شَهِدَ اللَّهُ أَنَّهُ لَا إِلَٰهَ إِلَّا هُوَ وَالْمَلَائِكَةُ وَأُولُو الْعِلْمِ قَائِمًا بِالْقِسْطِ لَا إِلَٰهَ إِلَّا هُوَ الْعَزِيزُ الْحَكِيمُ
Shahidallohu laa ilaha illa huva val malaaikatu va ulul ilmi qooiman bilqisti laa ilaha illa huval aziyzul hakiym.
"Alloh adolat ila turib, albatta, Undan o‘zga iloh yo‘qligiga shohidlik berdi. Farishtalar va ilm egalari ham guvohlik berdilar. Undan o‘zga iloh yo‘q. U aziz va hakim zotdir" (Oli Imron surasi, 18-oyat).
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar: "Kim ushbu oyatni o‘qib, oxirida "Allohdan boshqa iloh yo‘q ekanligiga men ham guvohman" desa, Alloh taolo ushbu oyatning harflari adadicha farishtalarni qiyomat kunigacha o‘sha kishining haqiga istig‘for ayttirib qo‘yadi".
Yana dedilar: "Kim uyquga yotishidan oldin ushbu oyatni o‘qisa, Alloh taolo yetmish mingta farishtani yaratadi va ular qiyomat kunigacha o‘sha kishining haqiga istig‘for aytib turadilar".
Abu G‘olib aytadilar: "Men Kufaga tijorat qilish uchun borganimda A’mashga qo‘shni bo‘lib turdim. Shunda u kishini har kecha ushbu oyatni takror va takror o‘qigani va undan keyin "Men ham Alloh guvohlik bergan narsaga guvohman, men ushbu guvohligimni Allohga omonat qilib topshiraman. Qiyomat kunida Alloh taolo menga omonatimni qaytargay" deganlarini eshitar edim. Shunda u kishidan buning sababini so‘raganimda, aytgan edilar: "Abu Voil menga Ibn Mas’uddan rivoyat qilib aytgan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Kim ushbu oyatni o‘qib, oxirida ushbu kalimalarni aytsa, qiyomat kunida Alloh taolo unga xitob qilib shunday deydi: "Bandam menga bergan va’dangda turding, ya’ni tavhidda, Men ham O‘z va’damda turaman. Ey, maloikalarim! Jannatning hamma eshiklarini ochinglar, bu bandam xohlagan eshigidan kirsin", deydi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
“Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” tashabbusi doirasida Respublikamiz hojilari ishtirokida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
Aytib o‘tish joizki, 2024 yilning 18 iyulidan 2025 yilning 6 fevraliga qadar o‘tkazilgan 65 ming 729 ta tadbir doirasida 402 931 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi. Ularning oilaviy sharoitlaridan kelib chiqib, tinchlik qadri va shukronalik, yoshlar tarbiyasi, illatlarga barham berish, ilm-ma’rifatga targ‘ib, yot g‘oyalarga qarshi kurashish mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar berildi.
Ushbu xayrli ishlarga diniy soha vakillari bilan bir qatorda 11 mingdan ziyod hojilar jalb etilgan bo‘lib, ular mahallalarda amaliy ishlarda ko‘ngilli ravishda ishtirok etishmoqda. Nizoli oilalarni yarashtirishda, yot unsurlar ta’siriga tushib qolganlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishda muhtaram hoji ota-onalarimizning ko‘maklari katta bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati