Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Bayhaqiy va Abdurrazzoq Qosim ibn Abu Bazzadan rivoyat qiladilar:
«Shomda musulmon odam ahli zimmadan bo‘lgan bir kishini o‘ldirib qo‘ydi. Bu haqda Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhuga yetkazildi. U Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga maktub yozdi. Umar unga: «Agar bu ish uning odati bo‘lsa, bo‘ynidan chop. Agar bilmasdan qilgan bo‘lsa, xunga to‘rt ming to‘lat», deb yozdi».
Ochiq-oydin ko‘rinib turibdiki, Islom hukumati ahli zimmaning jonini ham xuddi musulmonning jonini himoya qilgandek himoya qilmoqda.
Afsuski, Islom ta’limotidan uzoq bo‘lish oqibatida ko‘pchilikda Islom jamiyati musulmonlardan boshqalarni o‘ldirishni o‘ziga vazifa qilib olgan, degan tasavvur paydo bo‘lib qolgan.
Mana, bir yahudiy kishini o‘ldirib qo‘ygan musulmonga qarshi qanday hukm chiqarilganiga o‘zimiz guvoh bo‘lib turibmiz. Bu narsa ko‘rgazma uchun qilingan yakkayu yagona holat emas, balki umumiy qoidadir.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati