qalbni Alloh taolo O‘zi uchun yaratgan. Ko‘z, quloq, til va boshqa a’zolar dunyoviy ishlar uchun, ular orqali dunyoviy maqsadlarga erishiladi. Lekin qalbni Alloh taolo xolis O‘zi uchun yaratgan. Toki, unda Allohning tajalliysi (nuri) bo‘lsin, Allohning muhabbati ila yashnasin, Allohning zikri ila obod bo‘lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Eng afzal amal bandaning tili Allohning zikri ila nam bo‘lishidir», dedilar.
Tilni Alloh taolo qalbga tushadigan zina qilgan. Til bilan zikr qilaversang, inshaAlloh, u zikr qalbga naqshlanib boraveradi. Alloh taoloning yodi va muhabbati shu darajada jo bo‘lsinki, qalb Alloh taoloning tajalliygohi (nuri tushadigan joy) bo‘lsin. Tariqat, tasavvuf va sulukning asl maqsadi ham shudir.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan