Cavol: Men qizim uchun sep yig‘ayapman. Ancha muncha narsa yig‘dim. Shundan zakot beramanmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Turmushga chiqmagan qizning sepidan zakot berilmaydi. Chunki u tijorat maqsadida olinmagan. Samura ibn Jundub roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi:
إِنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يَأْمُرُنَا أَنْ نُخْرِجَ الصَّدَقَةَ مِنْ الَّذِي نُعِدُّ لِلْبَيْعِ. رواه الامام أبو داود.
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savdo uchun tayyorlab qo‘ygan mol-mulkdan zakot berishimizga buyurardilar”, deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).
Agar sep uchun olib qo‘yilgan kiyim-kechak va buyumlarning qiymati nisob miqdoriga – 85 gr tillaning qiymatiga yetsa ham, undan zakot bermaydi. Lekin hojati asliyasidan tashqari nisob miqdorida moli bo‘lgani uchun zakot ololmaydi. Ammo qurbonlik qilishi vojib bo‘ladi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, agar sep uchun saqlanayotgan buyum tillo taqinchoqlar bo‘lsayu, og‘irligi 85 gr.ga yetsa, uni olinganidan bir yil to‘lganidan keyin taqinchoqning zakotini berish lozim bo‘ladi. Chunki tilla buyum va taqinchoqlar shariatimizga ko‘ra pul hisoblanadi va nisobga yetishi sababli zakoti farz bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Savol: Masjidimizda tut, olma kabi mevali daraxtlar bor. Ular pishgan paytda, namozga kelganlar ulardan olib yeyishadi. Shu ish joizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Masjid hovlisidagi mevali daraxtlar vaqf qiluvchi yoki daraxt ekkan shaxs tomonidan odamlarning umumiy foydalanishi uchun ekilgan bo‘lsa, odamlar bu daraxtlarning mevasini yeyishlari mumkin. Ammo agar bu daraxtlar masjid daromadi uchun ekilgan bo‘lsa, ya’ni ekkan odam “shu daraxtning mevalari mana shu masjid uchun daromad bo‘lsin” degan maqsadda ekkan bo‘lsa, yoki nima niyatda ekkani ma’lum bo‘lmasa, bu holatda ularni sotib, pulini masjid ehtiyojlariga sarflash zarur bo‘ladi. Shuning uchun, bu turdagi daraxtlarning mevalarini pulini to‘lamay yeyish joiz bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.