Bir qiz aytadi:
«Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qayg‘ularini namoz bilan yengganlarini, musibat yetsa, darhol namozga shoshilganlarini bilganimdan keyin men ham shunday qilishga qaror qildim. G‘am-tashvish yetadigan bo‘lsa, turib, tahorat qilib, xolis Alloh uchun ikki rak’at namoz o‘qiyman.
Men bu darajaga yetguncha uchta bosqichdan o‘tdim.
Birinchi bosqich – kurash va mustahkam turish bosqichi. Boshida namoz menga og‘irlik qildi. Qayg‘ularimni, shaytonimni yenggunimcha ancha qiyinchiliklarni boshdan kechirdim. Namozga turardim-u, namoz o‘qib bo‘lganimdan keyin mahzunligim arimaganday bo‘laverardi. Lekin nafl namoz ham doriga o‘xshar ekan, uni ham vaqtida, ixlos bilan, bardavom qilish kerak ekan. Hech qaysi dori birdan samara bermaydi. Aksincha, ba’zan dori ichishni boshlagan paytda kasallik bir kuchayib ham oladi. Namoz ham shunday ekan. Endi boshlaganingda qaytaga tashvishlar, qayg‘ular bir kuchayib ham olarkan.
Ikkinchi bosqich: odatlanish va yengillashish bosqichi. Har gal (kattami, kichikmi) qayg‘uni his qilganimda namoz o‘qishga odatlanganim sari namozlar menga malol kelmay qo‘ydi. Endi namozlar birinchi bosqichdagi kabi og‘irlik qilmas edi. Bundan tashqari, namoz qayg‘ularimni biroz bo‘lsa-da, yengillatayotgandek edi.
Uchinchi bosqich – namozdan bahra olish bosqichi. Bu menga Alloh bergan ulkan in’om edi. Qarshilik va odatlanish bosqichidan keyin namozdan lazzatlanish bosqichiga o‘tdim. Namozda va sajdada o‘zgacha ruhiy osoyishtalik his qila boshladim. Bu lazzat menga qayg‘ularni boricha, bo‘rttirmasdan ko‘rsata boshladi. Men o‘zim uchun ilohiy hikmatni kashf etdim. Boshqalar g‘am-qayg‘ularini dorilaru mast qiluvchi narsalar bilan unutishga harakat qilib yuribdi (Alloh asrasin!) Ammo kayfi tarqagach, o‘sha unutmoqchi bo‘lgan tashvishi ikki barobar bo‘lib qaytadi. Qarabsizki, bu bechora qayg‘ularini unutish uchun undan ham ko‘p ichadi yoki bundan ham og‘irroq gunohlarga jur’at qiladi. Lekin har qancha urinmasin, bu bilan qalb mahzunliklarini hech qachon davolay olmaydi, aksincha, bundan boshqa dardni ham orttirib oladi. Bu dard – gunoh sababli paydo bo‘ladigan iztirobdir.
G‘am-g‘ussalarini namoz bilan muolaja qiladigan inson esa qayg‘ulariga qarshi qiyinchilik bilan emas, balki lazzat, saodat bilan Parvardigorga yaqinlashishdek ulkan hissiyotlar bilan kurashadi. Har qanday g‘am-tashvishlarning shifosi aynan shudir. Qayg‘ular ko‘proq namoz o‘qishga sabab bo‘layotgan ekan, shuning o‘zi ham Parvardigor bergan ulkan tuhfadir. Chunki kimning namozi ko‘p bo‘lsa, Jannatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘ladi».
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati