O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Rahmatulloh qori Umarovning rafiqalari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhumani O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhumaning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhumaning yaqinlariga, xususan, Rahmatulloh qori Umarovga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
muslim.uz
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi «Oq masjid» jome masjidining yangi binosi poydevoriga ilk g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Xayrli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, tuman imom-xatiblari, mahalla faollari va ko‘p sonli namozxonlar ishtirok etdi.
Yig‘ilganlar mazkur ezgu tashabbusning bardavom bo‘lishini, qurilish ishlarining ko‘ngildagidek, bexatar va tez fursatlarda yakunlanishini tilab, Alloh taolodan xayr-baraka so‘rab duolar qildilar.
Ta’kidlanganidek, yangi bino qad rostlashi natijasida hudud aholisi va masjid qavmi uchun yanada keng, qulay va zamonaviy sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, masjid qurilishiga xolis hissa qo‘shayotgan barcha saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamda quruvchi-mutaxassislar haqqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati