Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Mart, 2026   |   11 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:48
Quyosh
06:08
Peshin
12:32
Asr
16:55
Shom
18:51
Xufton
20:04
Bismillah
31 Mart, 2026, 11 Shavvol, 1447

02.12.2024   91540   1 min.
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Allohning borligini qanday qilib bilamiz?

31.03.2026   440   4 min.
Allohning borligini qanday qilib bilamiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

﴿وَفِي أَنْفُسِكُمْ أَفَلَا تُبْصِرُونَ﴾

“O‘zingizda ham (mo‘jizalar bordir). Ko‘rmaysizlarmi” (Zoriyot surasi, 21-oyat).

Ayrimlar ushbu oyatni eshitib o‘ziga qaraydi va Alloh in’om etgan mo‘jizalarni ko‘rmaydi. O‘ziga qaraydi-yu: “Menda hech qanday mo‘jiza yo‘q”, deydi.

Allohga iymon keltirmagan inson o‘limdan keyingi hayotga ishonmaydi. O‘zidagi son-sanoqsiz mo‘jizalarni ham inkor etadi. Hayotni faqat yeyish-ichishdan, o‘yin-kulgudan iborat deb biladi. O‘lim esa hamma narsani nihoyasiga yetkazadi deb hisoblaydi. Agar ular ozgina fikr yuritganlarida o‘zlaridagi mo‘jizalarni ko‘rgan bo‘lardilar. Alloh taoloning insonlar haqidagi oyatlari juda ko‘p. Quyida ayrimlarini keltirib o‘tamiz:

﴿وَإِذْ أَخَذَ رَبُّكَ مِنْ بَنِي آَدَمَ مِنْ ظُهُورِهِمْ ذُرِّيَّتَهُمْ وَأَشْهَدَهُمْ عَلَى أَنْفُسِهِمْ أَلَسْتُ بِرَبِّكُمْ قَالُوا بَلَى شَهِدْنَا أَنْ تَقُولُوا يَوْمَ الْقِيَامَةِ إِنَّا كُنَّا عَنْ هَذَا غَافِلِينَ﴾

“Robbing Bani Odamning umurtqa pog‘onasidan, qiyomat kuni “Bundan g‘ofil edik” demasliklaringiz uchun zurriyotlarini olib o‘zlariga o‘zlarini guvoh qilib: “Robbingiz emasmanmi?” deganida “Albatta Robbimizsan” deganlarini esla” (A’rof surasi, 172-oyat).

Bu oyatni iymoni yo‘q kishiga o‘qib bersangiz “Men hech narsaga guvoh bo‘lmaganman. Buni sezmaganman ham” deb aytadi. Biroq uning guvohi bo‘lgan. Bu ham o‘zining zarariga ishlaydi.

Allohning borligini qanday qilib bilamiz? Yaratgan Zot bor bo‘lishi shartligini yaxshi bilamiz. Buni kofir ham biladi. Faqat birovlarning hisobiga bo‘lsa-da, bu dunyoda maishat qilib yashab qolmoqchi bo‘ladi.

Avvalo Alloh taolo nimalarni harom va halol qilgani haqida bir o‘ylab ko‘raylik. Aslida nafsimiz halol va haromning farqiga boradi. Bunga misol keltiramiz. Faraz qiling bir yigit kelib sizga: “Qizing bilan bir xonada yolg‘iz qolmoqchiman”, desa nima qilasiz? Uni o‘ldirib qo‘yishingiz ham mumkin. O‘ldirmagan taqdiringizda ham uni urasiz. Hatto boshqa odamlar ham sizga yordamlashadi.

Demak, bunday ishni hamma yomon ko‘radi, mo‘min ham, mo‘min bo‘lmagan ham. Lekin o‘sha yigit kelib: “Men qizingizga uylanmoqchiman” desa uni yaxshi kutib olasiz. Odamlar ham uni aziz mehmon sifatida qabul qiladi. Buni hammaga e’lon ham qilasiz. Qizingizni unga berib, nikoh o‘qitganingizdan keyin esa qizingiz bilan bir xonada qolishiga rozi bo‘lasiz.

Xo‘sh, shu ikki holatning bir-biridan nima farqi bor?

Demak, siz nima yaxshi-yu nima yomonligini bilasiz. Lekin buni sizga kim o‘rgatdi? Yana bir misol keltiraylik. Bir kishi o‘zining xotini bilan ko‘chada bemalol yura oladi. Hamma odamlarning ko‘z o‘ngida xotini bilan uyiga kirib ketadi. Ammo o‘sha odamning oldiga boshqa bir begona kishi kelib qolsa xotinini undan qizg‘anadi. Begona kishining uyiga kelganidan o‘ng‘aysizlanadi.

Xo‘sh, bu ikki holatda nima o‘zgardi? Farq shundaki biri halol bo‘lsa, ikkinchisi harom. Buni hamma ajrata oladi. Dindan umuman xabari yo‘q odam ham buni anglab yetadi.

Yanada oddiyroq misol keltiraylik. Bir odam o‘g‘rilik qilishni xohlasa, avvalo hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qiladi. Keyin esa qorong‘u tushishini poylaydi. Chunki qorong‘uda odamlar deyarli yo‘q bo‘ladi. O‘g‘irlaydigan narsasini olgach har tomonga alanglab, shoshib ortiga qaytadi. Keyin o‘g‘irlagan narsasini hech kim bilmaydigan joyga yashirib qo‘yishga harakat qiladi. Shu holatga bir baho bering. O‘g‘ri o‘zining ishi xatoligini biladi. Lekin o‘z uyidan narsa olmoqchi bo‘lgan odam kunduzi ham hammaning ko‘z o‘ngida uyiga kirib chiqaveradi. Uyidan xohlagan narsasini olaveradi, hech kimdan xavfsiramaydi. Chunki u hech qanday noto‘g‘ri ish qilmayotganini yaxshi biladi. Pora olayotgan kishi hammadan yashirib oladi. Ammo maoshini olayotgan kishi birov ko‘rib qolishidan qo‘rqmaydi.


Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan

Maqolalar