Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "Kim ilm talab qilish yo‘liga yursa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini qo‘yadilar. Albatta, olimga osmondagi zotlar, yerdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadilar. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o‘xshaydi. Albatta, olimlar anbiyolarning merosxo‘rlaridir. Albatta, anbiyolar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim o‘shani olsa, ulug‘ nasibani olibdi", deganlarini eshitdim, degan ekanlar".
Abu Dovud va Termiziy rivoyati
Joriy yilning 6-19 avgust kunlari Makkai mukarramadagi Masjidul-Haramda o‘tkaziladigan Podshoh Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro Qur’on musobaqasida o‘zbekistonlik iqtidorli qori va qoriyalarimiz ishtirok etadi.
Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasida xalqaro Qur’on musobaqasi ishtirokchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda diniy ta’lim muassasalaridan saralab olingan qori va qoriyalarga musobaqa tartib-qoidalari, unda ishtirok etish bo‘yicha zarur yo‘l-yo‘riq va tavsiyalar berildi.
Muhim yangilik: 2026 yildan Saudiya Arabistonining 46-mavsum xalqaro Qur’on musobaqasi tarixida ilk bor ayol-qizlar yo‘nalishi joriy etildi.
Yurtimiz sharafini himoya qiladigan vakillarimiz bilan tanishing:
Erkak qorilar:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
Ayol qoriyalar:
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
Alloh taolo nufuzli musobaqada ishtirok etadigan vakillarimizga ulkan muvaffaqiyatlar ato etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati