Cavol: Qabrda savol-javob qaysi tilda bo‘ladi? Ba’zilar arab tili deyishdi. Shunga ko‘ra vafot etgan kishi arab tilini tushunmasachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabrda bo‘ladigan savol-javoblar bizga nisbatan g‘ayb bo‘lib, savol-javoblar muayyan tilda bo‘lishi haqida biror oyat va hadisda ochiq aytilmagan. Shuning uchun bu borada bahs-munozaralardan tilni tiyishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu bilan mashg‘ul bo‘lish kishining dini va dunyosi uchun hech qanday foyda keltirmaydi. Albatta, har bir qavmga o‘zining tilidan payg‘ambar yuborgan Hakim zot bo‘lmish – Alloh taolo qabrda ham bandani noqulay holga solib qo‘ymaydi.
Biz bilishimiz lozim bo‘lagan narsa – qabrda kishi ayrim savollar bilan imtihon qilinishi va savollar berilishi haq va rostdir. Zero, bu borada ko‘plab hadislar naql qilingan.
Jumladan, Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qachon mayyitning dafnidan forig‘ bo‘lsalar qabr ustiga kelib: “Birodaringiz uchun istig‘for ayting. Unga sabot so‘rang. Chunki hozir u so‘raladi”, der edilar (Imom Abu Dovud va Imom Bazzor rivoyat qilishgan).
Ammo ushbu savol-javob aynan qaysi tilda bo‘lishi ma’lum emas. Shunisi aniqki, u yerdagi savollar banda tushunadigan va anglaydigan holatda bo‘ladi.
Shuning uchun ham Alloma Ibn Hajar rahimahulloh: “Har kimga o‘zining tilida xitob qilinishi ehtimoli bor” deganlar (“Al-imta’ bil-arbain al-mutabayinatis-samo’” kitobi). Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Ushbu davr mobaynida 650 ta masjid uchun jami 254,7 million so‘m xayriya mablag‘lari yig‘ilib, po‘latday shaffoflik bilan to‘lovlarga yo‘naltirildi.
Sarflangan mablag‘lar taqsimoti:
225,9 mln so‘m (88,7%) — elektr energiyasi to‘lovlariga;
28,8 mln so‘m (11,3%) — tabiiy gaz xarajatlarini qoplashga.
Eng ko‘p xayriya qilingan hududlar:
Toshkent shahri — 103,6 mln so‘m;
Toshkent viloyati — 29,3 mln so‘m;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 27,4 mln so‘m;
Farg‘ona viloyati — 24,9 mln so‘m.
Bu kabi xayrli ehsonlar masjidlarimizning uzluksiz faoliyatini ta’minlash va namozxonlar uchun munosib sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.
Barcha saxovatpesha hamyurtlarimizga samimiy minnatdorlik bildirib, qilinayotgan ezgu amallarga Haq taolodan baraka tilaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati