Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Avgust, 2026   |   8 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:12
Quyosh
05:38
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:18
Xufton
20:39
Bismillah
21 Avgust, 2026, 8 Rabi`ul avval, 1448

Tonggi uyquning rizqqa ta’siri

28.11.2024   12126   7 min.
Tonggi uyquning rizqqa ta’siri

Bismillahir Rohmanir Rohiym

ismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Soxr al-G‘omidiy rivoyat qiladi: “Nabiy  sollallohu alayhi va sallam: “Allohim, ummatimning barvaqt (qilgan ishlari)da baraka bergin!” deb duo qildilar. U zot qo‘shinni biron joyga jo‘natmoqchi bo‘lsalar, kunning avvalida jo‘natar edilar”. Soxr tijoratchi kishi edi. U ham tijorat karvonini kunning avvalida jo‘natar edi. Natijada uning mol-dunyosi ko‘payib, boyib ketdi (Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja, imom Ahmad, imom Tabaroniy, Ibn Hibbon “Sahih”da rivoyat qilgan. Ibn Moja Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda: “Ey Allohim, ummatimning payshanba kungi barvaqt (qilgan ishlar)ida baraka bergin!” deyilgan).

Ushbu rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tomonlaridan erta tongda musulmonlar bajargan ishlarning barakali bo‘lishini so‘rab qilgan duolari va buning tasdig‘i o‘laroq hadis roviysining hayotidan ibratli voqea ham keltirilmoqda.

Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Allohim, ummatimning barvaqt (qilgan ishlari)da baraka bergin!”, deb duo qildilar. U zot qo‘shinni biron joyga jo‘natmoqchi bo‘lsalar, kunning avvalida jo‘natar edilar.

Ya’ni: Allohim, mening ummatim ichidan erta tongda barvaqt amal qiluvchilarning amallariga, kasb-kor qiluvchilarning kasblariga, ilm talabida bo‘ladiganlarning ilmlariga baraka bergin. Ularning ishlari va amallarini serunum, rivojli va davomli qilgin!

Mazkur duo orqali, o‘z navbatida u zot ummatlarini har qanday ishni bajarishda barvaqt harakat qilish, erta tongdan rizq yoki ilm talabida bo‘lishga targ‘ib qilmoqdalar.

Alloh taolo Qur’oni karimda tunni uyqu vaqti, kunni esa tirikchilik olib boradigan payt qilib qo‘yganini aytgan. Shunga binoan, kunning avvalidan harakatda bo‘lish yaxshi natijalarga sabab bo‘ladi.

Ummatlarini erta turishga va barvaqt harakatda bo‘lishga undagan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytgan gaplariga eng avval o‘zlari amal qilardilar. Agar u zot biron yerga vazifa bilan kichik bir guruh yoki kattaroq qo‘shinni yubormoqchi bo‘lsalar, kunning avvalida yuborardilar.

“Soxr tijoratchi kishi edi. U ham tijorat karvonini kunning avvalida jo‘natar edi. Natijada uning mol-dunyosi ko‘payib, boyib ketdi”.

Ushbu hadis roviysi Soxr ibn Vado’a al-G‘omidiy tijorat bilan shug‘ullanar ekan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlariga ergashib, Soxr ham biron yerga savdo karvoni yubormoqchi bo‘lsa, kunning avvalida barvaqt jo‘natardi. Sunnatga astoydil amal qilgani, qolaversa, erta tongda rizq talabida bo‘lgani uchun uning savdosiga baraka kirib, ishlari olg‘a siljiy boshladi. Natijada Soxr roziyallohu anhu boy-badavlat kishilardan biriga aylandi.

Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar: “Rizq talabida barvaqt harakat qilinglar! Zero, ertalabdan harakat qilish baraka va muvaffaqqiyat(omili)dir(Imom Tabaroniy “Avsat”da rivoyat qilgan).

Har birimiz erta tongdan rizq talabida bo‘lishga harakat qilishimiz kerak. Chunki barvaqt qilingan harakat baraka va yutuqlar kalitidir. Bunga hech qanday shak-shubha yo‘q. Sababi buni Nabiy  sollallohu alayhi va sallamning o‘zlari aytib turibdilar. Avvalgi sahih rivoyatda ham bu ma’no ta’kidlangan edi.

Oldin aytib o‘tganimizdek, “rizq” bir tarafdan moddiy ne’matlarni, ikkinchi tarafdan esa ma’naviy-ruhiy ne’matlarni ham o‘z ichiga oladi. Chunonchi, aql, ilm, idrok, zehn va shu kabilar ham insonga beriladigan rizqdir. Shu sabab ham, kitoblarimizda erta tongda ilm talab qilishga targ‘ib qilinadi va ulamolar hayotidan ibratli holatlar misol qilib keltiriladi. Erta tongda ilm talab qilishning fazilatli ekaniga sabab shuki, hadisda aytilayotganidek, bu payt barakalidir. Ma’lumki, uyqudan uyg‘ongach, inson tanasida tetiklik, miyasida ham bardamlik kuzatiladi. Bundan holatda o‘qilgan ilm, yod olingan oyat yoki hadis xotiraga mustahkam o‘rnashadi va zehnga yaxshi singiydi. Xullas, xoh dunyoviy hojat bo‘lsin, xoh uxroviy – zikr va duo kabi ibodatlar bo‘lsin, agar ular erta tong ado etilsa, Alloh bunday ishlarga baraka va rivoj ato etadi.

Amr ibn Usmon ibn Affon otasidan rivoyat qiladi:Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Tonggi (uyqu) rizqni(ng kelishi)ni to‘sadi(Imom Ahmad va  Bayhaqiy rivoyati. Ushbu hadisning sanadi zaif).

“Rizqni to‘sadi” jumlasi “rizqning barakali bo‘lishini man qiladi” ma’nosini anglatadi. Zero, tong chog‘ida to quyosh chiqquncha uxlab yotuvchi qanchadan-qancha odamlar borki, ular rizqdan butunlay mahrum bo‘lib qolmaydilar. Balki ularning rizqida baraka va ishlarida unumdorlik bo‘lmaydi.

“Fayzul-qodiyr” kitobida shunday deyilgan: “Kimki kunini xayrli suratda boshlasa, qolgan qismi ham xayrli-barakali bo‘ladi. Ishlari o‘ngidan keladi. Alloh tarafidan o‘sha bandaning rizqiga baraka beriladi. Rivoyatlarda kelishicha, quyosh chiqquncha bo‘lgan vaqt oralig‘ida rizqlar taqsimlanar ekan. (Uyg‘oq bo‘lish bilan) rizq taqsimotida ishtirok etmagan banda undan mahrum bo‘lgan bilan barobardir. Chunki, tong otgach ham uyqudan uyg‘onmagan banda o‘rnidan lanj va dili xira bo‘lib turadi. Tirikchiligi va kasb-korida ham shijoat va serg‘ayratlilik yo‘qolib, ishiga hafsalasizlik bilan yondashadi. Shu zayl rizqining barakasi ketadi”.

Ali roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam quyosh chiqishidan oldingi uyqudan qaytarganlar(Ibn Moja rivoyati. Hadisning sanadi zaif).

“Quyosh chiqishidan oldingi uyqu” bu tong paytidagi uyqudir. Avvalgi hadisda ertalabki uyqu rizqning barakasini ketkazishi aytilgan bo‘lsa, bu yerda o‘sha vaqtda uxlashdan qaytarilmoqda. Chunki tong chog‘i, ya’ni bomdod namozidan keyingi vaqt zikr-tasbeh, tahlil, istig‘for aytish yoki rizq talabida harakat qilish uchun qulay fursatdir.

Bag‘aviyning “Sharhus sunna” kitobida: “Bizga xabar qilinishicha, Yer bomdod namozidan keyin uxlovchi olimdan shikoyat qilib, Allohga murojaat qilar ekan”, deyilgan.

Muhammad sollallohu alayhi va sallamning qizlari Fotima roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Men tong paytida uxlab yotganimda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oldimdan o‘tib qoldilar. U zot meni oyoqlari bilan qimirlatib: “Ey qizalog‘im, tur, Robbingning rizq (taqsimlash)iga guvoh bo‘l. Aslo g‘ofillardan bo‘lma! Zero, Alloh azza va jalla tongdan quyosh chiqquncha bo‘lgan payt oralig‘ida odamlar rizqlarini taqsimlaydi”, dedilar (Bayhaqiy rivoyati. Hadisning sanadi zaif).

Ushbu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tong chog‘idagi uyqudan qaytarganlari yana bir bor ta’kidlanmoqda. Xullas, banda tong paytida uyg‘oq holda bo‘lib, biron manfaatli ish bilan mashg‘ul bo‘lishi, dunyo va oxirat obodligi uchun intilishi lozim.

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   34382   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari