Savob ish qilishga, ezgu amalni bajarishga odatlangan kishining ko‘ngli nurafshon bo‘ladi. Nega? Chunki xayrli amal kishining qalbini nurlantiradi. Shu nur odamning yuzida balqiydi. Bu masjid qurishdek savobli amallarga o‘z hissasini qo‘shayotgan azizlarimiz timsolida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Bugun Bekobod tumanidagi «Yangiobod» jome masjidining yangi binosiga ilk g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Obidjon domla Mirhamidov, Bekobod shahar bosh imomi Ergashboy domla Hamidov, masjid imom-xatibi, mahalla faollari, nuroniylarm ishtirok etdi.
Allohga shukr, bugun masjidlarimiz qiyofasi kun sayin go‘zallashib, ko‘rkamlashib boryapti. Shu bilan birga, masjidlarimizni namozxonlar ma’naviy jihatdan ham obod qilishmoqda.
Ilk g‘isht qo‘yilgan jome tez orada foydalanishga topshirilishini Alloh taolo nasib qilsin.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Ko‘pincha dengiz sathi tashqaridan qaragan kishiga go‘yoki ipakdan to‘qilgan mayin gilamni to‘shab qo‘ygandek, tinch va sokin ko‘rinadi...
Lekin o‘sha tinch va sokindek ko‘rinayotgan aldamchi manzara ostida tinimsiz kurash, hayot va mamot to‘qnashuvlari, halokatli nidolar yashirinib yotadi. Dengiz qa’rida kitlar, akulalar, ilonlar va suvsarlar suzib yuradi, bir-birlarini o‘ljaga aylantirish maqsadida tinimsiz ta’qib qiladilar.
Xuddi shu kabi sizning yuzingiz ham oyna qarshisida tinch, mehrli va musaffo ko‘rinadi. Ammo tanangizni ichida esa, xujayralar g‘alayon qiladi, nafs xohishlari alanga oladi, g‘arizalar avj oladi va adovatlar olovlanadi.
Agar siz dengizdagi o‘sha maxluqlar jang qilayotgan chegaralardan o‘tib, dengizning ulardanda qa’riga yetib borsangiz, u yerda sukunat hukmron ekanligini, sadaflar, marvaridlar va marjonlar yashayotganini ko‘rasiz.
Xuddi shuningdek, tanangizda ham agar nafsoniy hirslar hukmronlik qilayotgan chegaradan o‘tib olib, ruhiyat hududiga yetib borsangiz, u yerda sakinat topasiz, hikmat ziyosining nuridan bahra olasiz, Parvardigorning huzuridan oqib chiqayotgan muhabbat bulog‘idan qonasiz.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV