Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Biz bu ummat bilan faxrlanamiz, boshqa hech bir ummatning bunday sharafli tarixi yo‘q deb bilamiz. Ular esa tarixga shubha bilan qarashadi, din peshvolari haqida noloyiq gaplar aytishadi, aqiyda borasida ayblar to‘qishadi. Biz esa barcha ulamolar haqida faqat yaxshi gumonda bo‘lamiz.
Bu buyuk zotlarda tarbiyaviy-tasavvufiy maktablar bo‘lgan; hanafiy, molikiy, shofe’iy va hanbaliy fiqhiy mazhablari bo‘lgan; moturidiya va ash’ariya aqiydaviy mazhablari bo‘lgan. Mana shu to‘g‘ri yo‘ldir. Mana shu yo‘ldan yurib, musulmonlar yer yuziga hukmron bo‘lishdi, rahbar bo‘lishdi, ustoz bo‘lishdi. Islom o‘zining beqiyos o‘rniga ega bo‘ldi.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati