Davlatimiz rahbari tomonidan boshlangan “Yashil belbog‘” barpo etish loyihasi yurtimizning barcha hududlarida amalga oshirilib, maydonlarda daraxt va buta ko‘chatlari ekilmoqda.
Bugun erta tongdan Samarqand viloyat vakilligi tashabbusi bilan Urgut tumanidagi “Xo‘ja Ubaydullo” jome masjidi hududining 50 sotox maydonda viloyatimizdagi barcha tuman va shahar bosh imom-xatiblari va tumandagi imom-xatiblar, nuroniylar, faollar va yoshlar jam bo‘lishib, “Yashil” belbog‘ yaratish maqsadida mevali daraxt ko‘chatlari ekish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar bir muslim banda ko‘chat o‘tkazsa yoki ekin eksa, undan qushmi, insonmi yoki hayvonmi yesa buning uchun unga sadaqa (qilganlik savobi) bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati).
Bu hadis ko‘chat ekish, dehqonchilik qilish fazilati va ahamiyati nechog‘lik ulug‘ ekaniga dalolat qiladi va ko‘chat ekuvchilarning Alloh dargohida erishadigan ajr-savoblardan xabar beradi.
Demak, ko‘chat ekish savobli amallar sirasiga kirish barobarida u kishi dunyodan o‘tib, amal sahifasi yopilgandan so‘ng ham haqqiga muttasil ravishda savob borib turishiga sabab bo‘lar ekan.
Shunday ekan, bizlar ham bu ezgu ishdan chetda qolmay, obodonchilik va farovonlik yo‘lida qo‘limizdan kelgancha harakat qilaylik!
Sammuslim.uz
#xabar #seminar #imom #malaka
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va ish samaradorligini yuksaltirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda 8–9 sentyabr kunlari Diniy idoraning Masjidlar bilan ishlash hamda Kadrlar bo‘limlari hamkorligida respublikamiz bo‘yicha yangi lavozimga tayinlangan 55 nafar imom-xatib va imom noiblari uchun ikki kunlik o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov, Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori, shuningdek, Fatvo markazi, Kadrlar bilan ishlash, Ichki nazorat bo‘limi mutasaddilari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qildilar.
Xususan, soha mutasaddilari tomonidan muvaffaqiyatli imom bo‘lish omillari, go‘zal qiroat va tajvid qoidalari, shar’iy masalalarga to‘g‘ri yondashish, faoliyat samaradorligini baholash (KPI), qonun-qoidalarga qat’iy rioya etish, mehnat munosabatlari hamda jamoat bilan ishlash ko‘nikmalari yuzasidan zarur amaliy tushuntirish va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati