Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Noyabr, 2025   |   7 Jumadul soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:02
Quyosh
07:26
Peshin
12:16
Asr
15:15
Shom
17:00
Xufton
18:17
Bismillah
28 Noyabr, 2025, 7 Jumadul soni, 1447

Ijtimoiy va diniy sohalardagi ishlar bo‘yicha axborot berildi

28.11.2024   40283   3 min.
Ijtimoiy va diniy sohalardagi ishlar bo‘yicha axborot berildi

Davlat rahbariga ijtimoiy muhitni mustahkamlash hamda diniy ma’rifatni rivojlantirish borasidagi ishlar haqida axborot berildi.

O‘zbekiston – huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat. Konstitutsiyamizda hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlangan. Ming shukrki, yurtimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhiti hukm surmoqda. Barcha din vakillari ibodat amallarini emin-erkin ado etmoqda.

Oxirgi besh yilda diniy-ma’rifiy sohaga oid 3 ta qonun, 4 ta Prezident farmoni va ko‘plab qarorlar qabul qilindi. Yig‘ilishda ularning ijrosi din vakillariga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Xususan, yurtimiz musulmonlari uchun sharoitlarni yaxshilash maqsadida 100 dan ortiq masjid barpo etildi, 555 tasi ta’mirlandi. Diniy tashkilotlar uchun bino qurilishiga yer ajratish tartibi joriy qilindi.

Haj kvotasi avvalgiga qaraganda 2 karra oshirildi. Keyingi yetti yilda 60 mingdan ziyod yurtdoshimiz haj amallarini bajardi. Umra safarlarini tashkil qilish qonuniy tartibga solindi.

Sohada malaka va ilm masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy-tadqiqotlarga zamin bo‘lmoqda. Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy o‘rta maxsus ta’lim muassasasida malakali mutaxassislar tayyorlanayapti. Shuningdek, 30 ming fuqaro “Qur’oni karim va tajvid” kurslarini tamomladi.

Qabristonlarni obod qilish – savobli ish. So‘nggi yillarda Abu Iso Termiziy, Abu Muin Nasafiy, Sulton Uvays Qaraniy, Suzuk ota yodgorlik majmualari obod qilindi. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazida bunyodkorlik davom etmoqda. “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ham 90 ta ziyoratgoh ta’mirlanib, obodonlashtirildi.

Islom ma’rifatini keng yoyish va tajriba almashish maqsadida xalqaro aloqalar ham kengaytirilmoqda. Jumladan, bu yil yurtimizda “Islom – ezgulik va tinchlik dini” hamda “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar, Bag‘rikenglik haftaligi o‘tkazildi.

Ma’lumki, bugun kibermakonda xavf-xatarlar kuchayib bormoqda. Chegaralar va qonunlarni tan olmaydigan internet tarmoqlari orqali radikal g‘oyalar ham kirib kelmoqda. Buning oqibatida aholining nisbatan zaif qatlamlari, jumladan, yoshlar turli noqonuniy guruhlar ta’siriga tushib qolayotgani afsuslanarli. Butun jamoatchilik bundan ogoh bo‘lishi, ulamolar va nuroniylar to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishi kerak. 

Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlari tajribasi asosida mahallalarda “Oqsoqollar va ota-onalar kengashlari” tuzilgani bunda muhim o‘rin tutmoqda. Yurtimiz hojilarining “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” degan tashabbusi ham ijtimoiy vaziyatni yaxshilashda ijobiy qadam bo‘ldi.

Bunday xayrli ishlarni davom ettirib, mahallalarda ma’naviy muhitni mustahkamlash, yoshlarni ilmu hunarga chorlash muhimligi aytildi. Mutasaddilarga ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni jamiyatga qayta moslashtirish, bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Mamlakatimizdagi  diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik doimiy e’tiborda bo‘lishi ta’kidlandi.

Manba

Ijtimoiy va diniy sohalardagi ishlar bo‘yicha axborot berildi Ijtimoiy va diniy sohalardagi ishlar bo‘yicha axborot berildi Ijtimoiy va diniy sohalardagi ishlar bo‘yicha axborot berildi
Boshqa maqolalar

Mahdumi A’zam qadamjosi yanada obod bo‘ladi

25.11.2025   7349   2 min.
Mahdumi A’zam qadamjosi yanada obod bo‘ladi

Prezidentimiz Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasida joylashgan Mahdumi A’zam majmuasida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari shu yilning mart oyida Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Mahdumi A’zam qadamjosini obod qilishga oid loyiha bilan tanishgan edi.

Asli hozirgi Kosonsoy tumanida tug‘ilgan so‘fiy olim naqshbandiya ta’limotining rahnamolaridan biri bo‘lgan. Yoshlik chog‘larida Farg‘onadagi madrasada savod chiqarib, Samarqandda Xoja Ahror Valiyning shogirdi mavlono Muhammad Qoziy qo‘lida pirlik darajasiga yetishadi. Keyinchalik o‘zi tariqat ilmiga doir 30 dan ziyod asar yozgan, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan.

Bu zotga ilm yo‘lidagi xizmatlari uchun Mahdumi A’zam unvoni beriladi. Ilm va din yo‘lidagi uzoq safardan so‘ng Samarqand viloyatida abadiy qo‘nim topgan.

Samarqand hukmdori bo‘lgan Yalangto‘sh Bahodir Mahdumi A’zam qabri ustida daxma qurdirgan hamda bu yerda yirik masjid, ilm toliblari uchun madrasa ham barpo qilgan. U vafot etganidan so‘ng o‘z vasiyatiga ko‘ra, shu yerda dafn etilgan. Umuman, ziyoratgohda 50 dan ziyod qabrtosh saqlangan bo‘lib, aksariyati kimning sharafiga qo‘yilgani aniqlangan. Bu yerda ko‘plab allomalar qatorida ikki nafar Afg‘oniston hukmdori (Shoh Hidoyat ibn Shoh Qosim (1668 yil), Shoh Saodat ibn Shoh Hidoyat) ham dafn etilgan.

Alloma mangu qo‘nim topgan ziyoratgohda loyiha doirasida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Mahdumi A’zam ziyoratgohining umumiy maydoni qariyb 5 gektarni tashkil etadi. Bu maskanga keluvchi ziyoratchilar ham ko‘p. Ularga sharoitlarni yaxshilash maqsadida Mahdumi A’zam maqbarasi yonida uch qavatli zamonaviy avtoturargoh, kirish darvozasi, kushxona va ma’muriy binolar, tahoratxona, ming kishilik masjid va qo‘shimcha ayvonlar qurilmoqda.

Ta’mirlash ishlaridan so‘ng bir vaqtning o‘zida 35 ming ziyoratchini qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Avvallari 5 ming ziyoratchi qabul qilingan.

Shuningdek, hududda ziyoratchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida obodonlashtirish ishlari olib borilib, 40 dan ortiq savdo va servis obyektlari tashkil etiladi.

Allomaning ruhlari yodga olinib, Qur’on tilovati qilindi. Prezident ziyoratgohda daraxt ekdi.

Ziyoratgohni yanada obodonlashtirish, bog‘da asrlarga tatigulik daraxtlar barpo etib, tashrif buyuruvchilar uchun qulayliklar yaratish yuzasidan topshiriqlar berildi.

https://president.uz/uz/lists/view/8702 

Mahdumi A’zam qadamjosi yanada obod bo‘ladi Mahdumi A’zam qadamjosi yanada obod bo‘ladi Mahdumi A’zam qadamjosi yanada obod bo‘ladi Mahdumi A’zam qadamjosi yanada obod bo‘ladi Mahdumi A’zam qadamjosi yanada obod bo‘ladi Mahdumi A’zam qadamjosi yanada obod bo‘ladi