Dinimiz ehtiyojmand, bemor, nogironligi bor kishilarga g‘amxo‘rlik qilishga buyurib, buning ajru savoblari ulkan ekanligini ta’kidlaydi. Bunday xayrli amalni diniy soha xodimlari, imom-xatiblar kundalik ishiga aylantirgan desak, xato qilmagan bo‘lamiz. Zero, bugun mahallalarda o‘tkazilayotgan turli diniy-ma’rifiy tadbir bo‘ladimi yoki sayyor uchrashuvlar bo‘lsin, ehtiyojmand va nogironligi bor fuqarolar imom-xatiblar e’tiborida.
“3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan bunday ezgu ishlar respublikamizda yanada jonlandi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida foliyat yurituvchi xodimlar, imom-xatiblar, Vaqf fondi vakillari mazkur sana doirasida xayriya ishlarida yanada jonbozlik ko‘rsatishdi.
Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati Yashnabod tumandagi 52-sonli alohida yordamga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari holidan xabar oldi. Bolajonlar bilan dildan suhbat qurib, maktab ma’muriyatiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi nomidan sovg‘alar taqdim qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi xodimlari ham ushbu tadbirlarda faol bo‘lib, 36-sonli jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar uyiga tashrif buyurdilar. Murg‘ak qalb egalari bilan samimiy muloqot qilib, ularga jami 20 million so‘mlik kiyim-kechaklar, shirinliklar va turli hil sovg‘a-salomlar ulashdilar. Shuningdek, Olmazor tumani “Mevazor” jome masjidi imom-xatibi tashabbusi bilan homiylarni jalb qilgan holda Olmazor tumanidagi 36-sonli maktabga 40 million so‘mlik sovg‘a salomlar olib berildi.
Toshkent viloyati imom-xatib va imom-noiblari ham homiylarni jalb qilgan holda mahallalardagi 300 ga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning oila a’zolari, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotlar holidan xabar olib, ularga 121 mln.so‘mlik xayriyalar ulashdilar.
Xuddi shunday Andijon viloyati imom-xatiblari ham Marhamat tumanida nogironligi bo‘lgan shaxslar holidan xabar olinib, sovg‘alar ulashilgan bo‘lsa, Xo‘jaobod tumanida “Nur” tantanalar binosida shunday insonlar uchnu ehson dasturxoni tashkil etildi. Buxoro viloyati imom-xatiblari ham saxovatpesha homiylar bilan birgalikda imkoniyati cheklangan, nogiron fuqarolar holidan xabar olib ularga oziq-ovqat maxsulotlari va xo‘jalik buyumlaridan iborat mahsulotlarni hadya qildilar. Qashqadaryo viloyatida diniy soha xodimlari tomonidan 129 nafar nogironligi bor shaxslar, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib 15.8 mln.so‘mlik sovg‘a-salom ulashildi. Farg‘ona viloyati imom-xatiblar esa homiylarni jalb qilgan holda 24.750.000 so‘mlik xayriyalar tarqatdi.
Bunday xayrli tashabbuslar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm viloyatilarida ham davom etib, yuzlab ko‘ngli o‘ksik yurtdoshlarimiz qalbiga shodlik ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati