Samohat (bag‘rikenglik) so‘zi arab lug‘atlarida “saxovat”, “osonlik” va “muloyimlik” ma’nolari atrofida aylanadi. Jurjoniyning “Ta’rifot” kitobida bu so‘z “shart bo‘lmagan narsani ixtiyoriy ravishda berish” deb ta’riflangan.
Shariat tushunchasida ham bu so‘z lug‘aviy ma’nodan ko‘p ham farq qilmaydi. Bag‘rikenglik ko‘pgina axloqlarni o‘z ichiga oladi: saxovat, muloyimlik, yaxshi muomala, go‘zal munosabat, oliy axloqni qo‘llash, kamchiliklarga ko‘z yumush, o‘z haq-huquqlaridan kechish va tortishuvdan voz kechish.
Bag‘rikenglik tushunchasini ochiqroq bayon qilish uchun Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahullohning go‘zal xulq haqida aytgan so‘zlarini keltirish mumkin: “Musulmon kishi o‘z haqlaridan osonlik bilan kechadigan, boshqalardan haqqini talab qilmaydigan, boshqalarning undagi haqlarini to‘liq ado etadigan kishi bo‘lishi kerak. Masalan:
1. Kasal bo‘lsa, uni ko‘rgani borilmasa;
2. Safardan kelsa, uni ziyorat qilinmasa;
3. Salom bersa, salomiga alik olinmasa;
4. Mehmonga borsa, unga hurmat ko‘rsatilmasa;
5. Shafoat so‘rasa, iltimosi inobatga olinmasa;
6. Yaxshilik qilsayu, unga rahmat aytilmasa;
7. Bir jamoaga kirsayu, unga joy berilmasa;
8. Gapirsayu, uning gapiga quloq solinmasa;
9. Biror do‘stining huzuriga kirish uchun izn so‘rasayu, izn berilmasa;
10. Sovchi bo‘lib borsayu, unga uylantirilmasa;
11. Qarz muddatini uzaytirishni so‘rasayu, muddat berilmasa;
12. Uni kamsitilsayu, o‘zini kamsitilgandek ko‘rsatmasa.
Shu kabi holatlar yuz berganda musulmon kishining jahli chiqmasligi, o‘ch olmasligi va avvalgi holatini o‘zgartirmasligi uning samohati (bag‘rikengligi)dan dalolatdir”.
Imom Bayhaqiy “Shu’abul-Iymon”da rivoyat qilgan.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati