Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "Kim ilm talab qilish yo‘liga yursa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini qo‘yadilar. Albatta, olimga osmondagi zotlar, yerdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadilar. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o‘xshaydi. Albatta, olimlar anbiyolarning merosxo‘rlaridir. Albatta, anbiyolar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim o‘shani olsa, ulug‘ nasibani olibdi", deganlarini eshitdim, degan ekanlar".
Abu Dovud va Termiziy rivoyati
Yangi o‘quv yili va mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Qashqadaryo viloyatida yana bir xayrli tashabbus amalga oshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi va saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida Qarshi shahridagi 100 nafar ehtiyojmand oila farzandiga yangi o‘quv qurollari to‘plamlari beg‘araz topshirildi.
Qo‘lida yangi portfel va kitob-daftar tutgan jajji o‘quvchilarning yuzidagi samimiy tabassum va quvonch bu ezgu ishning naqadar qadrli ekanini ko‘rsatdi. Zero, ilm istagan qalbga qanot bo‘lish — eng ulug‘ savoblardandir.
Tadbir yakunida xayriyada hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati