Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo insonlarni turli millat va elat shaklida yaratib, ularni Yer yuzini makon tutib, undagi ne’matlardan foydalanib hayot kechirishga buyurdi. Yana bandalariga behisob ne’matlarni ato etib qo‘ydiki, bularni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Alloh taoloning O‘zi bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat etadi:
“Shuningdek, sizlarga barcha so‘ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar Allohning ne’mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, inson (o‘ziga) o‘ta zolim va (Robbiga) juda noshukrdir”.
“Agar Allohning ne’mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, Alloh kechirimli va rahmlidir”.
Ammo insonlarga shuncha ne’matlarini ato etib qo‘ygan Alloh taolo ularni bu ne’matlardan oqilona foydalanishga, tejab-tergab ishlatishga, aslo isrofga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. Bu borada Qur’oni karim bunday ta’lim beradi:
“...Shuningdek, yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmas”.
Boshqa bir oyati karimada esa bunday marhamat etadi: “U (Alloh) shunday zotki, (so‘ritoklarga) ko‘tarib qo‘yiladigan va ko‘tarib qo‘yilmaydigan (uzumzor) bog‘larni, ta’mi turlicha (bo‘lgan) xurmo va mevali daraxtlarni, (rang va ta’mda) o‘xshash va o‘xshamas zaytun va anorlarni paydo qildi. Meva hosil qilganda, mevasidan tanovul qilingiz! Hosil yig‘ish kunida (muhtojlarga) haqqini (ushri va xirojini) beringiz va isrof qilmangiz! Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmaydi”.
Isrof dinimizda qattiq qoralangan. Qur’oni karimda isrofning zarari, isrofgarning mazammati haqida bir necha oyati karimalar bor. Alloh taolo aytadi: “(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang! Aks holda, malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz”.
Alloh taolo Qur’onda mo‘minlarning sifatlarini zikr etar ekan, ularning isrofgar ham, xasis ham bo‘lmasliklarini bayon etadi: “(Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir”.
Abdulloh ibn Abbosdan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Seni ikki xislat – faxrlanish va isrofgarchilik xatoga boshlamasa, xohlaganingni yeb, xohlaganingni ichaver», deganlar” (Imom Buxoriy rivoyati). Faxri koinot aytganlaridek: “Yenglar, ichinglar, sadaqa qilinglar, ammo isrofgarchilik va faxrga o‘tmanglar»; «Kim hayotda tejamkor bo‘lsa, zinhor qashshoqlikka tushmaydi”. Yana bir hadisda: “Isrofgar jannatga kirmaydi”, deyilgan.
Lekin taassuflar bo‘lsinki, bugungi kunga kelib aksariyat hollarda isrofdan saqlanishga e’tibor bermaymiz, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmaymiz. Deyarli ko‘p narsa, u qimmatmi yoki arzon, ahamiyatlimi yoki ahamiyatsiz, nodirmi yoki serob, oldi-ketiga qaramay birvarakayiga isrof qilinyapti. Xonadonlarimizda ortib qolgan taomlar tashlab yuborilmoqda. Axlat uyumlari orasida eng aziz ne’mat bo‘lmish non ham paydo bo‘lgani ayniqsa achinarli holat.
To‘ylar, bayramlar, tantanalar va boshqa marosimlardagi isrofgarchiliklar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Yeyishga yaroqli qancha ne’matlar uvol bo‘lib ketadi. Borgan sari to‘yhashamlarimiz dabdabali tus olib boryapti, kundan-kunga yangi-yangi turdagi tantana va marosimlar, yangi-yangi turdagi isrofli, dabdabali odatlar paydo bo‘lmoqda. Agar ahvol bu ketishda bo‘lsa, kelajakda bunday marosimlar xalqimiz boshiga ne kulfatlarni solarkin, deb o‘ylab qolasan kishi.
Bitta nahorga osh berish uchun ba’zilar kamida yigirma-o‘ttiz ming dollarlik pul sarflaydi. Undan keyin yoki undan oldin yana bir talay marosimlar ham bor. To‘y kelar, sabzi to‘g‘rar, nikoh bazmi deymiz. Bu hali hammasi emas. Charlar, chaqiriq, hayit undan keyin qovurdoq, beshikto‘y va hokazolar bor. Yana boshqa turli-tuman xarajatlar ham bor o‘rtada. Dabdabali mebellar, hashamatli pardalar, turli-tuman qimmatbaho sarpolar. Xullas, aql bovar qilmas darajada katta mablag‘lar talab qiladigan mana shunday o‘tkinchi marosimlar uchun umrimizni ketkizib ishlaydigan bo‘lib qolayapmiz. Umr bo‘yi topgan-tutganlarimizni sog‘ligimizni tiklashga emas, yaxshi yeb, yaxshi ichishga emas balki, yuqoridagi dabdabali marosimlarni o‘tkazish uchun yig‘adigan bo‘lib qolyapmiz.
Undan ko‘ra mazkur marosimlarimizni biroz qisqartirsak, biroz ixchamlashtirsak o‘zimizga yaxshi emasmi? Bahonada qanchaqancha mablag‘ isrof bo‘lmasdan qora kunlarimizga yarardi. Ozgina o‘zimizga ham tuzukroq qarashga, sog‘ligimizni tiklashga, farzandlarimizga tuzukroq e’tibor qaratishga qo‘limizda imkoniyat paydo bo‘lardi. Katta-katta qarzlarga botib, ahvolimiz parishon bo‘lib yurmasdi. Nima uchun foniy bu dunyoda, sinov dunyosida o‘zimizni bu qadar qiynashimiz kerak? Nimadan qo‘rqamiz? Odamlarni gapirishidanmi? G‘iybatlardan qo‘rqmaylik birodarlar. Odamlarni gapidan qo‘rqib, qarzga botib, dabdabali maroismlarni o‘tkazganimizdan so‘ng ertaga ahvolimiz tang bo‘lib qolsa, o‘sha odamlar qutqaradimi bizlarni?! O‘sha odamlar besh-o‘n so‘mdan pul berib yordam qiladimi?..
Bundan tashqari, ertaga bunday isrofgarchiliklardan albatta qiyomat kunida so‘ralamiz. Bitta farzandini to‘yi uchun butunboshli bir hovli-joy qilsa bo‘ladigan pullarni sovurayotganlar qiyomat kunida nima deb javob beradilar? “Undan ko‘ra o‘sha pulingni yarmini qiynalayotgan, kam ta’minlangan xonadonlarga bo‘lib bersang bo‘lmasmidi, qarindosh-urug‘ingdagi hojatmandlarning hojatini chiqarsang bo‘lmasmidi, molu dunyoni senga nima uchun berdik, mana shunday dabdababozliklar uchunmi?”, - deya so‘roqqa tutilsa, isrofgar banda nima deb javob beradi?! Hech shu haqda o‘ylab ko‘rganmizmi? Azizlar mana shu haqda yaxshilab o‘ylab qo‘yaylik. Ertang qiyomat kunida beriladigan savolga javob topib qo‘yaylik. Javobimiz ham to‘g‘ri bo‘lsin, shar’an o‘rinli javob bo‘lsin... Agar aytadigan javobimiz o‘rinli javob bo‘lmasa, holimizga voylar bo‘ladi, na’uvzu bilaah...
Alloh taolo bizga hayot, sog‘liq, oila, mol-mulk kabi ne’matlar in’om etgan. Biz ulardan qanday foydalanganimiz, qayerga sarf qilganimiz haqida oxiratda so‘ralamiz. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi
«So‘ngra ana o‘sha Kunda, albatta, (sizlarga ato etilgan barcha) ne’matlar to‘g‘risida so‘roq qilinursizlar!» (Takosur, 8).
Bizning bugungi kunda qilayotgan dabdabali marosimlarimizni saxovat ham deb bo‘lmaydi. Saxovat deb darhaqiqat ehsonga muhtoj bo‘lgan odamga qilinadigan yaxshilikka aytiladi. Ochlarga beriladigan taomga saxovat deyish mumkin. Bizning to‘ylarimizga keladigan minglab kishilardan nechtasi qorni och odamlar? Menimcha, qorni ochlar umuman aytilmasa kerak bunday marosimlarimizga. To‘g‘rirog‘i, qorni ochlarni nafaqat ziyofatga aytish, balki ularni umuman tanimaymiz, undaylar bilan tanish-bilish bo‘lishni o‘zimizga or deb bilamiz.
Xayr-ehson va ziyofat berishdan asosiy maqsad muhtojlarga moddiy yordam ko‘rsatish bo‘lmog‘i darkorligi to‘g‘risida Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Taomlarning yomoni qorni ochlar qolib, qorni to‘qlar chaqirilgan ziyofatdir”.
Hazrat Navoiy "O‘t ishi — qovurmoq, yel ishi — sovurmoq", deydilar. Yana deydilarki: «Isrof saxo emas va itlofni (yo‘qotish, barbod qilishni) ma’no ahli saxo demas». Ya’nikim, isrof qilish — saxiylik emas, o‘rinsiz sovurishni aqlli odamlar saxiylik demaslar. Halol molni kuydirganni devona derlar. Yorug‘ joyda sham’ yoqqanni aqldan begona derlar.
Xudo molig‘a qilmoq isrof ne?
Junun ahlidek muncha itlof ne?
Islomda mol-ashyo ham izzatlidir. Molni isrof qilgan, talofot bergan jazosini oladi. Alloh taolo bizga molu dunyo ato etgan ekanmi, uni isrof qilmasdan, baxillik ham qilmasdan, me’yorida ishlatsak, me’yorida saxovat qilsak, birovga muhtoj bo‘lib qolmaymiz, qarzga ham botib qolmaymiz, yuzimizning suvi ham to‘kilmaydi inshoalloh...
Muqaddas dinimiz barqaror hayot kechirish uchun tejamkor bo‘lish va isrofdan saqlanishga buyuradi. Bunga amal qilgan ota-bobolarimiz har bir ne’matni e’zozlashgan, uni isrof qilishmagan, uvolidan qo‘rqishgan. Ammo so‘nggi paytlarda ba’zilar to‘y-ma’raka marosimlarida kimo‘zarli qilishga, o‘zini ko‘z-ko‘zlashga va isrofgarchilikka o‘tib ketyapti. Asli amallarni bajarishda haddan oshib, savob emas, gunoh orttirib olishyapti.
Azizlar, mana shunday holatlarda bashariyat sayyidi bo‘lmish suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning kechirgan hayotlarini ozgina esga olaylik. Ul zot qanday yeb-ichdilar? Hech to‘yib ovqatlanganmilar? Arpa unidan tayyorlangan nonga qornilari to‘yganmi? Oq non degan narsani ko‘rganmilar? Subhanalloh... Allohning eng aziz bandasi bo‘lmish Nabiyyimiz sollallohu alayhi vasallam ko‘pincha qorinlari ochligidan oshqozonda paydo bo‘lgan ochlik alangasini so‘ndirish uchun qorinlariga tosh bog‘lab yurardilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotidan yillar o‘tib, bir kuni Abu Hurayra roziyallohu anhuni qovurilgan qo‘y go‘shtiga taklif qilishganda, ko‘zlariga yosh kelib, Allohning elchisi bu dunyodan bunday taomni ko‘rmasdan o‘tdilar, deya burilib ketgan ekanlar...
Isrofgarchilikka berilgan paytlarimizda shu narsalarni ham birrov esga olsak foydadan xoli bo‘lmasdi...
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.
IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.
Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.
Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.
Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.
Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati