Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Husayn roziyallohu anhuning 6 savoli

02.12.2024   7610   2 min.
Husayn roziyallohu anhuning 6 savoli

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Kunlarning birida bir kishi Husayn roziyallohu anhuning eshigini taqillatib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ahli baytidan yordam so‘raganini aytib, ahvolini shunday izohladi:

«Ey payg‘ambarning o‘g‘li! Men birovning xuni uchun kafil edim, lekin uni to‘lashga qodir emasman. Uni odamlarning eng sharaflisidan so‘rasam, yaxshi bo‘ladi deb o‘yladim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oilasidan hurmatliroq odam xayolimga kelmadi».

Qisqa suhbatdan keyin Husayn roziyallohu anhu: «Birodar, otam Aliy roziyallohu anhudan eshitdimki, har bir insonning qadri qilgan yaxshi amali bilan o‘lchanadi», dedi. So‘ng so‘zini shunday davom ettirdi: «Bobom Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham: «Insonlarga ilmi va layoqatiga ko‘ra yaxshilik qilinglar», deganlar. Hozir men senga uchta savol beraman. Agar uchala savolimga ham javob bersang, qo‘limdagi shu oltin to‘la xaltachani senga beraman. Agar ikkitasiga javob bersang, uchdan ikki qismini beraman. Agar bittasiga javob bersang, uchdan bir qismini beraman».

Haligi odam ham xijolat tortdi, ham hayron qoldi. Bo‘ynini egib, muloyimlik bilan: «Siz ilm manbaisiz! Lekin shuni lozim topsangiz, so‘rang. InshaAlloh, javob berishga harakat qilaman», dedi.

Husayn roziyallohu anhu tabassum bilan so‘radi, u kishi javob berdi:

– Eng yaxshi amal nima?

«Imon».

– Odamni halokatdan nima qutqaradi?

«Allohga ishonish».

– Insonning zeb-ziynati nima?

«Sabr bilan chambarchas bog‘liq ilm».

«Agar u bo‘lmasa-chi?»

«Saxiylik bilan chambarchas bog‘langan boylik».

«Agar u bo‘lmasa-chi?».

«Ochiqko‘ngillik bilan chambarchas bog‘langan qashshoqlik».

«Agar u bo‘lmasa-chi?».

«Unda yashagandan ko‘ra, chaqmoq urib, joyida kuyib o‘lgan yaxshi».

Husayn roziyallohu anhu jilmayib, ichiga ming tillo tanga solingan hamyonning hammasini unga berdi. Bunga qo‘shib, ikki yuz dirhamlik uzuk ham sovg‘a qildi. Husayn roziyallohu anhu hadyalarni berayotganida: «Mana bu tilla dinorlarni qarz egalariga ber, bu uzuk (sotish) bilan ehtiyojlaringni qopla», deb maslahat berdi. Haligi odam shuncha ehson oldida hayratini yashira olmadi. O‘zini qo‘lga olib, quyidagi oyatni o‘qidi: «O‘z risolatini qayerga qo‘yishni Allohning O‘zi yaxshi biladir» (An’om surasi, 124-oyat).

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Turkiy davlatlar muftiylari 10 ga yaqin muhim bayonot va fatvolarni imzoladilar

14.09.2026   2341   1 min.
Turkiy davlatlar muftiylari 10 ga yaqin muhim bayonot va fatvolarni imzoladilar

Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.

Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.

«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.

«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.

Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari