Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Noyabr, 2026   |   21 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:34
Quyosh
06:54
Peshin
12:12
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:36
Bismillah
01 Noyabr, 2026, 21 Jumadul avval, 1448
Maqolalar

Rizq izlashda tavakkul qilish

27.11.2024   10918   8 min.
Rizq izlashda tavakkul qilish

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) O‘zi unga Yetarlidir. Albatta, Alloh O‘zi (xohlagan) ishiga Yetuvchidir. Darhaqiqat, Alloh barcha narsa uchun miqdor-o‘lchov qilib qo‘ygandir” (Taloq, 3).

Ushbu oyatda, agar bandalar Allohga tavakkul qilsalar, U Zot ularning ishlari mukammal bo‘lishi uchun kafil bo‘lishi, tavakkul qilganlar uchun Alloh kifoya ekani, U Zot xohlagan ishini bajara olishi va har bir narsani o‘ta aniq qilib belgilab qo‘ygani aytilmoqda.

Tavakkulning asl ma’nosi “o‘zini Allohga topshirish”dir. G‘azzoliy tavakkulni: “Qalbning Yolg‘iz Vakil – Allohga suyanishidan iboratdir”, deb tushuntirgan.
Alloma Munoviy esa: “Tavakkul bandaning ojiz ekanini izhor qilib, tavakkul qilinadigan Zotga ishonishidir”, degan.

Tasavvuf ahlining nazdida tavakkul “odamlar qo‘lidagi narsaga suyanmasdan, faqat Alloh dargohidagi narsaga ishonish”dir. Mulla Ali Qori Allohga haqiqiy tavakkul qilishni quyidagicha tushuntiradi: “Tavakkul borliqda Allohdan boshqa amalga oshiruvchi zot yo‘q ekani, yaratish va rizq berish, ato qilish va man etish, zarar va foyda, kambag‘allik va boylik, kasallik va salomatlik, o‘lim va hayot hamda boshqa barcha narsalar Alloh taolodan ekaniga hech shubhasiz aniq ishonishdir” (“Mirqotul mafotiyh”).

Tavakkul qalb ishidir. Unda qalb butunlay Allohga topshiriladi. Ishlarning oqibati U Zotga havola qilinadi. Ayniqsa, rizq topishda tavakkulning ahamiyati beqiyosdir. Rizq talabidagi tavakkul “rizqni faqat Alloh berishiga aniq ishongan holda o‘sha rizq keladigan sabablarni harakatga keltirish”dir.

– Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar sizlar Allohga haqiqiy tavakkul qilganlaringizda edi, xuddi qorni och holda ketib, to‘ygan holda qaytib keladigan qush kabi rizqlantirilgan bo‘lar edingiz!” (Termiziy, Nasoiy, imom Ahmad, Hokim, Ibn Hibbon “Sahih”da rivoyat qilgan).

Ushbu hadisda rizq topishdagi tavakkulning asl mohiyati ochiq-oydin ifodalanmoqda.

Ya’ni: agar sizlar Allohga haqiqiy tavakkul qilganlaringizda, Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekaniga imon keltirib, U Zot rizq berishi, xohlagan maxluqotiga berib, xohlaganidan man qilishiga ishongan holda chiroyli suratda va halol yo‘l bilan rizq talabida bo‘lganlaringizda, xuddi ertalab qorni och holda chiqib, kechasi to‘q bo‘lib qaytadigan qush kabi rizqlantirilgan bo‘lar edingiz.

Bu yerda bandalar rizq topishda doim ham Allohga tavakkul qilishni o‘rniga qo‘ya olmasliklari aytilib, tavakkulning foydasini tushuntirish uchun qushni misol qilib keltirilmoqda.

Haqiqatan, qushlarning holatiga ibrat nazari bilan qarasak, buning asl haqiqatini anglab yetamiz. Erta tongda rizq talabida yo‘lga chiqqan qushlarning qorni och bo‘ladi. Shu bilan birga ularning oldindan tayyorlab qo‘ygan rizq manbalari ham, ko‘z ostiga olib qo‘ygan o‘ljalari ham, zaxiralari ham bo‘lmaydi. Lekin ularda harakat va rizq topishga ishonch bo‘ladi. Demak, bandalar ham Allohga tavakkul qilishni o‘rniga qo‘ya bilsalar, o‘zlari o‘ylamagan va xayollariga kelmagan tomondan rizqlanar ekanlar.

Odatda, inson ertangi va undan keyingi kunlarda iste’mol qiladigan narsalarini oldindan tayyorlab qo‘yadi. Bu haolatni yana chumoli va sichqonlarda ham ko‘rish mumkin. Lekin inson Allohga haqiqiy tavakkul qila olganida, ertalab turganida yeyishga hech narsasi bo‘lmagan taqdirda ham, Alloh uni munosib tarzda rizqlantirgan bo‘lar edi.

Ushbu hadisning yana bir diqqatga molik jihati bor. Bu ham bo‘lsa, tavakkul va harakat masalasidir. Aslida kasb insonni rizqlantirmaydi, Alloh rizqlantiradi. Ammo tavakkul va harakat birlashsagina ko‘zlangan maqsad hosil bo‘ladi. Zero, hadisda bizlar uchun misol qilib keltirilayotgan qush ham harakat va intilish bilan qorin to‘yg‘azadi. Shu ma’noda Ahmad aytadi: “Ushbu hadis kasbni tark qilishga emas, balki rizq talabida harakat qilishga targ‘ib qiladi. Agar bandalar har bir holatda – yurganda, turganda va boshqa tasarruflarida Allohga tavakkul qilib, barcha yaxshilik faqat U Zotning qo‘lida ekanini bilganlarida edi, xuddi qushlar kabi salomat holda rizqlantirilgan holda qaytgan bo‘lar edilar. Ammo insonning o‘z zahirasi va kasbiga suyanishi tavakkulga zid emas”. Abu Bakr Varroq aytadi: “Alloh bandalari rizqini ta’minlab qo‘ygan. Endi bandalari ham Allohga tavakkulni ta’min etishlari lozim”.

Shayx Abu Homid bunday degan: “Kishilar tavakkulni badan bilan kasbni va qalb bilan tadbir qilishni tark qilib, xuddi otib yuborilgan eski lattaga o‘xshab yerga yotib olish, deb o‘ylashlari mumkin. Bu johillarning fikridir! Bu shariatga xilofdir. Shariatda tavakkul qiluvchilar maqtaladi. Endi Shariat qaytargan narsadan qaytmay turib, qanday qilib yuksak maqomga erishish mumkin? Balki haqiqat shuki, bandaning qalbi bilan qilgan tavakkulining ta’siri uning maqsadga erishishdagi harakati, intilishi va amallarida ko‘rinadi”.

Imom Abulqosim Qushayriy aytadi: “Bilginki, tavakkulning o‘rni qalbdir. Bas, banda rizq Allohdan ekanini bilganidan so‘ng qalbi bilan tavakkul qilgach, badani bilan harakat qilishi bir-biriga qarshi emas. Agar biron narsa qiyinlashsa, bas, Allohning taqdiri bilandir. Agar biron narsa yengillashsa, U Zotning yengillatishi bilandir”.

Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Tuyamni bog‘lab tavakkul qilaymi yoki qo‘yib yuborib so‘ng tavakkul qilaymi?” deb so‘raganida, u zot: “Uni bog‘lagin-da, so‘ng tavakkul qilgin!” deb aytganlar (Shu ma’nodagi hadisni Ibn Hibbon, Hokim va Quzo’iylar rivoyat qilishgan).

– Muoviya ibn Qurra  aytadi: “Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir qavm oldidan o‘ta turib: “Sizlar kimsizlar?” deb so‘radi. Ular: “Tavakkul qilguvchilarmiz”, deyishdi. Shunda (Umar ibn Xattob roziyallohu anhu): “Sizlar ta’akkul qiluvchisizlar (ya’ni, tayyor narsani yeb yotuvchi tekinxo‘rsizlar). Zero,(Allohga) tavakkul qilgan kishi, avval yerga urug‘ sepadi, so‘ngra Rabbiga tavakkul qiladi”, dedi” (Hakim Termiziy “Navodirul usul”da rivoyat qilgan).

Hakim Termiziy “Navodirul usul”da keltirgan boshqa rivoyatda Umar ibn Xattob Yamanlik kishilarni uchratgani aytilgan. O‘sha qavm sabablarni axtarmay, harakat qilmay, bizga rizqni Allohning O‘zi beradi, deb e’tiqod qilganlarini ko‘rib, ularni “tekinxo‘rlar”, deb atamoqda va shundan so‘ng haqiqiy tavakkul qanday bo‘lishini ta’lim bermoqda.

“Jome’ul ’ulumi va hikam” asarida bunday deyilgan: “Bilginki, tavakkulning samarasi qazoga (taqdirga) rozi bo‘lishdir. Kimki ishlarini Allohga topshirib, U Zot hukm qilgan, xohlagan narsaga rozi bo‘lsa, Allohga haqiqiy tavakkul qilgan bo‘ladi. Shu sabab ham Hasan Basriy, Fuzayl ibn Iyoz va boshqalar Allohga tavakkul qilishni U Zotning qazoi qadariga rozi bo‘lishdir, deb izohlashgan”.

Ibn Abu Dunyo aytadi: “Menga ba’zi hakimlarning shunday deganlari yetib keldi: tavakkul uch darajaga bo‘linadi. Birinchisi – shikoyatni tark etish. Ikkinchisi – rozilik. Uchinchisi muhabbatdir. Shikoyatni tark etish sabr darajasi. Rozilik Alloh taqsim qilgan rizq bilan qalbning sokin bo‘lishidir. Bu avvalgisidan ko‘ra yuqoriroq darajaga ega. Muhabbat esa Alloh o‘ziga nisbatan qilgan tadbiri tufayli U Zotni yaxshi ko‘rishdir. Birinchi daraja zohidlarniki va ikkinchisi sodiqlarnikidir. Uchinchisi payg‘ambarlarning darajasidir”.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mo‘min banda rizq talabida, tirikchilik yo‘lida bor imkoniyatlarni ishga solib, Yolg‘iz Allohga tavakkul qilgan holda jiddu jahd qilishi lozim. Ammo shuni bilsinki, u faqat harakat qilgani va intilgani uchungina rizqlanayotgani yo‘q. Chunonchi, rizq Alloh taolo tarafidan kelishini unutmasin!

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Maqolalar
Boshqa maqolalar

55 yillik ilmiy maktab: Toshkentda islom ta’limining tarixi va kelajagi muhokama qilindi

30.10.2026   59317   5 min.
55 yillik ilmiy maktab: Toshkentda islom ta’limining tarixi va kelajagi muhokama qilindi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 55 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi, xabar bermoqda iccu.uz.

«Dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalar» mavzusida o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy anjumanida ma’lum qilinishicha, 2017 yildan buyon 5300 dan ortiq «xatmul kutub» (muayyan diniy-ilmiy asarni ustoz rahbarligida boshidan oxirigacha o‘qish, uning mazmunini o‘rganish va sharhlash) amalga oshirilgan, klassik islomiy manbalarni to‘liq o‘qish va ijoza berish an’analari qayta tiklangan, hanafiy fiqhi bo‘yicha magistratura yo‘nalishi tashkil etilgan.

Shuningdek, anjumanda diniy ta’lim tizimidagi ushbu natijalar ma’lum qilinib, zamonaviy aqidaviy va fiqhiy masalalarga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqish, tadqiqotlarni kengaytirish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash istiqbollari muhokama qilindi.

Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Islom sivilizatsiyasi markazi va xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, ulamolar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda imom-xatiblar ishtirok etdi.

Anjumanning yalpi majlisida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, «Muftiy Boboxonovlar» jamg‘armasi direktori Jamoliddin Boboxonov va boshqalar ma’ruza qildi.

Notiqlar institutning tashkil topish tarixi, diniy ta’lim rivojiga qo‘shgan hissasi, ushbu dargohda faoliyat yuritgan ulamolarning ilmiy merosi hamda mutaxassislar tayyorlash tajribasiga to‘xtaldi.

«5300 dan ortiq xatmul kutub amalga oshirildi»

Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov muassasaning yarim asrdan ortiq faoliyati davomida shakllangan ta’lim an’analari va so‘nggi yillarda joriy etilgan ilmiy yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi.

«2017 yildan boshlab qadimiy an’analarimiz, madrasalarimizning ta’lim berish usullari orqali mo‘tabar ustozlarimiz va allomalarimizning kitoblarini o‘qitish, “Sahih al-Buxoriy”, “Sunan at-Termiziy”, Imom Moturidiyning kitoblari, Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya”si va boshqa asosiy islom ilmlari manbalarini to‘liq o‘qish, xatmul kutub va yakunda ijoza berish tizimi qayta tiklandi. Bugungi kunga qadar 5300 dan ortiq xatmul kutub amalga oshirildi», — dedi Uyg‘un G‘afurov.

Rektor institutda hanafiy fiqhi bo‘yicha magistratura tashkil etilgani, moturidiylik aqidasi, tafsir va hadis ilmlari yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlanayotganini ham qayd etdi.

Kelgusida ushbu yo‘nalishlarda doktorantura tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu esa klassik islomiy ilmlarni chuqur tadqiq qilish va ilmiy kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Murakkab tarixiy sharoitda shakllangan ilmiy dargoh

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov Toshkent islom institutining tashkil topish sharoiti va diniy ta’lim tarixidagi o‘rniga e’tibor qaratdi.

Olimning ta’kidlashicha, institut murakkab tarixiy davrda faoliyat boshlagan bo‘lsa-da, nafaqat O‘zbekiston, balki sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi musulmon jamoalari uchun diniy mutaxassislar tayyorlashda muhim vazifani bajargan.

«Shunga qaramasdan, institut yarim asr davomida minglab ham diniy ilmlarni yaxshi biladigan, ham bugungi tushunchadagi akademik tahsil olgan, ya’ni diniy va dunyoviy bilimlarni o‘zaro uyg‘unlashtirgan ko‘p sonli mutaxassislar tayyorladi. Ular siyosiy-ijtimoiy barqarorlik, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi jarayonlarga o‘zining hayotbaxsh, bunyodkor ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda. Mamlakatda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar institutning ilmiy va ta’limiy imkoniyatlarini kengaytirmoqda, ayni paytda mutaxassislar tayyorlash borasidagi mas’uliyatini ham oshirmoqda», — dedi Zohidulla Munavvarov.

Zamonaviy aqidaviy masalalarga ilmiy yondashuv

Anjumanning ilmiy dasturi ikki sho‘ba doirasida davom etdi.

«Dolzarb aqidaviy masalalar va ularning ilmiy yechimlari» mavzusidagi birinchi sho‘bada Saidafzal Saydjalolov, Abdulaziz Yaxshilikov, Davronbek Abduqodirov va Botirjon Abdullayev ma’ruzalar bilan qatnashdi.

Muhokamalarda sunniylik manbalarida raddiyaga oid qarashlar, zamonaviy e’tiqodiy masalalar hamda Abu Rayhon Beruniyning ilmiy merosida aks etgan diniy qarashlarga oid tadqiqotlar taqdim etildi.

Ma’ruzachilar tarixiy diniy manbalarni ilmiy asosda o‘rganish, ulardagi qarashlarni tadqiq etish va bugungi kunda yuzaga kelayotgan e’tiqodiy masalalarni tahlil qilishning ahamiyatiga to‘xtaldi.

Fiqhiy masalalar: an’anaviy manbalar va amaliy yechimlar

«Zamonaviy fiqhiy masalalar: yangi muammolar va amaliy yechimlar» deb nomlangan ikkinchi sho‘bada Abduvohid Ahmadaliyev, Muhammadmuso Nabijonov, Alijon Ravshanov, Abdulahad Sodiqov, Akmaljon G‘aniyev, Soyibjon Jo‘rayev, Xurshida Usmanova, Sanjar Berdiyev va Sirojiddin Shodmonov o‘z tadqiqotlarini taqdim etdi.

Unda hanafiy mazhabi ulamolarining fiqhiy yondashuvlari, Qur’on va sunnatni talqin qilish masalalari hamda zamonaviy hayotda yuzaga kelayotgan fiqhiy muammolar muhokama qilindi.

Ishtirokchilar an’anaviy manbalarni chuqur tahlil qilish, ilmiy asoslangan xulosalar ishlab chiqish va diniy ta’limda tadqiqot natijalaridan samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Ilmiy tavsiyalar va maxsus to‘plam tayyorlanadi

Anjumanning yakuniy qismida Toshkent islom institutining 55 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan maqolalar tanlovi g‘oliblari hamda Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida tashkil etilgan IV xalqaro olimpiadada sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan talabalar taqdirlandi.

Anjuman yakunida dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalar yuzasidan ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish hamda saralangan maqolalarni maxsus ilmiy to‘plam shaklida nashr etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 55 yilligiga bag‘ishlangan anjuman diniy ta’limning tarixiy tajribasini sarhisob qilish bilan birga, klassik islomiy manbalarni chuqur tadqiq etish, zamonaviy aqidaviy va fiqhiy masalalarni ilmiy o‘rganish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash istiqbollarini belgilashga xizmat qildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati