Shayxul islom, Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh suhbatlarining birida “jamiyatdagi ko‘pchilik o‘zboshimcha fatvo berish yoki tibbiyot bilan shug‘ullanish kabi ikki kasallikka duchor bo‘lgan” deb ogohlantirgan edilar.
Darhaqiqat, diniy ta’limdan mutlaqo bexabar insonlarning din va tib ilmini bilmaydiganlarning tib bilan mashg‘ul bo‘lishlari jiddiy muammodir. Bunday holatlar dinimizda qattiq qaytarilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kimki tib(ilmi)ni bilmay turib tabiblik qilsa, u zomindir” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Boshqa hadisda Nabiy alayhissalom: “Zarar ko‘rish ham, zararga zarar qaytarish ham yo‘q”, deganlar (Imom Ahmad, Imom Ibn Moja, Imom Tabaroniy rivoyati).
Ushbu hadislarda bemorlarni muolaja qiluvchi kishi zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklanagani, yetarli bilim va malakaga ega bo‘lsagina muolajaga kirishishi zarurligi ta’kidlanmoqda.
Shuningdek, diniy masalalarni chuqur anglamagan, soxa mutaxassisi bo‘lmaganlarning diniy mavzular haqida so‘zlashi yanada xatarlidir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimga ilmsiz ravishda fatvo berilsa, buning gunohi unga fatvo bergan kimsaga bo‘ladi”, dedilar.
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarga faqat amir yoki ma’mur, yoki riyokor tomonidangina gapiriladi”, deganlar.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh bu kabi xatardan qaytarib bunday degan edilar: “Diniy ta’limdan mutlaqo bexabar ba’zi bir qalamkashlar toifasi bo‘lib, ular o‘z maqolalari, chiqishlari va yozuvlarida islomiy masalalarni bayon qilishga urinadilar. O‘zlarini bilimdon ko‘rsatib, odamlarni yo‘lga solmoqchi bo‘ladilar. Aslida esa boshqa g‘arazlari bor. Kimgadir yoqish, kimningdir roziligini topish uchun o‘sha kimsalarga yoqadigan tarzda safsata sotishga urinadilar. Oyatlarning ma’nolari tarjimasini olib, uni o‘zlarining buzuq fikrlariga moslamoqchi bo‘laveradilar.
Hadisi sharif bilan bo‘ladigan muomalalari haqida ham xuddi shu fikrlarni aytish mumkin. Ularning Allohga, Islomga va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga qarshi bu xil jur’atlarini ko‘rib, hayratdan yoqa ushlaysiz. Bu toifa ham o‘ta xatarli toifadir”.
Demak, har bir soha xodimi o‘z mutaxassisligi bilan shug‘ullanishga odatlansin. O‘z navbatida insonlar ham duch kelgan odamdan emas, balki o‘z kasbining egasiga murojaat qilishlari maqsadga muvofiq.
Davron NURMUHAMMAD
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV