Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Noyabr, 2026   |   24 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:37
Quyosh
06:58
Peshin
12:12
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:33
Bismillah
04 Noyabr, 2026, 24 Jumadul avval, 1448

Payg‘ambarlar duosi

03.12.2024   19581   4 min.
Payg‘ambarlar duosi

Chorasizlikda qolgan kishi duo qilganda duosini qabul qiladigan va yomonliklarni daf qiladigan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin. U zot bandalarini fazlidan so‘rashga chorlaydi va ularning duolarini ijobat qilishini va’da qiladi. Parvardigoriga zikr va duo bilan eng yaqin bo‘lgan zot Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga, oilalariga va sahobalariga va  qiyomat kunigacha hidoyat yo‘liga ergashganlarga salavot va salomlar bo‘lsin!

Ammo ba’du.
Hech bir din yo‘qki, duoga Islom dinidek keng targ‘ib qilgan bo‘lsa va hech bir kitob yo‘qki, Qur’oni karimdek Allohga turli uslubda duo ila ibodat qilishga qiziqtirgan bo‘lsa. Alloh taolo marhamat qiladi: "Qachonki, bandalarim Men haqimda so‘rasalar, albatta, Men yaqinman. Menga duo qilganning duosini ijobat qilaman. Bas, ular ham Menga quloq solsinlar va Menga iymon keltirsinlar, shoyadki shunda to‘g‘ri yo‘lni topsalar" (Baqara surasi, 186-oyat).

Yana shunday deydi:
"Allohdan Uning fazlini so‘ranglar. Albatta, Alloh har bir narsani biluvchidir" (Niso surasi, 32-oyat).

Yana aytadi:
"Robbingiz aytdi: Menga duo qilinglar, ijobat qilaman. Albatta, Menga duo qilishdan takabburlanganlar xor bo‘lgan holda jahannamga kiradilar" (G‘ofir surasi, 60-oyat).

Duoga chorlashning uslublaridan yana biri – Allohning payg‘ambarlari va ularning izdoshlari qilgan duolarini misol sifatida keltirishdir. Masalan, Odam alayhissalom va juftining duosi: "Yo Robbimiz! Biz o‘z jonimizga zulm qildik. Agar Sen bizlarni mag‘firat qilmasang va bizlarga rahm qilmasang, albatta, ziyonkorlardan bo‘lamiz" (A’rof surasi, 23-oyat).

Nuh alayhissalomning duosi:
"Robbim! Men mag‘lub bo‘ldim, yordam ber, deb duo qildi" (Qamar surasi, 10-oyat). "Yo Robbim! Meni, ota-onamni, uyimga iymon bilan kirganlarni, iymonli erkak va ayollarni mag‘firat qil" (Nuh surasi, 28-oyat).

Ibrohim alayhissalomning duosi:
"Yo Robbim! Bu shaharni omon qil. Meni va farzandlarimni butlarga sig‘inishdan saqla"
(Ibrohim surasi, 35-oyat).

Yusuf alayhissalomning duosi:
"Yo Robbim! Sen menga podshohlikni berding va tushlarni ta’bir qilishni o‘rgatding. Sen osmonlar va yerni yaratgan Zotsan. O‘zing mening dunyo va oxiratdagi Egamsan. Meni musulmon bo‘lgan holda vafot etdir va solihlar qatoriga qo‘sh" (Yusuf surasi, 101-oyat).


Shu’ayb alayhissalomning duolari:
"Yo Robbimiz! Biz bilan qavmimiz o‘rtasida haqqoniy hukm qil! Sen hukm qiluvchilarning yaxshisidirsan"
(A’rof surasi, 89-oyat). 

Muso alayhissalomning duolari:
"Yo Robbim! Men uchun nima yaxshilik tushirsang, o‘shanga muhtojdirman"
(Qasas surasi, 24-oyat).  

Fir’avning sehrgarlari imonga kelganlaridan keyin qilgan duolari:
"Yo Robbimiz! Ustimizga sabr yog‘dirgin va bizni musulmon holimizda vafot ettir!"
(A’rof surasi, 124-oyat).

Fir’avnning ayoli Osiyoning duosi:
"Yo Robbim! O‘zing men uchun huzuringda bir uy bino qilgin, menga Fir’avn va uning qilmishidan najot bergin. Meni zolimlar qavmidan xalos etgin"
(Tahrim surasi, 11-oyat).


As'hobi Kahfning duolari:
"Yo Robbimiz! Bizlarga o‘z huzuringdan rahmat ato etgin va bizlarning ishimizni O‘zing to‘g‘rilagin" (Kahf surasi, 10-oyat).


Iso alayhissalomning Havoriylari duosi:
"Yo Robbimiz! Nozil qilgan narsangga imon keltirdik va payg‘ambarga ergashdik. Shunday ekan, bizni guvohlik beruvchilar bilan birga yozgin"
(Oli Imron surasi, 53-oyat). 

Bulardan tashqari Oli Imron surasining oxiridagi Aql egalarining duolari, Baqara surasining oxiridagi duolar shular jumlasidandir.
Qur’on duolari shunchalik ko‘pki, ularning har biri Allohga yaqinlashish va hayotda duo ahamiyatini tushunish uchun ulkan ibratdir.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib al-Azharda malaka oshirmoqda

04.11.2026   4517   1 min.
O‘zbekistonlik 20 nafar imom-xatib al-Azharda malaka oshirmoqda

Misr Arab Respublikasidagi nufuzli al-Azhar majmuasida O‘zbekistondan borgan 20 nafar imom-xatib uchun malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. Shu yil 30 oktyabrdan 15 noyabrga qadar davom etadigan mashg‘ulotlar diniy soha vakillarining ilmiy-ma’rifiy salohiyatini oshirish va xalqaro tajribani o‘zlashtirishga qaratilgan.

Al-Azhar imomlar, va’zxonlar va fatvo tadqiqotchilarini tayyorlash akademiyasida o‘tayotgan darslarda imom-xatiblar arab tili, dolzarb diniy-ijtimoiy masalalar, fatvo berish metodologiyasi hamda mutaassiblikka qarshi kurashish yo‘nalishlarida Misrning yetuk olimlaridan saboq olmoqda.

Shuningdek, imom domlalarimiz al-Azhar majmuasining ta’lim tizimi va diniy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini tashkil etish tajribasi bilan tanishmoqda.

Mazkur o‘quvlar imom-xatiblarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini boyitish, aholiga Islom dinining asl mohiyatini to‘g‘ri va ta’sirchan yetkazish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish hamda yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 Malaka oshirish davomida olingan bilim va tajribalar yurtimiz masjidlaridagi diniy-ma’rifiy faoliyatni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari