O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Diniy idora Avtoxizmat bo‘limi xodimi Akmal Bakirovning rafiqalari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhumani O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhumaning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhumaning yaqinlariga, xususan, Akmal Bakirovga hamdardlik bildiramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
muslim.uz
Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Indoneziya Respublikasi Haj va Umra vaziri Muhammad Irfan Yusuf bilan uchrashdi.
Uchrashuvda turistik almashinuvni kengaytirish, ziyorat turizmini rivojlantirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va turoperatorlar hamkorligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Turistik oqimni oshirish maqsadida Toshkent–Jakarta, shuningdek, tarixiy shaharlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lovchi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.
Muloqot davomida Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan yangi aviaqatnovlarni subsidiyalash bo‘yicha mexanizmlarni qo‘llash mumkinligi qayd etildi. Shuningdek, Indoneziyadan sayyoh jalb qilgan mahalliy turoperatorlarga har bir sayyoh uchun 100 AQSH dollari miqdorida subsidiya ajratilishi ham ta’kidlandi.
Indoneziyada har yili 2 milliondan ortiq fuqaro Haj va Umra ziyoratiga yo‘l oladi. O‘zbekistondagi 1 200 dan ziyod ziyorat maskani, jumladan, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband merosi Indoneziya bozori uchun muhim turistik salohiyat hisoblanadi.
Indoneziya Haj va Umra vazirining tashrifi doirasida Samarqand va Buxorodagi ziyorat maskanlari bilan tanishuv tashkil etildi. Buxoro va Samarqandni Indoneziya bozorida ziyorat turizmi yo‘nalishlari sifatida targ‘ib qilish, maxsus turlar ishlab chiqish, Haj va Umra operatorlari bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Imom Buxoriy majmuasi hududida indoneziyalik investorlar ishtirokida “Hadith Hotel” besh yulduzli mehmonxonasining ishga tushirilishi ham ikki mamlakat turizm sohasidagi hamkorlikning amaliy natijalaridan biri bo‘ldi.
To‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar, “Umra plyus” dasturi, turoperatorlar o‘rtasidagi hamkorlik va ziyorat turizmi infratuzilmasini rivojlantirish O‘zbekistonning Indoneziya bozoridagi mavqeini mustahkamlash hamda turistik oqimni oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati