Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Noyabr, 2026   |   24 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:37
Quyosh
06:58
Peshin
12:12
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:33
Bismillah
04 Noyabr, 2026, 24 Jumadul avval, 1448

Bugungi kundagi 2 kasallik

05.12.2024   21344   2 min.
Bugungi kundagi 2 kasallik

Shayxul islom, Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh suhbatlarining birida “jamiyatdagi ko‘pchilik o‘zboshimcha fatvo berish yoki tibbiyot bilan shug‘ullanish kabi ikki kasallikka duchor bo‘lgan” deb ogohlantirgan edilar.

Darhaqiqat, diniy ta’limdan mutlaqo bexabar insonlarning din va tib ilmini bilmaydiganlarning tib bilan mashg‘ul bo‘lishlari jiddiy muammodir. Bunday holatlar dinimizda qattiq qaytarilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kimki tib(ilmi)ni bilmay turib tabiblik qilsa, u zomindir” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Boshqa hadisda Nabiy alayhissalom: “Zarar ko‘rish ham, zararga zarar qaytarish ham yo‘q”, deganlar (Imom Ahmad, Imom Ibn Moja, Imom Tabaroniy rivoyati).

Ushbu hadislarda bemorlarni muolaja qiluvchi kishi zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklanagani, yetarli bilim va malakaga ega bo‘lsagina muolajaga kirishishi zarurligi ta’kidlanmoqda.

Shuningdek, diniy masalalarni chuqur anglamagan, soxa mutaxassisi bo‘lmaganlarning diniy mavzular haqida so‘zlashi yanada xatarlidir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimga ilmsiz ravishda fatvo berilsa, buning gunohi unga fatvo bergan kimsaga bo‘ladi”, dedilar.

Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarga faqat amir yoki ma’mur, yoki riyokor tomonidangina gapiriladi”, deganlar.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh bu kabi xatardan qaytarib bunday degan edilar: “Diniy ta’limdan mutlaqo bexabar ba’zi bir qalamkashlar toifasi bo‘lib, ular o‘z maqolalari, chiqishlari va yozuvlarida islomiy masalalarni bayon qilishga urinadilar. O‘zlarini bilimdon ko‘rsatib, odamlarni yo‘lga solmoqchi bo‘ladilar. Aslida esa boshqa g‘arazlari bor. Kimgadir yoqish, kimningdir roziligini topish uchun o‘sha kimsalarga yoqadigan tarzda safsata sotishga urinadilar. Oyatlarning ma’nolari tarjimasini olib, uni o‘zlarining buzuq fikrlariga moslamoqchi bo‘laveradilar.

Hadisi sharif bilan bo‘ladigan muomalalari haqida ham xuddi shu fikrlarni aytish mumkin. Ularning Allohga, Islomga va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga qarshi bu xil jur’atlarini ko‘rib, hayratdan yoqa ushlaysiz. Bu toifa ham o‘ta xatarli toifadir”.

Demak, har bir soha xodimi o‘z mutaxassisligi bilan shug‘ullanishga odatlansin. O‘z navbatida insonlar ham duch kelgan odamdan emas, balki o‘z kasbining egasiga murojaat qilishlari maqsadga muvofiq.

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi O‘mon Sultonligiga amaliy tashrifini boshladi

04.11.2026   11184   4 min.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi O‘mon Sultonligiga amaliy tashrifini boshladi

Maskat, 2026 yil 3 noyabr. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya O‘mon Sultonligiga amaliy tashrifini boshladi. Tashrifda O‘zbekiston Respublikasining O‘mon Sultonligidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abdusalom Xatamov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakillari, shuningdek, Markaz Ilmiy kengashi a’zolari — O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov hamda Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Shorustam Shomansurov ishtirok etmoqda.

Tashrif doirasida delegatsiya O‘mon Sultonligi Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasi raisi, doktor Hamad bin Muhammad al-Zuvayyoniy bilan uchrashdi, xabar bermoqda iccu.uz..

Uchrashuvda O‘mon tomoni boshqarmaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, tarixiy hujjatlarni restavratsiya qilish, saqlash, tizimlashtirish va raqamlashtirishda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar hamda ilg‘or tajribalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, muassasaning ilmiy nashrlari va kitob to‘plamlari taqdim etildi. Delegatsiya a’zolariga boshqarma faoliyati va uning muhim loyihalariga bag‘ishlangan videomaterial ham namoyish qilindi.

Muzokaralar davomida ilmiy va madaniy-tarixiy hamkorlikni rivojlantirish, arxivshunoslik sohasida o‘zaro tajriba almashish, hujjatli merosni asrab-avaylash hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama etildi.

Muloqotning muhim yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va ijtimoiy aloqalarga bag‘ishlangan qo‘shma xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi bo‘ldi.

Doktor Hamad bin Muhammad al-Zuvayyoniy ikki xalqning tarixiy mushtarak jihatlari, turmush tarzi, diniy-ma’naviy merosi, me’morchilik an’analari hamda tarixiy numizmatika sohasidagi aloqalarini chuqur tadqiq etish taklifini ilgari surdi.

Hamkorlik istiqbollariga to‘xtalar ekan, doktor Hamad bin Muhammad al-Zuvayyoniy quyidagilarni ta’kidladi:

«O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqaning boy tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish hamda uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda. Biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakat taraqqiyoti, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va keng ko‘lamli ma’rifiy tashabbuslarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak qadrlaymiz. Davlat rahbarining ezgu maqsad va rejalari ro‘yobga chiqishini tilaymiz. Ishonamizki, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan O‘mon muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik yangi ilmiy tadqiqotlar olib borish, tarixiy manbalar almashish va qo‘shma ko‘rgazma loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi».

O‘z navbatida, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov xalqaro hamkorlikni kengaytirish muassasa faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatining uch yillik dasturini ishlab chiqishga kirishdik. Ushbu dasturning asosiy yo‘nalishlaridan biri xalqaro ilmiy va madaniy hamkorlikni kengaytirish, xorijiy muassasalar bilan sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda qo‘shma tashabbuslarni hayotga tatbiq etishdan iborat. Ishonchim komilki, O‘mon Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasining, ayniqsa, tarixiy hujjatlar va qo‘lyozmalar bilan ishlash borasidagi tajribasi ushbu dastur doirasida muhim ahamiyat kasb etadi va mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi», — dedi Firdavs Abduxoliqov.

Tashrif dasturi O‘mon Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasining ixtisoslashtirilgan bo‘linmalari faoliyati bilan tanishish orqali davom etdi. Delegatsiya a’zolari tarixiy hujjatlarni zararsizlantirish, restavratsiya qilish va saqlashga ixtisoslashgan bo‘limlarda bo‘lib, arxiv materiallarini muhofaza etishning zamonaviy usullari, maxsus uskunalar va texnologik jarayonlar bilan tanishdilar.

Ayniqsa, tarixiy hujjatlarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan zamburug‘lar, bakteriyalar va hasharotlarga qarshi ishlov berishga ixtisoslashgan bo‘lim faoliyati katta qiziqish uyg‘otdi. Mutaxassislar arxiv materiallarini biologik omillar ta’siridan himoya qilish bo‘yicha qo‘llanilayotgan amaliy usullar va maxsus jihozlarni namoyish etdilar.

O‘mon Sultonligi Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasining yetakchi mutaxassisi Fahd bin Muborak al-Damdamiy tajriba almashish va sohaviy kadrlarni tayyorlash muhimligini ta’kidladi:

«Ushbu sohadagi 16 yillik faoliyatim davomida arxiv merosini saqlashda zamonaviy laboratoriya texnologiyalari va mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi naqadar muhim ekaniga amin bo‘ldim. Bizda zarur uskunalar va tajribali mutaxassislar jamoasi mavjud. Shu bois o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun amaliy stajirovkalar tashkil etishga va ularni ish jarayonida qo‘llanilayotgan usullar bilan tanishtirishga tayyormiz».

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining O‘mon Sultonligiga amaliy tashrifi davom etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari