Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyun, 2026   |   11 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
26 Iyun, 2026, 11 Muharram, 1448
Maqolalar

Valid ibn Abdulmalik

27.11.2024   10491   14 min.
Valid ibn Abdulmalik

Valid ibn Abdulmalik
(xalifalik davri: hijriy 86–96; milodiy 705–714)

To‘liq ismi: Valid ibn Abdulmalik ibn Marvon. U rohat-farog‘atda o‘sdi. Til ilmida zaif edi. Xalifalikni otasidan keyin, otasining ahdiga binoan egalladi.


Valid ibn Abdulmalik amalga oshirgan eng muhim ishlar

Valid ibn Abdulmalik xalifalik ishini Damashqdagi katta jome’ masjidni bino qilish bilan boshladi. U bu ishni xalifa bo‘lganida boshlab, xalifalik davri tugaganida oxiriga yetkazdi. Bu ish o‘n yil davom etdi. Mazkur katta jome’ masjid fan va madaniyatning buyuk nishonasiga aylandi.

Shu o‘rinada Buyuk Britaniyada Jon Fozergil (John Fothergill) suratga olgan «Sharq va G‘arb» deb nomlangan yetti bo‘limdan iborat filmning to‘rtinchi qismidan olingan iqtibosni e’tiboringizga havola etishga ijozat bergaysiz.

«Damashq. Shom. Umaviylar masjididan mo‘minlarni namozga chorlab azon aytilmoqda. Kundalik ibodatlar vaqtini belgilovchi bu an’ana 1400 yildan buyon davom etib kelmoqda. Ushbu chorlovga dunyoning eng buyuk dinlaridan biri bo‘lmish Islom ahli «labbay» deb javob beradi. Bu javob hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallam risolatining abadiy barhayotligini tasdiqlaydi. Ayni paytda bu Islomdagi boshqa bir ta’limotning – kashfiyot va ilmiy tadqiqotlarga intilish, ilmga bo‘lgan chanqoqlik an’anasining ham tasdig‘idir.

Bu – o‘rta asr Islomining tamaddun tarixiga qo‘shgan, biroq unutilgan ulkan hissasi haqidagi hikoyadir. Yevropa tarixining zulmatga cho‘milgan davrida musulmonlar borliq haqidagi tushunchalarni umumlashtirdilar, ta’lim muassasalariga asos soldilar va zamonaviy ilm-fan poydevorini qurdilar...

Yaqin Sharqda zulmat asrlari bo‘lmagan. Rimliklar bu yerda uzoq tamaddunlar tarixining kichik bir nuqtasi, xolos. Sharqiy Rim imperiyasi o‘z o‘rnini arab sahrosidan kelgan yangi kuchga bo‘shatib bergan.

Fotihlar o‘zlari bilan yangi dinni – Islom dinini olib kelishdi. Xalifalar bir asr mobaynida Damashqda Qadimiy Rimdan afzal bo‘lgan saltanat hukmdorlariga aylanishdi. Yangi Islom dunyosining hududi Hindistondan Ispaniyaning g‘arbiy sohillarigacha yetib bordi. Rimga bostirib kirgan qabilalardan farqli o‘laroq bu fotihlarni johil varvarlar deb atash mumkin emas edi. Damashqda hatto binolar ham, bor madaniyatni vayron qilish emas, balki taraqqiyotni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan davlatning tarixidan ajib hikoyalar so‘zlaydi.

706 yilda arab dunyosidagi eng birinchi va eng katta masjid qurilishi boshlandi. U dunyodagi eng ko‘hna qadamjolardan biriga aylangan bino edi. Uch ming yil muqaddam bu yerda Haddod nomli ilohga sig‘inib, unga atab qurbonliklar qilishardi. I asrda bu yerda Damashq Yupiterining ulkan ehromi turardi. IV asrda u Yuhanno Ma’madonning (Cho‘qintiruvchi Ioann) maqbarasiga aylantirildi. VIII asrga kelib esa bu yerda Islom xalifaligining eng katta masjidi qurildi.

Umaviylar masjidi Islom tamaddun tarixining tarkibiy qismi ekanidan dalolat beradi. Yangi mozaikalar va minoralar nasroniy ustalar tomonidan eski bazilika va majusiylar ehromiga monand qilib qurilgan edi.

Atrofimizdagi me’morchilik obidalari xalifalarning bu yerdagi qadimiy narsalarni buzmaganini, balki ular asosida yanada go‘zal va betakror imoratlar qurganini isbotlaydi. Ular ilm-ma’rifat sohasida ham ana shunday kamolot sari intilar edilar.

Ushbu din moziydagi bilimlarni ehtirom qilish va ularni rivojlantirish uchun o‘z asoslariga egadir. Musulmonlar har kuni muayyan vaqtlarda besh mahal namoz o‘qib, ibodat qiladilar. Shuning uchun bu din o‘zining ilk kunlaridanoq vaqtni aniq hisoblash juda muhim ahamiyatga ega ekanini isbot etgan...» (Iqtibos tugadi)

Birinchi shifoxona umaviylar sulolasining vakili Valid ibn Abdulmalik davrida, milodiy 707 yilda qurilgan. Uning barcha sarf-xarajatlari davlat hisobidan bo‘lgan. Bemorlar bepul oziq-ovqat bilan ta’minlanganlar.

Shuningdek, Valid ibn Abdulmalik Quddusi sharifdagi xarsangtosh ustiga qubba qurdirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlarini kengaytirdi. U juda ko‘p ta’mir va me’morchilik ishlarini amalga oshirdi.

 

Valid ibn Abdulmalik davridagi vaziyat

Valid ibn Abdulmalikning xalifalik davrida Islom olamidagi barcha viloyatlarda sokinlik, kengchilik, farovonlik, tinchlik-omonlik va barqarorlik hukm surdi. Xavorijlarning ishlari zaiflikka yuz tutdi. Bu davrda jiddiy salbiy harakatlar bo‘lmadi.


Fathlar

Valid ibn Abdulmalikning xalifalik davrida juda katta va ulug‘ fathlar amalga oshirildi. Fath ishlari har tarafga kengayib bordi, sharqu g‘arb, Andalus, Fransiya yerlarida fathlar bo‘ldi.


Farbiy jabha

Rum yurtlarida qo‘mondon Maslama ibn Abdulmalik Anqaragacha yetib bordi. Hijriy 89 (milodiy 708) yilda Hiraqla (Irakliya) nomli joyni ham fath qildi. Musulmonlar Qustantiniya ko‘rfaziga yetib borishdi. Ozarboyjonni ham fath qilishga urinishdi. U yerliklar ahdlarida turmaydigan aholi bo‘lib chiqdi. Hijriy 93 (milodiy 712) yilda bu joylarda fath ishlari va g‘azotlar ko‘paydi.

Hijriy 89 (milodiy 708) yilda musulmonlar O‘rta yer dengizida Siqilliya (Sitsiliya) va Miyruqa orollarini fath qildilar. Afrikada esa Muso ibn Nusayr o‘zining fathlarini yana ham mustahkamladi, barbarlar orasida Islom dinini tarqatishda ko‘pgina ishlarni amalga oshirdi.

 

Andalusning fath qilinishi

Qo‘mondon Muso ibn Nusayr bo‘g‘ozdan kechib o‘tib, Yevropa yurtlarida Islomni tarqatishga, u yerlarni ham Islom davlati qatoriga qo‘shishga ahd qildi. U o‘zining barbar millatiga mansub lashkarboshisi Toriq ibn Ziyodni dengizdan o‘tib, Andalusga borish uchun yubordi. Rivoyat qilishlaricha, Toriq ibn Ziyod bo‘g‘ozdan o‘tib bo‘lgandan keyin askarlari orqaga qaytish yoki qochishni hayollariga ham keltirmasliklari uchun o‘zlari minib o‘tgan barcha kemalarni yondirib yuborgan va mashhur ma’ruzasini so‘zlagan. Unda: «Ey odamlar, qochar yer qayda, orqangizda (dushman misoli) dengiz, oldingizda (dengizdek) dushman bor. Sizlarga endi sadoqat va sabr-matonatdan boshqa hech narsa qolmadi», degan.

U ko‘p urushlarda qatnashdi va Islom dinini tarqatishga harakat qildi. Hijriy 92 (milodiy 711) yilda esa An¬dalusni fath qildi.

Toriq va Muso Jabali Baronisgacha yetib borib, u yergacha bo‘lgan barcha mintaqalarni Islom davlati hududiga qo‘shishga muvaffaq bo‘lishdi.

Ispaniyada avvallari Golldan kelgan keltlar hamda kelib chiqishi unchalik ma’lum bo‘lmagan iber va ligur nomli xalqlar istiqomat qilib kelardi. Keyinchalik ushbu yerlar finikiyaliklar, yunonliklar va karfagenliklarning mustamlakasiga aylantirildi. Ikkinchi punliklar[1]  urushidan keyin hudud rimliklar qo‘liga o‘tdi. Ular Ispaniyada V asrgacha hukmronlik qilishdi. Xuddi Rim kabi Ispaniya ham inqirozga uchrashi kerak edi. Shimoldan kelgan vandallar, alenlar, suyevlar va boshqa shu kabi olmon qabilalari Gollni vayron qilgandan so‘ng mamlakatga bostirib kirishdi. Ammo ular ham keyin kelgan istilochilar – vizigotlar tomonidan mag‘lubiyatga uchradilar. Bular Ispaniyani VIII asrda zabt etib, to musulmonlar kelgunicha to‘laqonli hukmdor bo‘lib turdilar. Ijtimoiy tabaqalanish, doimiy mojarolar, o‘zaro janjallar, harbiy no‘noqlik, yerga ishlov berish nafaqat asosiy mashg‘uloti, balki milliy xususiyati bo‘lgan qishloq aholisining loqaydligi – musulmonlar kelishidan oldin vizigotlar hukmronligining xususiyatlari shulardan iborat edi. Davlatni ichdan buzayotgan raqobat shu darajada kuchli ediki, hatto o‘sha davrning ikki obro‘li shaxsi – graf Yulian va Sevilya yepiskopi fotihlar kelishini ma’qulladilar.

Mazkur fath esa Arabistondan to Atlantika okeanigacha dovyurak va qo‘rqmas amir Toriq ibn Ziyod boshchiligida butun Shimoliy Afrikani shiddat bilan bosib o‘tgan musulmonlar milodiy 711 yilda Shimoliy Afrikani Yevropadan ajratib turuvchi bo‘g‘ozni kesib o‘tib, Ispaniyaning janubiga kelib tushganlarida boshlandi. O‘sha paytdan buyon ushbu bo‘g‘oz afsonaviy amirning ismi bilan, ya’ni «Gibraltar» deya atalib kelmoqda. Bu arab tilidagi «Jabalu Toriq»«Toriq tog‘i» iborasining buzilgan shaklidir.

Barbarlar Afrikasini fath etish uchun arablar ellik yil sarfladilar, nasroniylar Ispaniyasini zabt etish uchun esa bir necha oy kifoya qildi. Ilk yirik jang gottlar qirolligining taqdirini hal etdi. Bu jangda Sevilya yepiskopi musulmonlar tarafida chiqdi. Qirol ham, Ispaniyaning o‘zi ham bir kunda tor-mor qilindi. Musul¬monlar qo‘shinining amiri Toriq ibn Ziyod bunday tezkor g‘alabadan taajjublandi. Afrikani fath etish qanchalik uzoq cho‘zilgani uning yodida bo‘lib, u yevropaliklarda ham xuddi barbarlardagi kabi dovyuraklik va mustaqillikka intilish bo‘ladi, deb o‘ylagan edi. Toriq ibn Ziyod yigirma ming askardan (ulardan sakkiz mingi barbarlar edi) iborat qo‘shin bilan fathini davom ettirish uchun ushbu mamlakatga kirib keldi.

Mamlakat juda tez sur’atlar bilan fath qilindi. Fotihlar oldida eng yirik shaharlar o‘z darvozalarini ochar edi. Kordoba, Malaga, Grenada, Toledo va boshqalar deyarli qarshiliksiz taslim bo‘ldilar. Nasroniylar poytaxti bo‘lmish Toledoda arablar yigirma besh nafar gottlarning qirollariga tegishli tojlarni topdilar.

Fotihlarning Ispaniya aholisiga bo‘lgan munosabati barcha fath etilgan mamlakatlarning xalqlariga bo‘lgan munosabat kabi odilona edi. Musulmonlar mahalliy aholiga ularning mulklarini, cherkovlarini, qonunlarini, o‘z hakamlari tomonidan hukm qilinish huquqini qoldirdilar. Ularga faqat jizya to‘lashni shart qilib qo‘ydilar. Jizya yillik soliq bo‘lib, zodagonlar uchun 15 frank (bir dinordan ortiqroq), oddiy xalq uchun esa yarim dinor miqdorida belgilangan edi. Mazkur shartlar aholiga shu darajada yengil tuyulgan ediki, ular bu shartni hech bir noroziliksiz qabul qildilar.

Atigi ikki yildan so‘ng Ispaniya to‘liqligicha musulmonlarga bo‘ysundi. Ya’ni musulmonlar Iberiya yarimoroliga ilk bor 711 yilda kelgan bo‘lsalar, 713 yilga kelib uni deyarli to‘liq fath qildilar. Bu fath asosan tinch yo‘l bilan amalga oshirildi. Bunga alohida viloyat va shaharlarning hokimlari bilan kelishuv orqali erishilgan bo‘lib, yuqorida aytib o‘tilganidek, ular o‘zlarini xalifaning fuqarolari sifatida tan olish evaziga nafaqat o‘z yerlari va mulklarini, balki nasroniylikka e’tiqod qilish huquqini ham saqlab qolishdi. Fotihlar diniy bag‘rikengliklari bilan aholining ko‘p qismini o‘zlariga jalb etdilar. Shu o‘rinda aytish lozimki, nasroniylarga mamlakatni qayta zabt etish uchun sakkiz asr kerak bo‘ldi.

Taniqli fransuz faylasufi, sayyoh, arxeolog, tabib va ijtimoiy psixologiya asoschisi Gyustav Lebon (Gustav Le Bon) «Arablar tamadduni» nomli kitobida jumladan quyidagi fikrni bildirgan:

«Ispaniyani zabt etganidan so‘ng Toriq Suriyaga Goll va Olmoniya orqali qaytmoqchi, ortga qaytish yo‘lida esa Qustantiniyani ham fath etib, butun «ko‘hna dunyo»ni[2]  Qur’onga bo‘ysundirmoqchi edi. Ushbu rejani amalga oshirishida unga Damashqqa qaytib kelishni buyurgan xalifa halal berdi. Barchasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi: butun Yevropa Muhammadning diniga kirar va barcha madaniyatli xalqlarning diniy birligi tarkib topar edi. Bu esa, ehtimol, butun Yevropaga arablar tufayli ba’zi davlatlarga noma’lum bo‘lgan o‘rta asrlar davrini chetlab o‘tish imkonini berar edi».

Shu o‘rinda aytish kerakki, mazkur kitob 1884 yilda nashr etilgan bo‘lib, u arablarning islomiy madaniyati hamda uning jahonning boshqa madaniyatlariga ta’sirining fundamental tarixiy-madaniy tahlilini o‘z ichiga olgan.

Lebonning ushbu kitobidagi alohida urg‘u berish lozim bo‘lgan markaziy fikrlaridan biri quyidagicha: aynan musulmonlar Yevropa fani, falsafasi va butun madaniy sohasining ustozlari bo‘lishgan va bu jarayonda musulmonlarning madaniyati yordamida yarimyovvoyi o‘rta asrlar Yevropasi Uyg‘onish davrining madaniy asrlariga chiqib oldi. Bugungi Yevropa o‘zining rivoji uchun aynan musulmonlar oldida qarzdor. Lebonning yozishicha, arablar boshqa xalqlar va madaniyatlarga o‘z madaniyatlari ko‘lamida ta’sir qilgan bo‘lsalar, Yevropaga ular asosan o‘zlarining aniq fanlar, tarix va falsafa kabi sohalardagi ilmiy yutuqlari bilan ta’sir ko‘rsatdilar.

Aytishlaricha, musulmonlar fath etilgan mamlakatni Nuh alayhissalomning afsonaviy avlodi – Andalus ibn Tubalning nomi bilan ataganlar. Ishonarli dalillarga ega bo‘lgan rivoyatga ko‘ra esa, arablar Mag‘ribda ekanliklarida mahalliy barbarlardan dengiz ortida vandallar mamlakati (arab tilida «Biladul vandalus») borligini eshitganlar, chunki vandallar Gibraltar bo‘g‘ozi orqali Mag‘ribga o‘tib, jang qilishgan.

Musulmonlar hukmronligining ilk o‘n yilliklaridayoq mahalliy aholining ommaviy ravishda Islomga kirishi kuzatilgan. Savdogarlar va hunarmandlar, dehqonlar va qullar (jumladan, vestgotlar tomonidan asir olingan o‘zga yurtliklar ham) Islomni qabul qilar edilar. Ular uchun bu shaxsiy ozodlik, xususiy mulkka egalik qilish va uni erkin tasarruf etish huquqini berardi. Shuningdek, ko‘pgina vestgot zodagonlari ham Islomni qabul qilishardi. Ulardan eng mashhurlari Banu Qasi – Saragosa hokimlari sulolasi bo‘lib, ular 880–917 yillarda Andalusning janubi-sharqida mustaqil isyonkor qirollik tuzishgan.

Keyingi mavzular:
Sharqiy jabha;
Turk yurtlari.


[1] Ikkinchi punlar urushi – shuningdek, «Gannibalga qarshi urush» deb ham nomlangan (rimliklar tomonidan), Karfagen va Rim o‘rtasidagi O‘rta yer dengizi hududida hukmronlik uchun olib borilgan urush. Rimliklar karfagenliklarni punlar (Poeni) deb ataganlari uchun shunday nomlanadi.
[2] Ko‘hna dunyo – ya’ni Yevropa

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto)

25.06.2026   2787   3 min.
Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto)

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2025-2026 o‘quv yilining 49-bitiruvchilarini kuzatishga bag‘ishlangan “XATMONA – 2026” bayram tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlangan ushbu tantanali marosimda soha rahbarlari, ulamolar, davlat tashkilotlari mas’ullari hamda muhtaram mehmonlar ishtirok etdi. 


Tadbirni ochib bergan Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov bitiruvchilarni ushbu quvonchli kun bilan qutlab, ularning kelgusi ilmiy va amaliy faoliyatlariga muvaffaqiyat tiladi. Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Xomidjon domla Ishmatbekov, Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi Ergash Daminov, Diniy idora raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov hamda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusovlar so‘zga chiqib, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlar ta’lim-tarbiyasi va malakali kadrlar tayyorlash masalalariga to‘xtaldi hamda ilm ahli zimmasidagi yuksak va sharafli mas’uliyatni ta’kidlab, duoi xayrlar qildilar. 


Quvonchli va unutilmas voqealarga boy bo‘lgan tadbir doirasida yil davomida ilmiy-pedagogik, ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy sohalarda alohida faollik ko‘rsatgan bir guruh ustozlar hamda iqtidorli talabalar munosib taqdirlandilar. Jumladan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi nomidan Abduqodir Pardayev “Ijtimoiy tarmoqlarda Raddiya yo‘nalishida eng ko‘p chiqish qilgan professor-o‘qituvchi”, Asliddin Mirzamiddinov “Eng faol targ‘ibotchi” hamda talaba Fazliddin Shamiyev “Fidoyi va jonkuyar talaba” nominatsiyalari bilan mukofotlandi.


Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan fan oyligini yuqori saviyada tashkil etganlari uchun kafedra mudirlari Yusufxon domla Abdurahimov va Ulug‘bek domla Hasanov, mo‘tabar kitoblar xatmidagi faolligi uchun Rahmatulloh domla Maxsumxonov va Soatmurod domla Primov, namunali to‘garak faoliyati uchun Farhod domla Jo‘rayev hamda xalqaro Qur’on musobaqalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan talaba Sirojiddin Jalilovlar tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. 


Tadbir yakunida institutda barcha fanlardan a’lo baholarga o‘qib, namunali xulqi va fidoyiligi bilan ajralib turgan bitiruvchilar Muhammadjon Odilov, Abdumajid Sobirov va Boymurod Muhammadiyevlarga institut rektori tomonidan imtiyozli diplom va tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi. 

***

Shu kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Toshkent islom institutida xotin-qizlar bo‘limi bitiruvchilariga bag‘ishlangan “Xatmona – 2026” tantanasi bo‘lib o‘tdi. Qur’on tilovati bilan boshlangan tadbirda institut rahbariyati, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Diniy idora mas’ullari hamda poytaxt otinoyilari ishtirok etib, yosh olimalarni qutladi va kelgusi diniy-ma’rifiy faoliyatlarida zafarlar tiladilar. Ahamiyatlisi, bu yil institut tarixida ilk bor magistratura bosqichini tamomlagan ikki nafar ayol talaba ham diplomga ega bo‘ldi.


Marosim doirasida ta’limda yuqori natija ko‘rsatgan qizlarga imtiyozli diplomlar, to‘rt yillik sarhisob videoroliklari va esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Shuningdek, Qur’oni karimni bir o‘tirishda yoddan o‘qib bergan 4 nafar murattab qoriyaga ramziy toj kiydirildi hamda ikki yil davomida “Sahihi Buxoriy” kitobini to‘liq xatm qilgan bitiruvchilarga ustozlari tomonidan maxsus ijozalar topshirildi. Tadbir yakunida dinu el xizmati yo‘lida duoi xayrlar qilindi. 


Barcha bitiruvchilarni ushbu muborak ayyom bilan qutlab, dinimiz va xalqimiz ravnaqi yo‘lidagi kelgusi xizmatlarida ulkan zafarlar tilaydi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto) Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto) Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto) Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto) Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto) Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto) Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto) Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto) Toshkent islom institutida “Xatmona – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi (foto)
O'zbekiston yangiliklari