Cavol: Mahsiga mas'h tortish farzmi, sunnatmi, vojibmi? Mahsi kiygan odam tahorat qilganda mas'h tortmasdan namoz o‘qisa, namozi durust bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. To‘liq tahorat bilan mahsi kiygan kishining tahorati sinsa va u mahsini yechmasdan yangidan tahorat qilmoqchi bo‘lsa, mas'h tortishi farz bo‘ladi. Agar mas'h tortmasdan namoz o‘qisa, namozi durust bo‘lmaydi. Chunki mahsiga mas'h tortish oyoqni yuvish o‘rnidadir. Shunday ekan tahoratda oyoq yuvish farz edi, mahsiga mas'h tortish ham farz bo‘ladi. Bu haqda "Lubob" kitobida bunday deyiladi:
(وفرض ذلك) المسح (مقدار ثلاث أصابع من أصغر أصابع اليد) طولاً وعرضاً
"Mahsiga mas'h tortishning farzi qo‘lning kichik barmoqlaridan uchtasi miqdoridadir. Bu miqdor qo‘l barmog‘ining bo‘yi va enicha bo‘ladi (ya’ni namlangan qo‘llar bilan shu miqdorda chiziq tortadi)". Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan vohamiz aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.
Bugun, O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiliklarida homiylar jalb etilgan holda mahalla hududidagi xonadonlarga tashrif buyurib, xonadon ahillari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sovg‘a-salomlar va xayr-ehson qutilari tarqatildi.
Bunday xayrli tashabbuslar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga ma’naviy dalda va ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizda fayzu baraka bardavom bo‘lsin!
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati