Samarqand viloyati imom-xatiblari xalqimizga yaqin bo‘lish, muammo va kamchiliklarini bartaraf etishda ko‘makdosh bo‘lish maqsadida shahar va tuman bosh imom-xatiblari va iqtidorli imom-xatiblar hamda 20 nafar xoji otalar bugun Toyloq tumanida yig‘ildi.
Tumandagi 20 ta masjid imom-xatiblari bilan hamkorlikda 100 dan ziyod xonadonga, 20 ta mahallaga borilib, muammoli oilalarga moddiy yordamlar ko‘rsatilishi, nizoli holatlar mahalla ishtirokida bartaraf etilishi va peshin namozida esa jamoat bilan ma’rifiy suhbatlar o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlar oldidan viloyat vakilligi mas’ul xodimi Hasanxon domla Temirov boshchiligida imom-xatiblar bilan uchrashib, rahbariyatning kerakli ko‘rsatma va topshiriqlarini berib o‘tdi. Shundan so‘ng imom-xatiblar taqsimot asosida joylarga chiqdi.
Tashrif davomida Samarqand viloyati vakilligi jamoasi boshchiligida Toyloq tumanida barcha shahar va tuman bosh imom-xatiblari birgalikda yashil makon loyihasi asosida mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Din peshvolari tomonidan hududlarda yashil maydonlar barpo etish ishlari davom ettirilmoqda.
Zero, hadis shariflarda: “Albatta, farishtalar ekin yoki ko‘chat ekuvchining haqqiga, modomiki, ekkan narsasi ko‘karib turarkan, istig‘for aytib turishadi”, deyiladi.
Sayyor uchrashuv va suhbatlar davom etadi...
Alloh taolo bu xayrli ishlarni bardavom va manfaatli qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati