Bugun, 2 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakilligi tashabbusi bilan Namangan shahar "Hidoya" o‘rta maxsus islom bilim yurtida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbiri tashkil etildi. Tadbir davomida 20 sotix joyga 200 tupdan ortiq mevali ko‘chatlar ekildi.
Ushbu tadbirda Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Jamshid Xotamov va viloyatda faoliyat olib borayotgan imomlar ham ishtirok etdilar.
Shu kunlarda o‘lkamizning turli hududlarida diniy soha xodimlari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlarida faollik bilan ishtirok etmoqda. "Tabiat – Alloh taoloning omonatidir" shiori ostida keng jabhada ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati