Ramazon – xayr-saxovat, mehr-muhabbat oyi. Bu oyda ko'ngli o'ksiklar, ehtiyojmand, kam ta'minlangan oilalar holidan xabar olinib, ularga yaxshiliklar ulashish qadim qadriyatlarimizdan sanaladi.
Shu kunlarda O'MI Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimlari va imom-xatiblar tomonidan homiylar ko'magida hududlardagi boquvchisini yo'qotgan, yolg'iz keksalar, nogironligi bor shaxslar xonadoniga tashrif buyurilib, ulardan hol-ahvol so'raldi. Shu bilan birga ehtiyojmandlarga oziq-ovqat mashulotlari, isitish pech'lari, kiyim-kechaklar va moddiy yordam hadya etildi.
Jumladan, 5 nafar ikkinchi jahon urishi qatnashchilari, 23 nafar mehnat faxriylari, 149 nafar nuroniy va yolg'iz keksalar, 792 nafar o'zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolar xonadonlariga borib, ularga 429607000 so'm miqdorida moddiy yordam yoki oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
Bunday saxovat tadbirlari muborak oy yakuniga qadar davom etadi, inshoalloh.

«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati