Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bugun tibbiyot sohasi ixtirolariga nazar solar ekanmiz, unda birinchi navbatda, Yevropa olimlarining kashfiyotlari namoyon bo‘lishini ko‘rishimiz mumkin. Mazkur yo‘nalishdagi yangiliklar, insoniyatga katta naf keltirgan tadqiqotlar asosan so‘nggi ikki yuz yil ichida amalga oshirilgandek go‘yo. Aslida ham shundaymi? Unday bo‘lsa, ming yil oldingi Islom sivilizatsiyasi natijalari qayerda qoldi? Islom dini hammani ilmga targ‘ib qilgan o‘sha davrda nahotki musulmonlar qoloq yashagan bo‘lsa? Nahot, ulardan yetuk olimlar chiqmagan bo‘lsa?
Darhaqiqat, IX–XII asrlar oralig‘i – tarixga Islom olamining Uyg‘onish davri (Renessansi) sifatida muhrlangan. Bu vaqtda ko‘plab ixtirolar amalga oshirilib, dunyo hamjamiyati e’tiboriga taqdim qilingan. Jumladan, o‘sha davrda ilm o‘chog‘i – Bag‘dodda «Baytul hikma» («Donishmadlik uyi»)ga asos solindi. Mazkur dargohda ko‘plab olimlar tunu kun ilm yo‘lida izlanishlar olib borib, har xil sohalar, turli yo‘nalishlar rivojiga hissa qo‘shdilar. Shunday olimlardan biri – g‘arblik shifokorlar va alkimyogarlar orasida Razes, «Ikkinchi Galen» nomlari bilan tanilgan, Bag‘doddagi shifoxonaga rahbarlik qilgan Ar-Roziydir.
Allomaning to‘liq ismi Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyyo Ar-Roziy (milodiy 865–925 yillar) bo‘lib, u Iroqning Ray shahrida dunyoga kelgan. Tibbiyot, matematika, falakiyot, falsafa va kimyo sohalarida samarali faoliyat yuritgan Ar-Roziy ikki yuzga yaqin asar yozib qoldirgan. Ularning aksariyati X asrdayoq Yevropa tillariga tarjima qilingan bo‘lib, 63 tasi hozirgi kungacha saqlanib qolgan.
Britaniyalik sharqshunos va yozuvchi Edvard Granvil Braun Ar-Roziy haqida yozar ekan, uni: «Barcha musulmon tabiblari orasidagi o‘ziga xos va ulug‘ tabib bo‘lib, eng sermahsul asarlar muallifi», deya ta’riflaydi.
«U o‘rta asr Islom olamining eng buyuk tabiblaridan bo‘lgan», deydi Ar-Roziyga yuksak baho bergan amerikalik kimyogar va tarixchi Jorj Sarton.
E’tiborlisi, butunjahon miqyosida ko‘plab shifokorlarning ma’naviy ustoziga aylangan Ar-Roziy tomonidan tibbiyot faniga kiritilgan bir qator yangiliklar bugun ham zamonaviy meditsina asoslarini tashkil qilib turibdi.
Masalan, bugun shifoxonaga shikoyat bilan kelgan bemorga «Kasalliklar tarixi»ning ochilishini hammamiz bilamiz. Lekin bemor haqida barcha ma’lumotni o‘z ichiga olgan daftarni birinchi bor amalda qo‘llagan olim Ar-Roziy bo‘lganini ko‘pchilik bilmasa kerak (Gochfeld M. «Chronologic history of occupational medicine» -«J. Occup. Environ. Med.» 2005 Feb., 47(2), 96 – 114).
Zero, manbalarda keltirilishcha, Ar-Roziy maxsus daftarga kasalning ismi va otasining ismini, yoshi va kasbini, turar joyi va jinsini, qanday dardga chalingani va boshqa belgilarini, o‘zi tomonidan buyurilgan dori va muolajalarni, ularning bemorga ko‘rsatgan ta’sirlarini, nihoyat, kasal tuzalib ketgani yoki o‘lgani haqidagi ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Bemorga xizmat ko‘rsatishning bunday samarali usuli keyinchalik barcha tibbiy muassasalarda qo‘llanila boshlangan.
Buyuk tabibning yana bir ixtirosi chechak kasalligiga qarshi emlash bilan bog‘liq. Gap shundaki, Ar-Roziy «Kitob aljudariy val hasba» («Chechak va qizamiq haqida kitob») asarida tibbiyot tarixida birinchi bo‘lib chechak va qizamiqqa ta’rif berib, ularning boshqa yuqumli kasalliklardan farqini keltirib o‘tadi. Eng muhimi, chechak bilan bir marta kasal bo‘lgan kishi ikkinchi marta bu kasallikka duchor bo‘lmasligini aniqlab, emlash (kishi tanasiga virus infeksiyalarini oz miqdorda yuborish) orqali og‘ir kechadigan darddan forig‘ bo‘lish mumkinligini bayon etadi. Ko‘p o‘tmay variolyatsiya – chechak bilan emlash amaliyoti Sharq va G‘arbga keng tarqaladi.
O‘z navbatida, Ar-Roziy tibbiyotda paxta, halqumdan yot jismlarni olish uchun ishlatiladigan jarrohlik asbobi, shuningdek, qo‘y ichagidan tayyorlanib, jarohatlarni tikishda foydalaniladigan maxsus ip – ketgutdan hamda simob malhamlardan birinchi marta foydalangan tabib sifatida tarixda qolgan.
Aynan maqolamiz qahramoni tashabbusi bilan tibbiyotga har xil mutaxassisliklar kiritilgan. Zero, aynan Ar-Roziy o‘z asarlarida «Bir tabib hamma kasalliklarni davolay olmaydi» degan fikrni ilgari surgan.
Bundan tashqari, u aholining kam ta’minlangan qismi uchun tibbiy tavsiyalar tuzib, bu ma’lumotlarni «Man la yahzuruh at-tabib» («Shaxsiy tabibi bo‘lmaganlarga atalgan tibbiyot») kitobida jamlagan. Mazkur risola keng ommaga mo‘ljallangan bo‘lib, aholi undan tabib topilmagan vaqtda keng foydalangan.
Ar-Roziy shifoxonalarni tashkil etishda binoni qayerga joylashtirish lozimligiga ham ahamiyat berish kerakligini birinchi bo‘lib aytgan tibbiyot ilmi vakillaridan biridir. Qizig‘i, u kasalxona uchun joy tanlashda o‘ziga xos usuldan foydalangan. Jumladan, shaharning turli chekkalariga go‘sht bo‘laklarini osib qo‘yib, ularni bir necha kun davomida kuzatib borgan: qaysi hududda go‘sht uzoqroq aynimay tursa, kasalxonani o‘sha yerda bunyod etishni tavsiya qilgan.
Yunon tibbiyotini ilk bora bir tizimga jamlagan ham Ar-Roziydir. Xususan, benazir shifokor o‘zining eng yirik tibbiy asari – «Al-Xoviy»da qadimgi Yunonistonda yashab, faoliyat olib borgan olimlar tabobatidan tortib o‘zi yashagan davrga qadar takomillashgan tib ilmi haqida batafsil so‘z yuritgan. Eng muhimi, Ar-Roziy mazkur ma’lumotlarga Ray va Bag‘dod shifoxonalarida o‘zi olib borgan klinik kuzatuv va tajribalar natijalarini ham qayd etib, qo‘shib borgan. 30 jildli bu asardan hozir tibbiyot fanining qomusi sifatida foydalaniladi.
Shu o‘rinda Abu Bakr Roziyning samarali faoliyatini Dmitriy Mendeleyev ham e’tirof etganini alohida aytib o‘tish lozim. Iroqlik tabib yozgan asarlar bilan tanishgan taniqli rus olimi o‘zining «Kimyo asoslari» («Osnovi ximii») kitobida qayd etishicha, Ar-Roziy kimyoviy tajribalar o‘tkazadigan xonalari ko‘pgina asbob-uskunalar, xususan, jom, kolba, tog‘ora, kristallash uchun shisha likopchalar, ko‘zalar, kastryullar, kerosin lampalari, qo‘ra, pech (atanor), eritadigan pechlar, egovlar, shpatel, cho‘michlar, qaychilar, bolg‘alar, ombur, qum va suv hammomlari, mato va yungdan tayyorlangan suzgichlar, alembik, aludel, voronkalar, kukurbitlar, dastali hovonchalar, metall elaklar, jun va ipakdan yasalgan boshqa jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lgan.
Bundan tashqari, Ar-Roziy kimyoviy jarayonlardan eritish, dekantatsiya (cho‘kma ustidagi suyuqlikni quyib olish usuli), filtrlash, degidratsiya (suvning molekulalarga ajralishi), distillatsiya (suyuqlikni dastlab bug‘lantirib, keyin sovitish jarayoni), sublimatsiya (moddaning kristall yoki qattiq holatdan suyuq holatga o‘tmay turib, bevosita gaz holatga o‘tish jarayoni), amalgamatsiya (simobli eritma bilan boshqa metallarni ajratib olish), koagulyatsiya (quyultirish) kabi turli kimyoviy jarayonlar haqida ma’lumotlar qoldirib ketgan (D.I. Mendeleyev. Tolkoviy tarif. Vip. 1. SPb., 1891, str. 3).
Nihoyat, Ar-Roziyning bolalar kasalliklari va ularni davolash haqida yozilgan «Risola fi amroz al-atfol» nomli asari haqida ikki og‘iz so‘z: ushbu asar pediatriya bo‘yicha batafsil ma’lumotlar to‘plangan ilk qo‘llanma bo‘lgani sabab uni o‘qib-o‘rganib chiqqan bir qator olimlar tabibga «pediatriya otasi» degan ta’rif berishgan.
Xulosa o‘rnida Ar-Roziyning kashfiyotlari bu bilan chegaralanib qolmaganini, uning mehnati hozirgacha o‘rganilayotganini aytib o‘tish mumkin. Ahamiyatlisi, matematika, musiqa, falsafa yo‘nalishlarida ham beqiyos asarlar yozgan Abu Bakr Roziy o‘z ixtirolarini G‘arbning Bekon, Kepler, Galiley, Kopernik, Nyuton kabi ko‘zga ko‘ringan olimlaridan oldinroq kashf qilgan. Bundan esa yevropalik olimlarning kashfiyotlarida Islom olamining Ar-Roziy kabi ulamolari hissalari bor degan to‘xtamga kelish mumkin.
Munavvar Rustam qizi tayyorladi.
«Hilol» jurnali 4(61) son
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati